Tojik muxolifati rahbari hibsdan ozod qilindi

Image caption Umarali Quvvatov o‘tgan yilning dekabrida qo‘lga olingandi

Birlashgan Arab Amirliklari Tojikiston muxolifatidagi "Gruppa - 24" guruhi rahbari Umarali Quvvatovni qo‘yib yuborishga qaror qilgan.

Umarali Quvvatovning qo‘yib yuborilgani haqida uning himoyachisi va tojik muxolifati vakillari xabar qilishgan.

"U menga 3 kun oldin qo‘ng‘iroq qildi. Shu kunlar qo‘yib yuborilishi mumkinligi va ketadigan mamlakatini tanlashi kerakligi haqida aytishganini bildirdi. Bugun esa, u nihoyat ozodlikda ekanini ma‘lum qildi", deydi tojik muxolifati rahbarlaridan biri Dodojon Atovulloyev.

Dodojon Atovulloyevning BBCga aytishicha, Birlashgan Arab Amirligining Umarali Quvvatovni qo‘yib yuborish haqidagi qarori "G‘arb davlatlari, jumladan, Ovro‘po mamlakatlari bosimi ostida olingan" bo‘lishi mumkin.

Umarali Quvvatov Interpol tarafidan o‘tgan yil dekabr oyida Dubayda Moskvadan Bryusselga ketayotgan payti Tojikistonning so‘rovi bilan hibsga olingandi.

"Amnesti interneyshnl" tashkiloti muxolifat lideri ekstraditsiya qilinsa, qiynoqqa yuz tutishi mumkinligidan ogohlantirib ham chiqqandi.

Ayblovlar

Tojik hukumati biznesmen va Prezident Rahmon tuzumining ashaddiy tanqidchisi Umarali Quvvatovni firibgarlikda ayblaydi.

U Tojikistonda payti o‘zi rahbarlik qilgan shirkatga tegishli 6 million dollar mablag‘ni o‘zlashtirgani da‘vo qilinadi.

Yaqinlariga ko‘ra, 43 yoshli Umarali Quvvatov Tojikistonda "Faroz" nomli shirkatga rahbarlik qilgan.

Afg‘onistonga yonilg‘i yetkazish bilan shug‘ullangan mazkur shirkat Imomali Rahmon kuyovlaridan biri bilan hamkorlik qilgan.

Umarali Quvvatov esa, o‘ziga qarshi ayblovlar siyosiy vajlarga asoslanganini ta‘kidlagan va aynan shu ish hamkorining bosimi ostida vatanni tark etishga majbur bo‘lganini aytgan.

Hibsga olinguniga qadar janob Quvvatov Moskvada istiqomat qilib kelgan.

Chiqib ketish uchun 3 kun muhlat

Dodojon Atovulloyevning BBCga ma‘lum qilishicha, endi Umarali Quvvatovga keyingi manzilini tanlashi va uchib ketishi uchun 3 kun muhlat berilgan.

"Shubhasiz, u vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan mamlakatni tanlashi lozim bo‘ladi. Men Umarali Quvvatovga har qanday holatda ham MDH, sobiq Sho‘ro davlatlariga bormaslikni maslahat berdim. Chunki, u yerda Umarali qaytadan qo‘lga olinishi va Tojikistonga berib yuborilishi mumkin. Hozircha xavfsizlik nuqtai nazaridan u uchib ketishi mumkin bo‘lgan mamlakatni ayta olmayman", deydi u.

Janob Atovulloyevning aytishicha, Umarali Quvvatov muayyan davlatga chiqqanidan so‘ng BMT Qochqinlar bo‘yicha komissarligiga boshpana so‘rab murojaat qilishni rejalamoqda.