UzWebiston: Lola Karimova-Tillayevaning intervyusini o‘quvchilar qanday kutib oldi?

Image copyright BBC World Service
Image caption Lola Karimova-Tillayevaning intervyusi o‘quvchilarda qarama-qarshi fikrlarni uyg‘otgan

Prezident Islom Karimovning kenja qizi tomonidan BBC O‘zbek xizmatiga bergan intervyusi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida turli fikrlarni uyg‘otgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalardan shuni ilg‘ash mumkinki, Lola Karimova-Tillayevaning ilk marotaba g‘arb matbuotiga opasi bilan oilaviy munosabatlari haqida bergan intervyusi katta qiziqish bilan o‘qilgan.

Birinchi bo‘lib, intervyu xaqida @muhrim o‘z fikrini qoldirgan.

"Shunday ajoyib intervyu, va lekin men bu haqida yozolmayman, jin ursin. O‘qish mumkinligiga ham shukr qilish kerak, ba‘zan. Shukr", - deydi kun.uz web sahifasi muharriri.

"Kichik Karimova xonimning BBCga bergan javoblari menga ma‘qul bo‘ldi. Asl martaba teranlik va kamtarlikda. Siyosatga dahli yoki da‘vosi bor shaxslarning iqrornomasi ularga bo‘lgan ishonchni oshirsa oshiradi-ki, aslo susaytirmaydi", - deb yozadi Otabek Bakirov.

Shu bilan birga Lola Karimova-Tillayevaning fikrlarini tanqid ostiga oluvchilar ham bor.

"Otasining qudratidan o‘z manfaatlari yo‘lida hech ham foydalanmasligini ayta turib, o‘zining qanday qilib YuNESKOda O‘zbekiston elchisi bo‘lib qolganini va ushbu lavozimni necha yildan beri saqlayotganini izohlashdan qochadi. Ishi haqida bir og‘iz ham so‘z yo‘q. Hamma gap oilasi haqida. Jahon amaliyotida "elchi-uy bekasi" degan yangi atama paydo bo‘layotganday", - deydi Alisher Ilhomov.

Ilhomovga ko‘ra, Karimova-Tillayeva xonim bolalarning majburiy mehnati haqida faqat umumiy gaplar bilan cheklangan. Ushbu amalning O‘zbekistonda keng qo‘llanilayotgani haqida esa hech narsa demaydi. O‘zini hech narsadan bexabardek tutgan.

- Lola Tillayeva - Karimovaning siyosatni tushunishi e‘tiborni tortadi, maladets. Garchi o‘zi inkor qilsa-da, balki kenjasi prezident bo‘lar, - deya o‘smoqchilaydi @Kainbek nomli foydalanuvchi.

"Hozircha, uning ambitsiyalari yo‘q. Biroq menga, nimagadir, aqlliroq va tabiiydek tuyuldi", deya javob beradi Abbat Faria

- Va nihoyat, ushbu sirli oilaning pardasi ozgina bo‘lsa ham ochildi. Biroq gap boshqa hujjat boshqa, do‘stlar. Shuning uchun Lola va eri ularning puli qayerdan kelgani haqidagi hujjatlarni rasmiy ravishda taqdim qilmaguncha, ularning pullari harom degan shubha osilib turaveradi, - deydi Mega.

Facebookdagi yozishmalarda ham ko‘proq Lola Karimova-Tillayevaning ijobiy sifatlari e‘tirof etilgan.

- Lola, o‘shlik qochqinlarga yaxshigina yordam berganini eslayman, - deydi Odil Ro‘zaliyev.

"Lola bilan ishlagan tanishlarim, uning yaxshiligini va opasiga umuman o‘xshamasligini aytishgandi", - deydi Nargis Toshpo‘latova.

Foydalanuvchilar ushbu oilaning asosiy daromad manbai deya "Abu Saxiy" savdo transport shirkatini tushunishini va ushbu shirkat O‘zbekiston qonunlarini aylanib o‘tib ish qilishini bildirishgan.

"Abu Sahiy" savdo transport shirkatining hissadori. Shirkat O‘zbekistonga tovarlarni asosan Qorasuvdan yetkazib berish bo‘yicha monopolist hisoblanadi. Ushbu kompaniya har kuni tonnalab Xitoy keng iste‘mol mollarini olib kiradi. Bunday shirkat O‘zbekistonga kerak emas", - deydi tadbirkor nomi ostidagi internet foydalanuvchisi.

BBC O‘zbek xizmatiga kelgan maktublarda ham intervyu beruvchi shaxsga nisbatan xayrixohlik ufurib turgan soddadil fikrlarni o‘qish mumkin.

"Bir zumda mani fikrlarimni ostin-ustun qilgan maqola desam bo‘ladi. Lola Tillayeva xonim umuman olganda hayotdan mamnun va minatdor. Tan olsa xam, olmasa xam bunda otasini xizmatlari ancha-muncha. Bu intervyudan unga hurmatim oshishga oshdi-yu, lekin hayotni adolatsizligidan yurakdan ezilib dilimdan yig‘ladim", - deydi maktub egasi.

BBCga yuborilgan maktublarning aksari mana shunday hamfikrlik va hamdardlikka yo‘g‘rilgan deyish mumkin.

Ammo onda sonda bo‘lsa ham Lola Karimova-Tillayevaning boyliklarini so‘roq ostiga oluvchi o‘quvchilar ham uchrab turadi.

"O‘ziyam haqiqiy farishta ekanlar-ku? Farishtalar yashaydigan osmonlaridan yerga tushib, shu haqda xabar berganlariyam katta gap. Faqat Los-Anjelesdagi dang‘illama saroyni qaysi pullariga sotib olganlari haqida aytmabdilar-da", - deya kinoya qiladi bir o‘quvchi.

Ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildiruvchilar nafaqat berilgan javoblar, balki Lola Karimova-Tillayevaning tashqi ko‘rinishi ham e‘tiborga molikligini bildirishgan.

"Plastik jarrohlik mukammallashmoqda – yaqinda prezident va bankirlarning hamma qizlari korporativ kechalarga taklif qilinadigan Italiya aktrisalariga o‘xshab qoladi", - deydi Boris Chukovich.

"Malika Dianani ko‘proq Lolaga o‘xshatish mumkin. Men uning reabilitatsiya markazi qanday ishlashini bilaman. Hamma uchun tekin", - deydi Sergey Uzmetronom.

"Anchadan beri bunday lo‘nda va puxta o‘ylangan javoblarni o‘qimagan edim", - deya e‘tirof etadi mustaqil tahlilchi Alisher Taksanov Facebookdagi sahifasida.

U Lola Karimova-Tillayevaning javoblari opasi Gulnora Karimovaniki bilan solishtirga ancha yaxshi ekanligini yozadi.

Taksanov janoblari Karimova-Tillayeva qudratdagi oila a‘zosi bo‘la turib, otasi va opasining yashirin oldi berdisi haqida bilmasligi mumkin emasligini aytadi.

Alisher Taksanov Lola Karimova-Tillayevaning elchi sifatida tez ko‘tarilib ketishiga e‘tibor qaratadi.

"Lola – diplomat. Har qanday diplomat karerasini pastki lavozimdan boshlaydi. Masalan, O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Farrux Tursunov 1994 yili Tashqi ishlar vazirligiga stajer sifatida kelgan va 15 yil o‘tib favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga erishdi. Lola esa diplomatiyadan hech qanday tajribasiz ishni boshlaganidan ushbu "cho‘qqiga" chiqib oldi. Bu qandaydir omadmi yoki otasining qo‘llovi", - deya savol beradi Taksanov.

Taksanov janoblari Jenevada ham katta mablag‘ bo‘lmay turib uy sotib olish mumkin emasligini va ushbu shaharda do‘konlar tarmog‘ini ochish uchun ham juda katta boshlang‘ich kapital lozimligini ta‘kidlaydi.

"Lola erining biznesi O‘zbekistonga aloqador emasligini ta‘kidlaydi. Yiliga yuzlab million dollar noqonuniy pullar yuviluvchi Qorasuv dahasidagi "Abu Sahiy" savdo uyichi? Bu Temur Tillayevning biznesi ekanligi hech kimga sir emas. U yerda soliq va bojxonadan katta mablag‘ yashirinib qolinadi. Bu pullarning hammasi davlat byudjetiga emas, balki shaxsiy cho‘ntakka tushadi", - deydi mustaqil tahlilchi.