Rossiya: "Noqonuniy muhojirlar bolalarini maktabda o‘qitmasin!"

Image copyright none
Image caption Rossiya deputatlariga ko‘ra, muhojirlar mamlakatga soliq to‘layotganlarini ko‘rsatishlari kerak

"Edinaya Rossiya" partiyasi deputatlari noqonuniy mehnat muhojirlarining bolalarini bog‘cha va maktabga qabul qilmaslikni taklif qilmoqda.

Ular ishlab chiqqan qonun loyihasiga ko‘ra, Rossiyaga mamlakat fuqarolari qatori soliq to‘lamaydigan muhojirlar o‘z bolalarini bepul o‘qitish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Davlat Dumasi deputati Alesey Juravlyovning aytishicha, Rossiya maktab va bog‘chalarini mamlakatda qonuniy ish haqi topmaydigan mehnat muhojirlaridan himoya qilish kerak. Ya‘ni, ular avvalo Rossiyaga soliq to‘lab borayotganlarini isbot qilishlari lozim.

Uning ta‘kidlashicha, shu yo‘l bilan rossiyalik bolalar uchun maktablarda joy ajratiladi va bog‘chalardagi o‘rinlarga navbat kamayadi.

"Mehnat muhojirlari rossiyaliklarning o‘rnini egallayotgan ekan, marhamat qilib yetarli soliqni ham to‘lab qo‘ysin. 8 ming rubl maosh to‘lanadigan farroshlik uchun hech qanday hujjatlarsiz kelgan kishi oilasidan yana 10 kishini yetaklab kelishi g‘alati. Shunday ekan boshqalardan ko‘ra, muhojirlar ko‘proq ijtimoiy ta‘minotdan foydalanishadi", - deydi janob Juravlev.

Rossiyaning qonunlariga muvofiq, mamlakatda yashashga vaqtinchalik ruxsatnomasi bo‘lgan muhojirlar bolalarini maktab va bog‘chaga qo‘ya oladilar.

Biroq Rossiya maktablarida til va madaniyat har xilligi muammosi bilan birga, muhojirlarning turli joyga ko‘chishlari ham murakkabliklarni uyg‘otadi.

Rossiyada taksi haydovchisi bo‘lgan o‘zbekistonlikning aytishicha, uch yil oldin oilasini olib kelgan. Navbatning ko‘pligi tufayli bolasini bog‘chaga qo‘yish imkoniyati bo‘lmagan. Maktab yoshiga yetgan farzandi uchun joy berilmagani sababli oilasini O‘zbekistonga qaytarib yuborishga majbur bo‘lgan.

"Men kelgan paytlarda muhojirlarga munosabat yaxshiroq edi. Shuning uchun oilamni olib kelib, bolalarim rus tilini yaxshiroq o‘rganishini xohlagandim. Lekin bog‘chaga ham, maktabga ham qo‘yishni iloji bo‘lmadi. Hatto domlarning oldida ham muhojirlarning bolalari o‘ynashlariga doim ham ro‘yxushlik beraverishmaydi. Muhojirning bolasi o‘ziga o‘xshagan bilan o‘ynaydi. Hozir ayniqsa ahvol qiyin bo‘lib qoldi", deydi Rossiyadagi o‘zbek muhojiri.

Rossiyada ishlab qaytgan boshqa o‘zbekistonlikka ko‘ra, yangi qonunning ajablanadigan joyi yo‘q. "Men boshqa mamlakatlarga ham borib kelganman. Masalan Koreyada vizasining muddatiga qarab maktabga oladi. Rossiya bilan viza yo‘qligi esa muhojirlarning to‘lib ketishiga sabab bo‘ldi va ular endi norozi bo‘la boshlashdi. Lekin bu manimcha tabiiy talab", deb aytadi u.

Moskvada qurilishda ishlaydigan muhojir: "Odamlar ish yo‘qligidan Rossiyaga kelgan bo‘lsa, yemay-ichmay pul yig‘sayu qanday qilib rossiyaliklar qatori soliq to‘laydi? Masalan, ijtimoiy imtiyozlardan hamma ham foydalanmaydi. Men bilgan oilasini olib kelganlarning ko‘pi qonuniy. Maktablar, bog‘chalarga muhojirlarni yaqinlashtirmaslik esa millatchilik qilayotganlarning ishi, deb o‘ylayman".

Dumaga taklif qilinayotgan yangi "Maorif haqida" qonun loyihasiga asosan, mehnat muhojiri Federal soliq xizmatidan soliq to‘layotgani borasida qog‘oz olib kelishi shart.

"Bizga malakali va qonuniy ishchi kuchi kerak. Agar muhojir Rossiyaga bir yilga keladigan bo‘lsa, demak unda bir yillik shartnoma, aniq turar joy bo‘lishiga ishonch hosil qilishimiz lozim. U Rossiyaga soliq to‘lasin va bolalarini bupul o‘qitsin", deb tushuntirmoqda Duma deputatlari qonundan ko‘zda tutgan maqsadlarini.

Rasmiy hisoblarda keltirilishicha, ayni paytda Rossiyada 11 milliondan ortiq mehnat muhojiri mavjud.

Ularning katta qismi Markaziy Osiyodan borgan fuqarolar ekani aytiladi.