UzWebiston: Skobelev madh etilgani Gulnora Karimovaga yoqmadi

Rossiyaning RTR telekanalida namoyish qilingan Markaziy Osiyo ishg‘olchisi Mixail Skobelev haqidagi hujjatli filmdan olgan taassuroti bilan Gulnora Karimova Twitterdagi sahifasida o‘rtoqlashdi.

Uning yozishicha, Skobelev haqidagi film yoqmagan.

"RTRda hujjatli filmga o‘xshash narsani ko‘rdim", deb yozadi Gulnora Karimova rus tilida Twitterda.

"U Rossiya milliy g‘oyasining qahramoni ham, hammani hamma narsadan ozod etuvchi jangchi ham, turkiy va sharqiy yerlarda sargardon bo‘lgan kishi ham, Petropavlovsk qal‘asi komendantining o‘g‘li ham. O‘sha yerdagi tartiblarni meros qilib olgan. U O‘rta Osiyodagi bir necha xonliklarning olov va temir bilan kulini ko‘kka sovurgan, u "qurolsiz, aniqrog‘i, zambaraklarga qarshi qilichlar bilan qurollanganlar"ning yuragiga o‘nlab yillar qo‘rquv solgan. Ma‘lum bo‘lishicha, va buni biz filmdan bilib olamiz: Skobelev butun dunyodagi qullikka slavyanlar tomonidan chek qo‘yish maqsadida O‘rta Osiyoga yurish qilgan, bu qullarning narxi Xeva bozorida 1000(rubl) bo‘lgan va ular "tinimsiz reydlar" oqibatida bu yerga to‘plab keltirilgan, u bolalarni ham qullikdan ozod qilgan, u o‘zining armiyasidan 17 baravar ko‘p bo‘lgan dahshatli qo‘qonliklar ustidan atigi olti kishini yo‘qotib g‘alaba qozongan(u ularni otayotgan payt qanday qurol bilan bilan qurollangan bo‘lsa ekan?) U Xevada bosh suyaklaridan hosil bo‘lgan tog‘ suratini chizgan Vereshchaginni ruhlantirgan; bu muallif tub joy aholisini genetik yomon ko‘rgan va o‘q otishda mahoratli bo‘lgani uchun orden olgan(e‘tibor bering, ijodi uchun emas). Skobelev gubernator Kaufman bilan birga paxta navlarini sotib olgan va O‘rta Osiyoni paxta yetishtirishga o‘rgatgan(biz bo‘lsak asrlar davomida paxtadan kiyim kiyganmiz, deb o‘ylab yurar edik). (Bu filmdagi) "semiz shamalardan" bir narsa aniq, biz hech narsaga yaramaymiz, biz qo‘limiz bilan ovqat yeymiz, narkotik chekamiz va bizni baxtli qilgan "xayrli ish"lari uchun Skobelevlarga haykal qo‘ymaymiz. Bu narsalar aniq ko‘rinadi. Bularning hammasi nimani anglatadi?", deya savol qo‘ygan Gulnora Karimova 17 sentyabr kuni.

"Vadim Treshyov" ismli Twitter foydalanuvchisi shunday yozgan: "Bu Rossiyaning Markaziy Osiyodagi XIX asrdagi hozirligiga nisbatan qiziqarli va noodatiy nuqtai-nazar".

Gulnora Karimova shunday yozadi: Umuman, biz filmdan anglaganimiz, Skobelev Aleksandr Makedonskiyning, to‘g‘rirog‘i Axillesning nikohsiz tug‘ilgan o‘g‘li bo‘lgan - bu narsa aniq emas. Lekin bu HUJJATLI filmni tomosha qilib ko‘ring... U yerda (Farg‘ona) vodiyda odamlar nisholdani qo‘llari bilan yeydilar, to‘garak bo‘lib olib hashish chekadilar. Filmda aks etgan narsalar shu!"

"Azizkhan-Akhmedov" ismli mushtariy shunday munosabat bildirgan: "Bu bir paytlar yo‘qotilgan Rossiya yerlarini bir joyga to‘plash" g‘oyasi va naftalin hidi anqib turgan (tub aholini) "madaniylashtirish missiyasi" haqida eslatishdir.

"Qanaqa madaniylashtirish va ilg‘orlik haqida gapirayapmiz? Ularda bu(tsivilizatsiya) hech qachon bo‘lmagan va bulmaydi ham", deya sharh qoldirgan "De Kam" ismli web-foydalanuvchi.

"(Bizni) O‘qitish. Bizning tariximiz qadimiyroq va ko‘plab yutuqlarga to‘la", deya qo‘shimcha qilgan "De Kam".

"Afsuski ular qanday qilib samogonga bo‘kkanlari va yerto‘la uylarda yashagani haqida hujjatli filmlar saqlanib qolmagan. Ular bizga nimani ko‘rsatmoqchi bo‘lishayapti?", deb savol bergan "De Kam".

"Saifutdinov Zarif" ismli Twitter mushtariysi yozadi: "O‘sha "dahshatli" Qo‘qon xalqi mustaqillik nima ekanligini tushungan va bilgan ma‘rifatli xalq bo‘lgan!"

"Bu bilan ular o‘zlarining shuhrat va yutuqlari qanchalar "BUYUK" ekanini, ularga solishtirganda biz qanchalar kichkina odamlar ekanimizni ko‘rsatib qo‘ymoqchilar. Bu adolatsizlik, bir taraflama va noxolis!", deb yozgan "Dilfuza Kurolova".

Wikipediaga ko‘ra, Mixail Skobelev XIX asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyo hududlarini bosib olgan Rossiya generali bo‘lgan.

O‘limidan keyin hozirgi Farg‘ona shahriga Skobelev nomi berilgan.

Rus bolsheviklari hokimiyatni qo‘la kiritganlaridan keyin Chor Rossiyasi generali nomini olib tashlab, shaharga Farg‘ona nomini berganlar.

XX asr boshida Rossiyada general Skobelevning hayoti va faoliyatiga yuqori baho berilgan ko‘plab ilmiy-tarixiy asarlar, maqolalar e‘lon qilingan.