Tojikiston: muxolif siyosatchiga yangi ayblovlar ilgari surilgan

Image copyright BBC World Service
Image caption Mahkamada Zayd Saidov o‘ziga nisbatan ilgari surilgan barcha ayblovlarni rad etgan

Shu yil boshida Tojikistonda "Yangi Tojikiston" deb nomlangan yangi partiya tuzish tashabbusi bilan chiqqan va ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sentyabr oyida mahkamasi boshlangan Zayd Saidovni Tojikiston Jinoyat Kodeksining yana uchta yangi moddasi bo‘yicha ayblamoqdalar.

Dastlab biznesmen Zayd Saidovni ko‘pxotinlilik va soliqlardan bo‘yin tovlashda ayblashgan edi.

54 yoshli janob Saidovning xotini va 10 farzandi borligi aytiladi.

Tojikiston qonunchiligi bo‘yicha ikki va undan ortiq marotaba uylangan erkak Jinoyat Kodeksining 170-bandiga binoan jazolanadi.

Qonunga ko‘ra, ular jarimaga tortilishi yoki ozodlikdan mahrum etilishi ham mumkin.

12 sentyabr kuni Dushanbe shahrida Zayd Saidov ustidan mahkama boshlandi.

Unga Tojikiston Jinoyat Kodeksining sakkiz bandi bo‘yicha ayblov qo‘yilgani ma‘lum bo‘ldi.

Bular yirik miqdorda pora olish, mansab vakolatini suiste‘mol qilish, firibgarlik, tovlamachilik va ko‘p xotinlilik va boshqalar.

Mahkamada Zayd Saidov o‘ziga nisbatan ilgari surilgan barcha ayblovlarni rad etgan.

Mahkamada e‘lon qilinishicha, Zayd Saidov jinsiy zo‘ravonlik va noqonuniy ozodlikdan mahrum etish kabi yangi bandlar bo‘yicha ham ayblanmoqda.

Tergov hujjatlariga ko‘ra, Zayd Saidov hali voyaga yetmagan, ya‘ni 12 yoshli qizni jinsiy zo‘rlagan.

BBC muxbirlari xabar qilishicha, bu boradagi boshqa tafsilot e‘lon qilinayotgani yo‘q.

Faqat 12 yoshli qizning Rossiya fuqarosi ekani va "jinoyat sodir etilgan paytda" Tojikistonga qarindoshlarini ko‘rish uchun kelgani aytilgan.

Zayd Saidovning advokati BBC bilan suhbatda yangi ayblovlarni mantiqsizlik deb atagan.

Advokatga ko‘ra, tergov idoralarining qo‘lida Zayd Saidovga qarshi ilgari surayotgan bandlarining birortasi bo‘yicha ham isbotlari yo‘q.

Ko‘pchilik tahlilchilar Tojikistonda taniqli bo‘lgan va muvaffaqiyatli biznesmen hisoblangan Zayd Saidovning muammolari uning siyosiy partiya tashkil qilish haqidagi bayonotidan keyin boshlanganiga e‘tibor qaratadilar.

Uning "Yangi Tojikiston" partiyasini barpo etayotgani borasida e‘lon qilinishi ortidan Saidov janoblari va boshqa tashkilotchilarga nisbatan bosimlar kuchaygan.

Zayd Saidov va boshqa muxolifat vakillariga bosimlarni muxolifat vakillari va tahlilchilar noyabr oyiga mo‘ljallangan prezidentlik saylovi oldidan qilinayotgan siyosiy bosimlar sifatida izohlashgan.

Zayd Saidov jurnalistlar bilan suhbati chog‘i prezidentlikka nomzodini qo‘yish niyati yo‘qligi va yangi partiyasi 2015 yilgi parlament saylovlarida ishtirok etishni rejalayotganini bir necha bor ta‘kidlagan.

"Lekin, agar Zayd Saidov prezidentlikka nomzodini qo‘ysa, joriy rahbar Imomali Rahmonga asosiy raqiblaridan biri bo‘lishi mumkin", deb aytgan BBC muxbiri.