Ryazanda taksichlar shaharni noqonuniy muhojirlardan xalos qilishni talab qilishdi

Image copyright none

Qator mahalliy matbuot nashrlarining xabar berishlaricha, 30 sentyabr kuni Ryazan shahrida taksichlar norozilik chiqishini uyushtirib, shaharni noqonunuiy muhojirlardan "tozalash"ni talab qildilar.

Xabarlarga ko‘ra, taksichlar Teatralnaya maydonida yig‘ilganlar. Ammo rasmiylardan namoiysh uchun ruxsat olinmagan.

Shahar Ichki Ishlar Boshqarmasi xodimlari ularni tarqab ketishlarini talab qilishgan. Namoyish vaqtida maydon OMON va maxsus kuchlar tomonidan o‘rab olingan.

Aytilishicha, taksichilarning muhojirlardan noroziligiga bir hamkasblari bilan O‘zbekistonlik muhojir orasida bo‘lib o‘tgan janjal turtki bergan.

Rossiyada dam olish kuni bo‘lganligi sababli ushbu ma‘lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri rasmiy manbalardan tasdiqlashning imkoni bo‘lmadi.

Lekin Ryazan shahar Ichki Ishlar Boshqarmasi rasmiy websahifasida berilgan ma‘lumotda aytilishicha, taksichilardan biri piyodalar yo‘lakchasi chetida yozilayotgan muhojirni tartibga chaqirgan.

Muhojir uzr so‘rash o‘rniga, taksichini urib, qochib ketgan.

Shundan so‘ng taksichilar yig‘ilib, "aybdor"ni tutib, jazolamoqchi bo‘lishgan, lekin politsiya ishga arlashib, janjalning oldi olingan.

Ertasi kuni taksichilar o‘z noroziliklarini izhor etish uchun shahar markazidagi maydonga yig‘ilganlar.

Ularga ko‘ra, shaharni hech qursa noqonuniy muhojirlardan tozalash kerak.

Mahalliy rasmiylar mehnat muhojirlari mahalliy iqtisod uchun kerakligini aytib keladilar.

Ryazan viloyati gubernatori Oleg Kovalev muhojirlar iqtisod uchun zarur bo‘lgan yuqori malakali mutaxassilar ekanliklarini aytgan.

Oxirgi vaqtlarda Rossiya bo‘ylab shaharlarda muhojirlarga qarshi kayfiyatlar kuchayotgani kuzatilmoqda.

Qator shaharlarda o‘zboshimcha ravishda turli guruh va harakatlar bozor va yotoqxonlarga borib, muhojirlarning hujjatlarini tekshirish kabi amallarga zo‘ravonlik bilan qo‘l urganlar.

Avgust oyida esa Rossiya politsiyasi Podmoskoveda ikki mingga yaqin noqonuniy muhojirni ushlagani xabar berilgandi.

"Jamoat tartibini mustahkamlash" hamda Podmoskove hokimining saylovoldi tadbirlari oldidan Odintsov tuman politsiyasi "Noqonuniy muhojir" reydini o‘tkazgani haqida Moskva viloyati IIB matbuot xizmati ma‘lum qilgandi.

Reyd mobaynida ushlangan muhojirlar shaharda tashkil etilgan vaqtincha jamloqlarga joylashtirilgandilar. Ulardan ko‘plari keyinchalik deportatsiya qilingan.

Ayni vaqtda "Edinaya Rossiya" partiyasi deputatlari noqonuniy mehnat muhojirlarining bolalarini bog‘cha va maktabga qabul qilmaslikni taklif qilgan.

Ular ishlab chiqqan qonun loyihasiga ko‘ra, Rossiyaga mamlakat fuqarolari qatori soliq to‘lamaydigan muhojirlar o‘z bolalarini bepul o‘qitish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Rossiyada hozirda Markaziy Osiyo davlatlaridan bo‘lgan millionlab mehnat muhojirlari ishlab, o‘z oilalarini boqishga harakat qiladilar.