"Ko‘ngli nozik" milliarderga erga tegmaysizmi?

Image copyright Getty
Image caption Xitoyda kelin bo‘laman, deganlarning soni ozayib bormoqda, deydi Lyusi Ash

"Ko‘ngli nozik" milliarderga erga tegmaysizmi?

Bugun iqtisodi gullab, milliarderlarining soni ham ortib borayotgan Xitoyda ana shunday xizmatni taklif qiluvchi xos shirkatlar ham paydo bo‘libdi.

Ya‘ni, bir qarashda har jihatdan to‘kis bo‘lgan Xitoyda hozir eng taqchili – yosh qizu juvon ekan.

BBC muxbiri Lyusi Ashning yozishicha, kuyovlikka xaridorlar tiqilib ketgan bir paytda kelin bo‘laman, deganlarining soni yil sayin ozayib bormoqda.

Shunday ekan, xotin topish yo‘lidagi raqobatni ko‘ring:

Qo‘lidagi muzli qahvasini changallagan Peng Tay bilan ko‘chaning adog‘idagi savdo markaziga kirib boramiz.

Hali eskalatorda ekanimiz chog‘i u ko‘zlarini atrofga alang-jalang qilgancha, "qiz" izlashga tushib ketadi.

"Huv anavi sariq rangli libosdagisi bo‘lmaydimi", - deya men ham aqllilik qilaman. "Uh, uh, bo‘yi juda kalta", - deydi hamrohim.

Xuddi shu payt kaltagina shortikda bo‘lgan qizgina poyafzal do‘konidan chiqib qoladi... "Yo‘q. Juda oriq".

"Menga terisi nafis, oqishdan kelgani kerak", - deya menga izoh beradi u. "Ular juda qotma ham, to‘lacha ham bo‘lmasliklari, keyin yurishlari ham binoyidek bo‘lishi lozim". Oradan daqiqa ham o‘tmay, hamrohim o‘ziga atir tanlayotgan 20 yoshlardagi bashang kiyingan zebo bir qizni gapga soladi.

"Boshingiz ochiqmi?", - u gapning dangaliga ko‘chib qo‘ya qoladi. "Yaxshi bir yigit bor, nima deysiz?" Qiz javob berishni ham ep ko‘rmay, boshi bilan yo‘q ishorasini bergancha, bizdan uzoqlashadi.

Hamrohimning savolidan xijolat tortib, yoki peshanasi tirishgan yana bir qancha qizu juvondan ham rad javobini olamiz.

"Bizga kulib turgani kerak"

Yo‘limizni chiqish eshigiga qarab solamiz. Bor alamini qahvasidan olayotgan Peng Tay, "Bizga yuzidan qahri tomib turgan qizlar kerak emas", - deydi.

Shu payt ko‘zimiz ustida yengsiz kofta va oyog‘ida poshnasi bir qarich tufli kiyib olgan yoshgina qizga tushadi.

Hamrohim butun san‘atini ishga solib, yuzu ko‘zlari jilmayib, unga yaqinlashadi.

Ko‘zlari hayratdan katta-katta ochilib ketgan qizginani "boyvachcha barno yigit" taklifi qiziqtirib qo‘yadi

Gap ustida uning manzilini olishga muvaffaq bo‘lgan Tay savdo markazi bo‘sag‘asida qo‘lidagi "iPhone"i bilan uni suratga olishga ham ulguradi.

Hamrohim Xitoyda "kelin izlovchi" sifatida ko‘riladi. Uning kuniga uchta "qiz" topishi shart.

Boyvachcha so‘qqaboshlar

Tay Shanxaydagi "Olmos So‘qqaboshlar Idorasi"da ishlaydi.

O‘zlariga xotin topish ilinjida bo‘lgan yuzlab xitoylik badavlat erkaklar bu idoraning xizmatidan foydalanishadi.

Xizmatning qandayligiga qarab, unga a‘zolik ustamasi ham har xil. Biroq boshlang‘ich summasi 15.000 funt sterlingdan kam emas.

O‘xshatishim uchun kechirasizu, lekin Peng Tay va uning o‘nlab kasbdoshlari menga qarmog‘imga nima ilinarkin deb, qayiqchalarida ovga chiquvchi baliqchilarga o‘xshab tuyulishdi.

Ammo milliarder xaridorlarining "ta‘blari juda nozik" emasmi, ular o‘z "o‘ljalari"ga shunga yarasha "ishlov berishlari" ham kerak bo‘ladi.

Deylik, mijozlardan biri bo‘lajak rafiqasining mashhur aktrisa Chjan Tszыiga o‘xshashini istab qoladi.

Ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanuvchi boshqa bir milliarder esa, pulini ayamay, o‘ziga munosib juft topishlari uchun to‘qqizta shahardan 10.000 ta qiz bilan suhbat qilishlariga buyurtma beradi.

Kimga qanday foyda?

Peng Tay qancha kelin topganiga qarab, haq oladi. Ammo mukofot pullari boshqa masala.

Agar siz "qiz topish"da ustasi farang bo‘lsangiz, o‘n minglab funt mukofot puli olishingiz mumkin.

Men hamrohimdan, "Hech qizlarga xuddi buyumdek munosabat qilayapman, deb o‘ylamaysizlarmi", - deb so‘rasam, "Menga ular fikrlarining qizig‘i yo‘q", - deydi.

"Bu – mening ishim. Biz ehtiyoj juda katta bo‘lgan xizmatni ko‘rsatayapmiz".

Ammo boyvachchalari o‘zlarining didlariga mos kelin topish uchun pullarini ayamay sovurayotgan bir paytda, qashshoqlari ahvolining tangligidan bir umr bo‘ydoq o‘tib ketayotganlari ham bor gap.

Chunki, cho‘ntagining qanday ekaniga qaramay, shu kunlarda kuyov bo‘laman, degan xitoylik yigit mashina, yaxshigina maoshli ish va uy-joyni ham naqd qilib qo‘yishi kerak.

Men Pekinda uchratgan muhandis yigitchaning aytishicha esa, bir xonali kvartira olishi uchun yemay-ichmay 200 yil, yani ikki asr pul yig‘ishi kerak bo‘ladi.