Xitoyda jarrohlar yangi burun o‘stirishdi

Image copyright Reuters

Xitoyda jarrohlar bemorlardan birining peshonasida yangi burun o‘stirishgan.

22 yoshli Shyaolyan ismli yigit o‘tgan yilning avgustida yuz bergan avtomobil halokatida burnidan qattiq jarohat olgan.

Oqibatda burun yo‘llariga tushgan infektsiya tog‘ayni yemirib yuborgan.

Jarrohlar uni tuzatish imkonini topishmagan.

Shundan so‘ng, Fujian viloyatidagi kasalxona shifokorlari yangisini o‘stirishga qaror qilishgan.

Bunga Shyaolyanning peshonasiga qovurg‘asidan olingan tog‘ayni burun shaklida kesib o‘rnatish va teri to‘qimasini kengaytirish bilan erishilgan.

Jarrohlar yangi burun to‘la shaklni olganidan so‘ng, uni eskisining o‘rniga joylashtirishni rejalashmoqda.