Qariyalar uchun eng yaxshi mamlakat Shvetsiya, Afg‘oniston eng oxirgi o‘rinda

Image copyright SPL
Image caption "Dunyo juda tez qarimoqda. 60 yoshli insonlar besh yoshgacha bo‘lgan bolalar sonidan oshmoqda"

Bugun Xalqaro qariyalar kuni munosabati bilan Xalqaro Global Age Watch Index keksalar uchun eng yaxshi mamlakatlar ro‘yxatini e‘lon qilgan.

Unga ko‘ra, 60 yoshdan oshgan insonlar uchun eng qulay sharoit Shvetsiyada yaratilgan, deb topilgan.

Qariyalarga ko‘mak berish xalqaro tashkiloti mamlakatlar reytingini BMT bilan birgalikda tuzib chiqqan.

Shuningdek, Shimoliy Ovro‘poning qator davlatlari keksalik davrini o‘tkazish uchun mavjud qulayliklari bilan maqtanishi mumkin ekan.

Bu qulayliklar qatoriga keksalar uchun mo‘l-ko‘l nafaqa va imtiyozlar, qulay transport xizmati va jamiyatning bir qismi ekanligini his qilib turishni beruvchi munosabat ko‘zda tutilgan.

Shvetsiyadan so‘ng Norvegiya va Olmoniya yuqori uchlikka kirgan. Undan so‘ng, Hollandiya, Kanada, Shvetsariya, Yangi Zelandiya, AQSh, Islandiya va Yaponiya o‘ntalikni davom ettiradi.

Ro‘yxatning eng oxirgi 91-qatorini Afg‘oniston egallagan. Tanzaniya va Pokistonda esa qariyalar uchun Afg‘onistondan yaxshiroq sharoit bor deb qaralibdi.

Image caption Afg‘onistonda keksalar juda nochor sharoitlarda qolishadi

Sobiq Ittifoq respublikalari ichida qariyalarga yaratilgan muhit bilan Estoniya 29-o‘rinni egallagan. Gurjiston, Latviya, Litva, Armaniston undan keyingi qatorlarda ko‘rish mumkin.

Tojikiston 52 o‘rinda, Belorussiya 60, Qirg‘iziston 63, Ukraina 66, Rossiya esa 78 o‘ringa loyiq topilgan.

O‘zbekiston keksalarga yaratilgan sharoit borasida ro‘yxatning nechanchi o‘riniga mosligi haqida ma‘lumot yo‘q.

Ro‘yxat dunyodagi keksa kishilarning 89 foizini qamrab olgan, bu 91 mamlakatdan qariiyb 900 million inson deganidir.

"Dunyo juda tez qarimoqda. 60 yoshli insonlar besh yoshgacha bo‘lgan bolalar sonidan oshmoqda, 2050 yilga kelib ularning soni 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar sonidan oshishi mumkin. Biroq qarish muammosi global va milliy loyihalar tarkibidan tushib qolmoqda. Qarilik muammosi ko‘proq e‘tibor talab qiladi", - deb aytgan Qariyalarga ko‘mak berish xalqaro tashkilotning boshqaruvchi direktori Silviya Stevanoni.

Image caption O‘zbekistonda keksalarga yaratilgan sharoit qandayligi ro‘yxatda keltirilmagan

Dunyoda har daqiqada ikki kishi o‘zining 60 yoshga to‘lganini nishonlaydi, yil davomida 60 yoshni qarshilovchilar 58 millionga yetadi.

2012 yilda 810 million inson 60 yoshdan katta bo‘lib, Yer yuzi aholisining 11, 5 foizini tashkil qilgan.

Taxmin qilinishicha, bu raqam 10 yildan kam fursatda 1 milliardga yetib boradi.

2050 yilda esa 2 milliard, yoki butun aholining 22 foizini tashkil qiladi, degan fikrlar bildirilmoqda.