Zokirovlar sulolasidan Nargiz Zokirova "Golos" tanlovida olqishlanmoqda

Image caption Сурат Россиянинг Биринчи канал сайтидан олинди.

Rossiyaning Golos qo‘shiq konkursida asli o‘zbekistonlik, ayni paytda Nyu Yorkda istiqomat qilishini aytgan Nargiz Zokirova "Scorpions" guruhining "Still Loving you" qo‘shig‘ini kuylagan.

Dima Bilan, Pelageya, Aleksandr Gradskiy va Leonid Agutinlardan iborat hay‘at a‘zolari Nargiz Zokirova sahnaga chiqib kuylay boshlagach, uning ovoz imkoniyatlari va qo‘shiqchilik mahoratidan hayratga tushganlarini yashirmaganlar.

Ularning har biri Nargizni o‘z guruhiga olish istagini bildirgan.

Nargiz Zokirova Leonid Agutinni tanlagan.

Nargiz Zokirovaning chiqishi haqida Rossiya axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda juda yaxshi fikrlar yozilmoqda.

Tinglovchilar uni katta mahorat bilan murakkab qo‘shiqni me‘yoriga yetkazib ijro etganini olqishlashmoqda va uning g‘olib bo‘lishini tilamoqda.

Ko‘p muxlislar unga qo‘shiqning aslidan o‘tkazib kuyladi, deb baho bermoqdalar.

Nargiz Zokirova O‘zbekistondan tashqarida ham mashhur Zokirovlar sulolasining vakili, Luiza Zokirovaning qizidir.

90-yillarda tog‘asi Farrux Zokirov bilan duet qo‘shiqlar kuylagan.

Ijodini ilk boshlagan kezlaridanoq yaxshi tanilgan, "Vodillik kelin" kinofilmida qo‘shiqlar ijro etgan Nargizning ko‘rinishi bugun ancha boshqacha.

U sochlari olingan tarzda, qo‘llarida tatuirovkalar bilan paydo bo‘lgan. O‘zbek tilida ham yaxshi so‘zlasha olmasligini aytgan.

"Golos" tanlovida O‘zbekistondan bundan oldin taniqli qo‘shiqchi Sevara Nazarxon ham ishtirok etib, hakamlarning olqishiga sazovor bo‘lgan.

Lekin Sevara tanlovning oxirgi bosqichigacha yetib bora olmagan edi.

"Golos"ni kuzatib borayotgan tinglovchilar Nargiz Zokirova g‘olib bo‘lishini bashorat ham qilishmoqda.