Xalqaro Mehnat Tashkiloti nazoratchilari O‘zbekistonda

Xalqaro Mehnat Tashkilotining BBCga tasdiqlashicha, Xalqaro Mehnat Tashkiloti nazoratchilari paxta terish mavsumida bolalar mehnatidan foydalanishni monitor qilish uchun O‘zbekistonda o‘z faoliyatlarini boshlaganlar.

Tashkilotga ko‘ra, ushbu monitoring qator mamlakatlarda bolalar mehnatidan foydalanish amallarini qayd qilish tamoyillari asosida, lekin O‘zbekistonga xos sharoitlarni nazarga tutib, moslashtirilgan holda olib boriladi.

Aytilishicha, O‘zbekistonning turli mintaqalaridagi paxta dalalarini sakkiz guruh nazorat qiladi.

Har bir guruhga Xalqaro Mehnat Tashkilotining Bolalar mehnatidan foydalanishni to‘xtatish dasturi kordinatori rahabarlik qiladi.

Guruh xulosalari Mehnat Tashkilotining ekspertlar qo‘mitasiga yubriladi.

Monitoring O‘zbekiston rasmiylari bilan hamkorlikda olib borishi aytilgan.

Nazoratni olib borish yo‘llari o‘zbek tomoni bilan muzokaralar mobaynida kelishib olingan.

Nazorat yo‘llari Xalqaro Mehnat Tashkilotining turli mamlakatlarda bolalar mehnatini qayd qilish tajribasi asosida ishlab chiqilgan va O‘zbekistonga xos sharoitlarga moslashtirilgan.

Monitoringda mahalliy nazoratchilar ham ishtirok etadilar. Monitoring natijalari ishonchli va aniq bo‘lishi uchun ular Xalqaro Mehnat Tashkilotining mahsus tayyorgarligidan o‘tkazilgan.

Monitoring xulosalari qachon va qay yo‘sinda e‘lon qilinishi hozircha noma‘lum.

O‘zbekiston 1999 yili qabul qilingan Bolalar Mehnatiga qarshi Xalqaro Konventsiyani ratifikatsiya qilgan mamlakatdir.

O‘zbekiston paxta terimiga yosh bolalarni yillar mobaynida jalb qilib kelgan mamlakat sifatida xalqaro tanqidlarga yuz tutib kelmoqda edi.

O‘zbekiston rasmiylari bolalar paxta terimiga safarbar qilinishini hamisha rad etib kelganlar.

Lekin bu yil ham O‘zbekiston BMT qarorgohida bolalar mehnatiga qarshi choralar ko‘rayotgani haqidagi axborotni tarqatgan bir paytda huquq faollari Qorqaqalpog‘iston dalalaridagi g‘o‘za chopig‘iga maktab o‘quvchilari olib chiqilgani haqida xabar bergandilar.

Inson huquqlari himoyachilari Alyansi Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida voyaga yetmaganlar chopiqqa jalb qilinganini hujjatlashtirgan.

O‘zbekiston rasmiylarining raddiyalariga qaramay o‘tgan yillardagi paxta terish mavsumi mobaynida huquq faollari dalalarda paxta terayotgan yosh bolalarni videotasvirga tushrishga muvaffaq bo‘lgandilar.

Bu yilgi paxta terimi mavsumi sentyabr boshlarida boshlangan hozirda kollej va oliygohlar talbalari paxta terimiga olib ketilgani haqida xabar berilgan.

Paxta O‘zbekiston g‘aznasiga valyuta tushiradigan asosiy xomashyo hisoblanadi, biroq bu xomashyoni imkon qadar arzon tannarxda qo‘lga kiritishni istagan hukumat SSSR zamonidagi ommaviy safarbarlikni saqlab qolayapti.