Qozog‘iston: Mehnat muhojirlari uchun ba‘zi yengilliklar bekor qilindi

Image copyright bbc

Qozog‘iston parlamenti mamlakatdagi mehnat muhojirlarining faoliyatini legallashtirish uchun qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qilgan.

Deputatlar ushbu qonuning asosiy maqsadi noqonuniy ravishda ishlayotgan 100 minglab mehnat muhojirlarining mehnatini legallashtirish va ishga ruxsat berish jarayonini yengillatish ekanligini aytmoqda.

Parlament ushbu qonun loyihasini yozgi ta‘tilga chiqib ketishdan oldin ham qabul qilgan va uni senat tasdig‘iga yuborgan edi.

BBC Qonun loyihasini ishlashda bevosita qatnashgan Qozog‘istonda mehnat muhojirlarining moslashishiga ko‘mak ko‘rsatuvchi ijtimoiy jamg‘arma raisi o‘rinbosari Akbar Husainov bilan bog‘lanib parlament nima sababdan qonun loyihasini ikkinchi marta ko‘rib chiqqani haqida so‘radi.

Uning aytishicha, yozda tasdiqlangan qonun loyihasiga nisbatan senat tomonidan va Qozog‘istondagi yirik amaldorlar tomonidan qarshiliklar bo‘lgan.

Akbar Husainov: Ular ushbu qonun qabul qilinganidan keyin mehnat muhojirlarining soni yanada ko‘payib ketadi va o‘zining qonuniy haqlarini talab qila boshlaydi, deya shubha bildira boshlashdi.

BBC: Bu kabi qarshiliklar manzarasida parlament ushbu qonunni ikkinchi marta tasdiqladi. Qanday o‘zgartirishlar kiritildi?

Akbar Husainov: Yozda qabul qilingan qonun loyihasiga kiritilgan bir ikki yengillik holatlari yo‘q qilindi. Masalan, oldingi loyiha bo‘yicha, Qozog‘iston fuqarolari o‘z ehtiyojlari uchun soliqni to‘lagan holda 3 oygacha mehnat muhojirini ishlatishi mumkin edi. Endi ushbu muddat 30 kungacha qisqartirildi. Bundan tashqari eski qonun loyihasida ishga ruxsatnoma olish uchun migratsiya politsiyasi nomiga yozilgan bitta ariza kifoya qilardi. Endi esa migratsiya politsiyasidan tashqari Mehnat va ijtimoiy muhofaza vazirligi nomiga ham ariza yozish kerak.

BBC: Bu eski tos eski hammomga qaytish emasmi. Mehnat muhojiri vazirlikka hujjat to‘g‘rilashga yugirib yurguncha, hozirgidek porasini berib noqonuniy ravishda ishlashga majbur bo‘lmaydimi?

Akbar Husainov: Afsuski, shunaqa bo‘ladiganga o‘xshaydi. Odamlarni Qozog‘iston kelishini to‘xtatib bo‘lmaydi. Chunki ehtiyoj bor. Qonun qabul qilinsa ham mehnat muhojirlari eski noqonuniy tizimga qaytib ishlashiga to‘g‘ri keladi. Afsuski, hozircha boshqa iloji bo‘lmaydi.

BBC: Siz qonunni ishlab chiqarishda faol bo‘lgan shaxs sifatida ushbu masalani yana ko‘tarib chiqish rejangiz bormi?

Akbar Husainov: Biz bu yangilikni juda achinarli holda qabul qildik. Biz ahvol o‘zgarishi uchun qancha harakat qildik. Bugungi kunga moslashgan demokratik qonunlar ishlab chiqilishiga juda ishongan edik. Biz o‘z guruhimiz bilan bu borada harakatimizni davom etiramiz. Yana afsuslanarli tomoni shundaki, Qozog‘istondagi juda ham badavlat va ta‘sir kuchga ega bo‘lgan etnik o‘zbeklarni ushbu muammolarga qiziqtirish juda ham qiyin bo‘layapti. Mehnat muhojirlari masalasiga pastdan yuqorigacha bo‘lgan odamlar qatnashsa, birgalashib qandaydir o‘zgartirishlar kiritsa bo‘ladi.

BBC: Mehnat muhojirlari pul yuborish orqali O‘zbekiston byudjetiga yaxshigina hissa qo‘shmoqda. Ularning mehnatini legallashtirishda balki O‘zbeiston hukumatining ham aralashuvi darkordir?

Akbar Husainov: mening fikrimcha, albatta qatnashishi shart. Ayni vaqtda O‘zbekiston xalqi juda ko‘p va yosh. Bugungi kunda rivojlangan davlatlar va hattoki Rossiyada ham ishchi muhojirning kerakligi ayon bo‘lib bormoqda. Mehnat muhojirlari juda ham ahamiyatli bo‘lgan eksport kuchidir. O‘zbekiston hukumati mana shu sohani qo‘llab quvvatlab tashabbusni o‘z qo‘liga olishi kerak. Chunki mehnat muhojirligi byudjetni ko‘tarish va xalqqa yordam berishning yo‘llaridan biridir. Boz ustiga atrofimizdagi davlatlarda ishchi kuchiga ehtiyoj bor. O‘zbekistondagi kabi demografik qulay vaziyat boshqa joyda yo‘q. Shungdan o‘z foydamizga foydalanib qolishimiz kerak.