Samarqand mahsulotlari Ukraina orqali Ovro‘po bozorlariga chiqadimi?

Image copyright none

Samarqand viloyati Ukrainaning Lvov viloyati bilan biznes sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi haqida kelishuvlarga erishilgan.

Kelajakda Samarqandda yetishtirilgan ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qayta ishlanib, tayyor fabrikat mahsuloti holiga keltirilishi mumkin.

Bunday kelishuvlarga Lvovda nodatiy tarzda o‘tgan O‘zbekiston kunlarida erishilgan. Unda Samarqanddan bir guruh hay‘at qatnashgan.

O‘zbekistonning Ukranadagi elchixonasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Samarqand viloyatidan kelgan hay‘at tarkibida viloyat miqyosida amaldorlar bo‘lmasa ham Lvov viloyat hokimi Viktor Shemchukning o‘zi qabul qilgan.

Viktor Shemchuk ikki viloyat o‘rtasida shartnoma allaqachon imzolanganini, endi munosabatlar faol rivojlanishi darkorligini ta‘kidlagan.

So‘ngra ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida biznes forum bo‘lib o‘tgan. Samarqanddan kelgan hay‘atning tarkibida 10 dan ortiq tadbirkorlar ham borligi aytilmoqda.

Bundan tashqari shu kunlari Lvovda O‘zbekiston madaniyati kunlari ham katta tantanalar bilan o‘tkazilgan.

Milliy taomlarni ko‘rsatish maqsadi-da, Toshkentdan uchoq bilan maxsus o‘choq va qozon keltirilgan.

O‘zbekistonlik san‘atkorlar Lvovdagi eng yirik teatrda opera kuylagan. Taklif qilingan taniqli xonanda Sevara Nazarxon davrani yanada qizitgan.

Nufuzli tadbirda viloyat miqyosida amaldorlar qatnashmagan.

Ushbu jihatni o‘rganish maqsadi-da, viloyat hokimining matubot xizmati bilan bog‘lanish harakatlarimiz besamar ketdi.

Viloyat hokimining yordamchisi deya, o‘zini tanishtirgan mas‘ul biroz asabiy ruhda bu borada hech qanday axborotga ega emasligini bildirdi.

Boshqa manbaalarning ta‘kidlashicha, hozir boshqa viloyatlar kabi Samarqandda ham paxta kampaniyasi avjida va shuning uchun ushbu tadbirga paxta ekilmaydigan Qo‘shrabot tumani hokimi yuborilgan bo‘lishi mumkin.

Hay‘at tarkibida 70 dan ortiq vakil bo‘lgani aytilmoqda.

Unchalik nufuzli bo‘lmagan mana shu hay‘at ham ma‘lum kelishuvlarga erishgani aytilmoqda.

Agar uchrashuvlarga viloyat hokimi boshchiligida delegatsiya tashrif buyurganda, bundan ham kattaroq natijalarga erishi mumkinligi ta‘kidlanmoqda.

Kiyevdagi O‘zbekiston elchixonasidan olingan xabarga ko‘ra, Samarqanddan kelgan tadbirkorlar tajriba almashgan va o‘zaro hamkorlik borasida kamida ikkita loyiha imzolangan.

Shulardan biri Samarqanddagi uzum va anor shinnisini Ukrainaga eksport qilish va bu yerda sharbat ishlab chiqarishda ishlatish.

Ukrainlar keyinchalik O‘zbekistonda bu kabi korxona ochishni reja qilgan.

Bundan tashqari qo‘shrobotlik tadbirkor Ukraina bilan hamkorlikda quruq mevalarni qayta ishlab shokolad holida chiqaruvchi korxona ochishga kelishgan.

Ushbu korxona Samarqand viloyatida ochiladi va o‘rikni quritib, ustiga shokolad quymasini quyib shirinlik ishlab chiqaradi.

O‘zbekistonning issiq iqlimida pishib quritilgan mevalarga Ukrainada qiziqish kattaligi aytiladi.

Kuzatuvchilar o‘zbekistonlik tadbirkorlar oldida maxsulotlarni qayta ishlab Ukrainada tanitish orqali Ovro‘paga chiqish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkinligi haqida aytishadi.

O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Abdualiyev mahalliy jurnalistlarga ikki davlat o‘rtasida savdo aylanmasi 1 milliard dollarga yetganini va ushbu ko‘rsatgich yanada o‘sishi haqida bildirgan.

2004 yili Samarqand bilan Lvov o‘rtasida hamkorlik borasida kelishuv imzolangan. Ammo shu vaqtgacha hamkorlik aytarli darajada sezilarli bo‘lmagan.

Bu kabi jonlanishni viloyat hokimiyatidan kutish o‘rinsiz. Chunki bu kabi tadbirga viloyat hokimiyatidan yuqori lavozimli mutasaddilar yoki hokimning o‘zi kelmagan.

Bunday tashabbuslarning ortida nomi oshkor bo‘lishini istamaydigan tashqi ishlar vazirligining ayrim jonkuyar xodimlari turgan bo‘lishi mumkin degan taxminlar oldinga suriladi.