Xalqaro Inqiroz Guruhi Qozog‘iston hukumatini islohot o‘tkazishga chaqirdi

Image caption XIG ishonishicha, Qozog‘istondagi iqtisodiy taraqqiyot asosan yirik shaharlarda kuzatilmoqda

Ishchilar noroziligi, ijtimoiy tabaqalashuv va Islomiy harakat barqarorlikka tahdid solayotgan bir paytda tabiiy boyliklarga asoslangan iqtisodiy taraqqqiyot Qozog‘istonni islohotlarga bo‘lgan ehtiyojini ozaytirmaydi.

Qozog‘istonda yuzaga kelgan vaziyatni tahlil qilgan Xalqaro Inqiroz Guruhi (XIG) ana shunday xulosaga kelgan.

"Qozog‘iston: o‘zgarishlar umidida" nomli so‘nggi hisobotida XIG prezident Nursulton Nazarboyev davri nihoyasiga yetayotgan bir paytda Qozog‘iston barqarorligi istiqbollariga nazar tashlaydi.

73 yoshli Nursulton Nazarboyev tabiiy zahiralarga boy Qozog‘istonni 20 yildan ko‘proq vaqt davomida idora etib keladi.

XIG xulosalariga ko‘ra, Nazarboyev iqtidorda ekan energetika sohasida Qozog‘istonning dunyodagi roli oshdi, biroq undan kuchsiz siyosiy institutlar, korruptsiya, nazorat ostidagi matbuot va tez-tez poymol etiladigan inson huquqlari meros qolmoqda.

Aholi noroziligi asta-sekinlik bilan kuchayib bormoqda, deyiladi XIG so‘nggi hisobotida.

Guruh fikriga ko‘ra, 2014 yilda xalqaro kuchlarning Afg‘onistondan chiqib ketishi Markaziy Osiyodagi barqarorlikni kuchsizlantirishi mumkin.

Yosh qozoqlar, qo‘shni davlatlardagi tengqurlari singari, jihodiy muborizaga jalb etilishi va ular bu muborizani Qozog‘istonga keltirishlari mumkin, deya xulosa qiladi XIG.

Xalqaro Inqiroz Guruhi hisobotida keltirilgan asosiy xulosalar quyidagichadir:

• Qozog‘iston 2010 yilda Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashikloti sammitiga mezbonlik qilganidan buyon siyosiy va shaxsiy erkinliklarni cheklovchi qonunlarni qabul qildi. Hukumatni tanqid qilgan muxolifatdagi siyosatchilar, matbuot va fuqaroviy jamiyat vakillari jarimalarga tortildi. Qudratning kichik bir guruh qo‘lida jam bo‘lishi, siyosiy institutlarning kuchsizligi va iqtisodiy taraqqiyotning asosan Ostona va Olmotida kuzatilayotgani o‘tgan yigirma yilda erishilgan yutuqlarni yo‘qqa chiqarishi mumkin.

• Ayniqsa g‘arbiy viloyatlarda yashovchi yosh qozoqlar siyosiy aqida vositasi sifatida tobora ko‘proq Islomga yuz burmoqdalar.

• Nazarboyev davridan so‘ng, bir shaxs yoki guruh qudratni saqlab qolishi uchun aftidan nazoratni kuchaytirishi zarur bo‘ladi. Qozog‘istondagi siyosiy institutlar raqobat yoki plyuralizmga moslashgan emas. Siyosiy va iqtisodiy elita o‘rtasida nizorlarning kuchayishi xavfi mavjud. Xavfsizlik kuchlari ommaviy norozilar yuz bergudek bo‘lsa, ularni kuch bilan bostirishi mumkin.

• Nazarboyev o‘z vorislik siyosatini silliq yo‘llar bilan tushutirishi va tatbiq etishi lozim. G‘arb tamal inson huquqlari me‘yorlariga rioya etish uchun ko‘proq bosim o‘tkazishi zarur. Ayni sohada sezilarli ilgarilash bo‘lmas ekan Qozog‘istonning 2017-2018 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a‘zoligiga bo‘lgan intilishlari dastaklanmasligi darkor.

"Agar siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarni o‘tkazish astoyidil harakat qilmasa, Qozog‘iston yirik tabiiy zahiralarga asoslangan yana bir avtoritar rejimga aylanish xavfi bor", - deydi XIGning Markaziy Osiyo loyihasi direktori Deyre Tinan.