O‘zbekistondan Hajga boruvchilar soni qisqartirilmaydi

Image copyright AP

2013 yil Haj safariga boruvchi ziyoratchilar soni qisqartirilmaydi, deb xabar beradi O‘zbekiston Diniy ishlar bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati.

Oldinroq Makka va Madinadagi muqaddas joylarda ko‘proq qulayliklar yaratish uchun kengaytirish ishlari bois, ziyoratchilar soni 20 foizga qisqartirilishi haqidagi xabarlar chiqqandi.

"Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumati "Haj" va "Umra" mavsumlarida mamlakatga kelayotgan ziyoratchilar Haj va Umra amallarini mukammal, hech qanday qiyinchiliklarsiz ado etishlari uchun qulayliklar yaratish maqsadida Makka va Madina shaharlaridagi ikki xaram hududini kengaytirish ishlari boshlaganligi hamda ikki muqaddas shaharlar infrastrukturasini tubdan o‘zgartirish ishlari keng ko‘lamda davom etayotganligi sababli "Haj-2013" mavsumida ziyoratchilari sonini qisqartirish bo‘yicha dunyoning barcha davlatlariga, xususan, O‘zbekiston Respublikasiga ham rasmiy ma‘lumot yubordi", deya xabar tarqatgan edi O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi.

"Qisqartirish masalalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar "Haj" va "Umra" tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha hay‘atlar tomonidan adolat va insoniylik tamoyillaridan kelib chiqib amalga oshirilmoqda", deyiladi qo‘mita xabarida.

O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi bu yil muqaddas ziyoratga bora olmaganlar uchun 2014 yilgi Haj mavsumida o‘rin kafolatlanadi, deya xabar qilgan shuningdek.

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni qirolligi o‘rtasida kelishuvga binoan, bu yil 5200 o‘zbekistonlik Haj safarini ado etishi rejalashtirilgan va 15 iyungacha ziyoratchilarning tayyorgarlik ishlari tugatilgan.

Shu sababdan ikki mamlakat diniy masalalar bo‘yicha rasmiylar, shu bilan birga O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi bilan Saudiya Madaniyat vaziri Muhiddinxo‘ja va Haj ishlari bo‘yicha vazir janob Bandar Hojarlar uchrashib ushbu masala muhokama etilgani aytilmoqda.

Uchrashuv natijasiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni hukumati O‘zbekistonning bu yilgi barcha 5200 ziyoratchisiga Haj ziyoratini ado qilishiga ruxsat bergan.

BBC bu masalada O‘zbekiston Diniy Ishlar qo‘mitasi bilan bog‘langanda, qo‘mita vakillari o‘zlariga yozma murojaat qilinsa, bu haqda javob berishlarini aytishdi.

Xabarlarda aytilishicha, ayni paytda hajga boruvchilarning vizalarini rasmiylashtirish ishlari davom etmoqda.

Rospotrebnadzor esaogohlantirmoqda

Rossiya Iste‘molchilar huquqlari va inson eson-omonligini muhofaza qilish bo‘yicha nazorat idorasi bu yilgi Haj ziyoratiga otlangan rossiyaliklarni Yaqin Sharq Respirator Sindromi koronavirusi yangi holatlari Saudiya Arabistonida aniqlanganidan ogohlantirgan.

Rospotrebnadzorga ko‘ra, oddiy tilda koronavirus deb atalayotgan xastalikni yana to‘rtta holati Saudiya Arabistonida aniqlangan.

"Har yili Haj ziyoratini ado etish uchun Saudiya Arabistoniga olti million atrofida inson boradi. Bundan tashqari, u yerda 7,5 million mehnat muhojiri ro‘yxatga olingan. Bir necha ming noqonuniy muhojir va antisanitar sharoitda yashab yurib kelgan to‘lib ketgan qochqinlar jamloqlaridan boradigan qochqinlarning soni ham ortib bormoqda. Bu yil bir necha o‘n ming rossiyalik Saudiya Arabistoniga Haj ziyoratini o‘tash uchun yo‘l oldilar. "Rospotrebnadzor" imkon bo‘lsa, yuqorida qayd etib o‘tilgan mintaqalarga safardan tiyilib turishni tavsiya etadi", deyiladi idora e‘lon qilgan xabarda.

Jahon Sog‘likni saqlash tashkilotiga ko‘ra, Koronavirus xastaligi hali uncha yaxshi o‘rganilmagan.

Bu xastalik ko‘pincha yuqori nafas yo‘llariga yuqadi.

Rospotrebnadzor Haj ziyoratiga otlanganlarni yo‘ldan qaytararkan, bunda Jahon Sog‘likni saqlash tashkilotining Yaqin Sharq Respirator Sindromi koronavirusi deb nomlanayotgan xastalik haqidagi shu yil 7 sentyabrda e‘lon qilgan axborotiga tayangan.

Bu xabarida xalqaro tashkilot avgust oyida Saudiya Arabistonida to‘rtta yangi holat aniqlanganini xabar qiladi.

41 yashar hamshira vafot etgan, 30 yashar erkakning ahvoli og‘irligi xabar qilingan.

Hafar al-Batin viloyatida ham ikki holat kuzatilgan.

79 yoshli keksa ayol vafot etgan, 47 yoshli erkakning ham ahvoli og‘ir.

Jahon Sog‘likni saqlash tashkiloti 2012 yilning sentyabridan buyon Yaqin Sharq Respirator Sindromi koronavirusini yuqtirishning 114 laboratoriya holati aniqlanganini xabar qilgan, 54 holat o‘lim bilan yakunlangan.

Xalqaro tashkilot barcha mamlakatlarni nafas yo‘llari infektsiyasini yuqtirish hollariga juda e‘tiborli bo‘lishni va har qanday noodatiy holatlar haqida o‘zlarini xabardor etishni so‘ragan.

Shundan kelib chiqib Rossiya nazorat idorasi Saudiya Arabistoniga otlangan rossiyaliklarga murojaat qilib, imkon bo‘lsa, ziyoratga bormaslikni tasviya etgan.