Lola Karimova-Tillayeva javoblarining ahamiyati nimada?

Image caption BBC bilan yozishmasida Lola Karimova-Tillayeva o‘zini o‘zbek hukumati siyosatidan yiroqlashtirgan

BBC O‘zbek xizmati elektron pochta orqali O‘zbekiston Prezidentining kenja qizi Lola Karimova-Tillayevaga 18ta savol yuborgan va ayni shu tarzda bu savollarga javob olgan. Elektron yozishmaning to‘la versiyasi BBC O‘zbek xizmati saytida chop qilindi.

Karimova-Tillayeva xonim qo‘shimcha savollarga javob berishdan bosh tortgan, shu tufayli, hamda bevosita muloqot yuz bermaganligi uchun, jurnalistlarimiz uning sharhlarini qo‘shimcha savollar ila tergash imkonidan mahrum bo‘lishgan.

BBC uchun materialni bu yo‘lda chop etish odatdan tashqari holdir. Biroq muharrirlar orasida sodir bo‘lgan batafsil muhokamalar natijasida biz Lola Karimova-Tillayeva xonimlarining sharhlarini to‘la tarzda bosishga qaror qildik. Bunga materialning nodirligi, undagi mazmunning ommaviy qiziqtirish salohiyati, hamda O‘zbekiston va mintaqadagi o‘quvchilarimiz uchun ahamiyati asos bo‘ldi.

BBC O‘zbek xizmati mazkur yozishmaning ahamiyati va unda bitilgan ba‘zi jihatlarni muhokama qilish uchun G‘arbiy va Markaziy Osiyo bo‘limining muharriri Yoxannes Dellni suhbatga tortdi.

Avvalo, bu o‘zaro yozishma nimasi bilan muhim?

Dell: U juda g‘ayrioddiy. Markaziy Osiyodagi hukmdorlarning oilalari odatda oilaviy hayotlarini sir tutishadi va o‘z yaqinlari haqida qanday fikrda ekanlarini oshkor qilishmaydi. Shunday ekan, ulardan birining qizi ochiqchasiga o‘z opasi bilan gaplashmasligini e‘tirof etishi ajablanarli hol. Bu iqrornomaning Markaziy Osiyodagi eng qudratli oilalarning naq yuragidan yangrayotgani uni yanada qiziqarliroq qiladi. Gap bu yerda faqat oila ichidagi aloqalar haqida ketmayapti. Bu yozishmada Prezident Islom Karimovning kenja qizi otasi boshqarayotgan hukumatning siyosati haqida ham ancha tanqidiy fikrda ekaniga ishoralar bor.

Lola Karimova-Tillayevaning so‘zlaridan u otasining siyosatini qo‘llab-quvvatlamaydi deya xulosa qilish mumkinmi?

Dell: U juda ehtiyotkorlik bilan savollarga javob bergan. Masalan, paxta mavsumidagi bolalar mehnati haqida so‘ralganida, u faktlarga ega emasligiga ishora qiladi, lekin agar bu haqiqat bo‘lsa, uni qoralashini aytadi. Va uning bu tanqidi, o‘z ta‘birida, onalik mavqeidan yangraydi. Boshqacha qilib aytganda, u siyosatchi emas, oddiy shaxs sifatida fikr bildiradi. Lekin, otasining siyosiy tanqidchilari va mustaqil musulmonlarga qarshi repressiyalar haqida so‘ralganda, u juda dadil javob bergani ko‘rinadi. U Islomiy ekstremizm - bu ishsizlik va imkoniyatlar yo‘qligining oqibatidir deyishi, yoki qandaydir ommaviy norozilik mavjudligini tan olishi juda g‘ayrioddiy. Bu kabi fikr "hukumat siyosatini xalq qo‘llab-quvvatlaydi va mamlakatda qiyinchiliklar yo‘q" qabilidagi O‘zbekistonda mavjud rasmiy versiyadan butkul farq qiladi. Yaqindagina Prezident Karimov televideniye orqali namoyish qilingan chiqishida Rossiyaga ish izlab ketgan yuz minglab o‘zbekistonliklarni "dangasalar" deb atadi, va O‘zbekistonda hech kim ochidan o‘layotganini yo‘qligini aytdi. Shunday ekan, uning va kenja qizining so‘zlarida muhim farq bor.

O‘zbekiston prezidentidan bu yozishmaga biron munosabat kutish kerakmikan?

Dell: Buni aytish qiyin. Prezidentning kenja qizi ochiqcha chiqish qilayotgan bo‘lishi mumkin, lekin bu uning otasi ham shunday yo‘l tutadi degani emas. Markaziy Osiyo madaniyatida oila juda ham muhim narsaligi hisobga olinsa, bu yozishma Prezident Karimovni noqulay ahvolga solib qo‘yishini tasavvur qilsa bo‘ladi. Lekin, u olovga yog‘ purkashni istamasa kerak. U ikki qizining orasidagi ziddiyatdan bexabar deb o‘ylamayman. Chunki Karimova-Tillayeva xonim oilaviy marosimlarda ham opasi bilan uchrashmasligi, va Toshkentga yiliga atigi 2-3 marta borishini yozayapti.

Uning opasi, Gulnora Karimova talaygina ommaviy chiqishlar qiladi. Ijtimoiy muloqot saytlarida ham u juda faol. U o‘z singlisi tomonidan prezidentlikka ojiz kandidat sifatida tasvirlanishini qanday qabul qilarkin?

Dell: Gulnora Karimova, haqiqatdan ham, juda ko‘p chiqishlar qiladi. U Twitterda har qanday narsalar haqida o‘ta faollik bilan sharhlar qoldiradi, va ba‘zi sharhlari juda shaxsiy. Boshqa sharhlari esa parda ortida, imo-ishoralar bilan qilinadi. Shunday ekan, u o‘z singlining so‘zlariga munosabat bildirish ehtimoli katta. U o‘z singliga bevosita dahanaki hujum qiladimi, yo‘qmi - buni kuzatish qiziq bo‘ladi. O‘z prezidentlik iddaolari haqidagi javobga kelsak, Gulnora Karimova bitta intervyuda bunga kelajakda qo‘l urishini istisno qilmasligi haqida gapirgan, boshqa matbuot anjumanlarida ham o‘z prezidentlik ambitsiyalarini rad etmagan. Ehtimol, u singlining so‘zlarini pisand qilmas, yoki balki matbuotni uni yomonotliq qilishga urinishda ayblar.

O‘zbek prezidentining oilasidagi bu kabi nizo nimadan darak beradi? Siyosiy kurashdanmi, yoki iqtisodiy raqobatdan?

Dell: Oilaviy va urug‘-aymoqchilik siyosati Markaziy Osiyo davlatlarida muhim hisoblanadi. Karimova-Tillayeva xonimning ba‘zi javoblarida opa-singilning raqobatiga ishora qilinadi. Ikkalovi ham o‘z xayriya tashkilotlariga boshchilik qilishadi. Javoblaridan birida Karimova-Tillayeva xonim "ba‘zi kuchlar" uning jamg‘armasi faoliyatiga to‘siq qilganini aytadi. U buning tafsilotlariga to‘xtalmaydi, lekin aynan mana shunday sharh ular orasida nazorat va mavqe‘ uchun bo‘layotgan kurashdan darak beradi. Ko‘p kuzatuvchilar uning opasi o‘ta qudratli siyosiy va iqtisodiy uyinchi ekanini tan olishadi. Lekin, bu mavzuda Karimova-Tillayeva xonim ko‘p narsani oshkor qilmagan va o‘zbek elitasi ichida kim nimani nazorat qilishiga aniqlik kiritmagan.

Uning o‘z shaxsiy boyligi haqidagi bayonotlariga qanday qaraysiz? U oddiy odamlardek bank ipotekasiga uy sotib olganini aytadi.

Dell: Karimova-Tilllayeva xonim bu mavzuning naqadar nozik ekanini juda yaxshi biladi. O‘zbekistonda juda ko‘p odamlar oddiy kun ko‘rish uchun qattiq mehnat qilishlari kerak, shunday ekan, uning boyligi bu manzaraga mos tushmasligi mumkin. Shuning uchun, u oddiy odamdek namoyon bo‘lishga urinyapti. U o‘z oilasi Toshkentda bittagina kvartiraga ega ekani va Jenevada "oilaviy uy"ida yashashini aytadi. U, shuningdek, turmush o‘rtog‘i bilan ipoteka to‘lashayotgani, hamda Jenevadagi uy narxining atigi 18 foizini oldindan to‘lashganini bildiradi. Ammo, agar bu uy 46 million dollarga sotib olingani haqidagi xabarlar haqiqat bo‘lsa, demak bu oila bir necha million dollarni oldindan to‘lagan. Bu oddiy odamlar to‘lashga qurbi yetmaydigan miqdor. Lekin, u shaffof bo‘lib o‘rtaga chiqish harakatida, va o‘z boyligi qandaydir oilaviy rishtalari va tanish-bilishchilik mevasi emasligini ko‘rsatishga urinayotgandek. U, albatta, o‘z xayriya ishlari haqida batafsil javob bergan va muslima sifatida boyligi ila bo‘lishishni o‘z burchi deb aytgan. Bu bayonotlar uni badavlat, ammo vijdonli va mas‘uliyatli shaxs etib ko‘rsatishni ko‘zlasa kerak.

U nima uchun hozirda bunday ochiq bayonotlar bilan chiqayapti deb o‘ylaysiz?

Dell: Buni aytish qiyin, lekin uning yozayotgan gaplari va shaxsiy sharoitlariga qarab, ba‘zi ishoralarni ilg‘ash mumkin. Masalan, u Jenevadagi uyini oilaviy uy ekanini aytadi. U O‘zbekistonga kamdan-kam borishini aytadi, va aftidan borishiga hojat ham ko‘p emas. Biroq, uning nomi va mavqei hali ham O‘zbekiston bilan chambarchas bog‘liq. Bu mamlakat esa inson huquqlari tashkilotlari tomonidan jahondagi eng abgor diktaturalardan biri deya tasvirlanadi. Shunday ekan, u Ovro‘poda yangi hayotini izga solar ekan, o‘zini bulardan yiroqlashtirishga urinayotgan bo‘lishi mumkindir. Aftidan, shunday. U Frantsiyaning Rue 89 sayti uni "diktatorning qizi" deb ataganidan keyin bu nashrni mahkamaga tortishi sababi sifatida - faqat o‘zining qilgan ishlariga qarab baholanishi istagini ko‘rsatadi. Balki u ayni damda O‘zbekistonning kelajagi mavhum bo‘lib borayotganiga ishonadi. Uning otasidan prezidentlikni kim me‘ros qilib olishi noaniq, va bu me‘rosxo‘r uning o‘z opasi bo‘lishining ehtimoli Karimova-Tillayeva xonimga yoqmasligi aniq. Ayni damda uning opasi Ovro‘poda poraxo‘rlik va pul yuvish ayblari bilan tergov qilinayotgan bir qator O‘zbekiston fuqarosiga aloqador deb ko‘rilmoqda. Shunday ekan, bulardan o‘zingni yiroqlashtirish ancha yaxshi fikrdek ko‘rinadi.

Your contact details
Disclaimer