"O‘zbekiston prezidentining kichik qizi otasi va opasidan masofalanyapti"

Image copyright BBC World Service

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Lola Karimova-Tillayevaning BBC O‘zbek xizmatiga bergan javoblarini tahlil qilishda davom etishmoqda.

O‘zbekistonning Yuneskodagi doimiy elchisi Lola Karimova-Tillayeva BBC O‘zbek xizmatiga bergan intervyusida katta opasi Gulnora bilan 12 yildan buyon gaplashmasligini aytgandi.

Ahmad Hoji Xorazmiy: Lola Karimova-Tillayeva bilan juda yaxshi suhbat bo‘libdi. Bu suhbatdan keyin Lolaga nisbatan mening fikrim o‘zgarib hurmatim oshdi. Chunki men uni birovlarning gapi asosida oilasini nazariga ilmaydigan, qo‘pol va boylikka hirs qo‘ygan ayol deb bilardim. Shunday suhbatni BBC Gulnora bilan ham o‘tkazsa yaxshi bo‘lardi. Shunday qilinsa Gulnorani xushlamaydigan odamlarning ham u haqidagi fikri o‘zgarardi.

Abdulloh: Ozbekistondagi ramma narsadan xabardormisiz? Axvol tang Ozbekistonda, Yashash juda qiyin.

Ilhomjon, Toshkent: Sizni nogiron bolalarga ko‘rsatayotgan yordamingiz beg‘araz, farzandlaringizni orzu-havasini, yaxshi kunlarini ko‘ring. Shu o‘rinda otangizning o‘zbek millati va davlati uchun qilgan ishlari tahsinga loyik, biz shunday yo‘lboshchimiz borligidan faxrlanamiz va doim u odamni qadriga yetamiz. Men nogiron farzandim Islomjonni ham kelajakda vataniga foydasi tegadigan farzand bo‘lib yetishini xohlayman, sog‘ bo‘ling.

26 sentyabrda Rossiyaning Fergananews.ru sayti ko‘chirib bosgan intervyu ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ko‘p sonli izohlariga sabab bo‘ldi.

Aksariyati rusiy zabon o‘quvchilarning fikricha, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning kichik qizi Lola o‘zining G‘arb matbuotiga bergan dastlabki intervyusida otasi va opasi Gulnora Karimovadan masofalanayotgani ko‘rinadi.

Aksariyat izohlar Lola Karimovaning javoblarini "yolg‘on" deya baholashgan.

"Lola xuddi momiqqa o‘xshaydi... Bu intervyu orqasida nima turibdi. U mahorat bilan yozilgan va menda shunday tasavvur uyg‘otadi: "Menda ular bilan hech qanday manfaatlar yo‘q yoki "Biz shimolga boramiz va uni kutamiz", deydi "Terran".

"Vela"ga ko‘ra: "Agar uning ziyofatlar kunda-shundasidan Xudodan qo‘rqadigan ayol, onaga aylanganiga ishonilganda ham, u baribir otasi va mashhur opasidan uzoqlashishga harakat qilayotgani yaqqol ko‘rinadi..."

"istina" yozadi: "Bu bomba. Agar Prezident o‘z oilasida tinchlikni qaror toptirolmasa, u qanday qilib kafolat bera oladi respublikada va xavfsizlik xodimlari odamlarni aldamasligiga? 12 yil bu katta muddat. Agar oilada do‘stona munosabat yo‘q ekan, biz qanday qilib oila jamiyatning bir bo‘lagi deb ayta olamiz. Buni unutmaslik kerak!"

"Men nima deyishim mumkin qadrli Lolochka. Xudo hammasiga javob beradi. Har qanday holatda ham uning otasi do‘zzaxda yonishi kerak. Albatta, bularning hammasi uning bolalariga ham yomon ta‘sir qilmay qolmaydi. Men bularning hammasiga hayotimda guvoh bo‘lishni istayman. Bundan tashqari izohlar nafratga to‘la. Achinarli. Afsuski, men ham ular bilan birgaman va ularni tushunaman...", deydi "Boris".

"Siz bolalar bilan paxta terimiga qatnashishni istamaysizmi? Siz mamlakat uchun paxta terishingiz mumkin," deb so‘raydi "Pirziden Lelin".

"F" degan foydalanuvchi ham dalalarda bolalar mehnati mavzusiga to‘xtaladi: "Bolalar mehnati haqidagi gaplar oltin. Lola sizda qat‘iyat yetishib bu qimmatbaho so‘zlarni otangizga yetkazsangiz juda yaxshi bo‘lar edi... Nima bo‘lganda ham siz ham tashqi ham ichki ko‘rinishda shaytoniy ambitsiyalarga ega qarindoshlaringizdan yaxshiroqsiz..."

"Anatol": "Shunday bo‘lsin ham, lekin u qaysi mablag‘lar hisobiga yashamoqda va juda ham badavlat yashamoqda? Kimdir bularning hammasiga ozgina bo‘lsa ham ishonadimi?

Web- foydalanuvchi "Petr Karimov": "Men bu ayolga hech bir yomonlikni tilamayman va u haqda yomon gap aytishni ham xohlamayman, lekin u turmush o‘rtog‘ining hukumatdan hech bir yordam olmasligi haqidagi gapi qip-qizil yolg‘ondir... bundan tashqari, "bizning xonim" Altsgeymer kasalligi uchun xayriyani O‘zbekistonda emas, qayerdadir Yevropada qilishi odamni g‘ashini keltiradi. O‘zbekiston shunchalik Yevropani moliyalashtiradigan darajada badavlat bo‘lib ketdimi? Yoki O‘zbekistonda hamma ijtimoiy muammolar hal qilinganmi? Boshqacha aytganda Altsgeymer bilan xastalangan odamlar O‘zbekistonda yo‘qmi? Bu nima soddalik? Go‘llik? Yoki mantiqiy fikrlay olmaydigan odamlarga mo‘ljallanganmi bu gaplar?"

"uzbekskoy" yozadi: "Yaqinda qari qaroqchi o‘rnini odamlar haqida qayg‘urmaydigan, Xudoni tanimaydigan yana ham xasis va yosh qaroqchi egallaydi".

"Intervyu berishdan maqsad noaniq. Opasining jig‘iga tegishmi? Menimcha, onasi Lolani yaxshi ko‘radi, otasi esa Gulnorani. Va albatta Gulnora ko‘proq imkoniyatlarga ega. Va yana Islom Karimov hayotining oxirigacha prezident bo‘lib qolmasligini anglatadigandek. Undan keyin nima bo‘lishi qiziq , deydi "Pirat".

"Alfavit": "Oilada bolalar bir-birini g‘ajishga tayyor. Intervyudan anglashilicha, ota-ona esa bunga bamaylixotir qarab o‘tiradi. Opa-singillar 12 yil davomida gaplashishmagan bo‘lsa, Xudo ko‘rsatmasin Gulnora hokimiyatga kelib qoladigan bo‘lsa, birinchi navbatda singlisini va uning oila a‘zolarini o‘ldiradi".

"Zidan": " Bu qiziq intervyu, garchi Lola ko‘pgina mavzularni chetlab o‘tgan bo‘lsa ham. U erining tijorati va Xitoy tovarlarini soliqsiz olib kiradigan Toshkentda mashhur Abu Sahiy shirkati haqida gapirmagan. 2000 yillarning boshida uning otasi yuridik shaxs bo‘lmaganlarni ulgurji savdo qilish imkoniyatidan mahrum qilgan edi. Ya‘ni faqat sevimli qizlari va ularning sheriklari tijorati uchun qulay sharoit yaratilgandi".

"Mega" Lolaning so‘zlariga ishonmasligini, uning otasi ham 90-yillar boshida ko‘p narsalarni va‘da berganini yozadi.

"... Bu haliyam yaxshi, u va oilasi aslida Shveytsariyada yashashini tan olyapti. Va nihoyat, oilaning ozgina sirlari ochila boshlandi. Lekin do‘stlar, gap boshqa, hujjatlar boshqa. Shunday ekan, Lola va uning eri boyligini nima evaziga topgani haqida hujjatlarni taqdim qilmas ekan, ularning noqonuniy ekanligi haqidagi tamg‘a bosilib turaveradi..."

Ayni paytda Twitterda Gulnora Karimovaning folloverlari unga BBCdagi o‘zi haqidagi suhbat va fikrlarga ahamiyat bermaslikni aytib, dalda bo‘lishgan.

"Dilnoza" ismli foydalanuvchi Gulnora Karimova o‘zining xolasi bo‘lishini orzu qilishini yozadi. Karimova xonim unga "Afsuski xola bo‘lish, boshqa qarindoshlar kabi tanlab olinmaydi", deb javob qaytaradi. Bu gapga "Maryam" ismli folloveri "Qarindoshlar bir umr bulg‘ash va hasad qilish uchun yaratilgan. Har holda menda shunaqalar bor", degan gapi bilan uni qo‘llar ekan, Gulnora Karimova javob o‘rniga "jilmayish belgisi" ni qo‘yib uning fikri yoqqanini bildirgan.