Turkiyada ro‘mol o‘ragan ayol davlat idorasida ishlashi mumkin

Image copyright AFP
Image caption Janob Erdo‘g‘on islohotlarni tarixiy qadam deb atagan

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘on qator inson huquqlari islohotini e‘lon qilgan.

Islohotlar jumlasidan, endi Turkiyada ro‘mol o‘ragan ayolning davlat idorasida ishlashi mumkin, kurdlar o‘z tillarida xususiy maktablarda saboq olishlari mumkin va parlamentdan o‘rin olish uchun talab qilinadigan 10 foizlik to‘siq kamaytiriladi.

Muxolifat islomiy ildizga ega qudratdagi Adolat va Tiklanish partiyasining ushbu islohotini Turkiyaning dunyoviyligiga yangi bir hujum deb tanqid qilgan.

Turkiya Bosh vaziri islohotlar oxirgi emasligini aytgan.

Kurdlarning azaldan yashab kelgan shaharlari ham eski tarixiy otini oladi.

Rajab Toyib Erdo‘g‘onning islomiy partiyasi uzoq vaqtdan buyon ayollarning ro‘mol o‘rab davlat idoralarida ishlash huquqi uchun kurashib keladi.

Ayollarning ro‘mol o‘rashi mamlakatdagi dunyoviy va diniy an‘analar tarafdorlari o‘rtasidagi bahstalab mavzulardan biridir.

Yoz oyida Turkiyaning katta shaharlarini qamrab olgan namoyishlar to‘lqini hukumat uchun jiddiy sinov bo‘ldi deyish mumkin.

Erdo‘g‘on va uning Adolat va taraqqiyot partiyasiga nisbatan dunyoviy hukumat talablaridan chekinib, islomiylikka qarab borayotgani haqida tanqidlar bot-bot yangraydi.

Image caption Ayollarning ro‘mol o‘rashi Turkiyada bahstalab mavzulardan biri

Endilikda davlatning aksariyat idoralarida ishlaydigan ayollar ro‘mollarini o‘rashlari mumkin. Lekin sud, prokuratura, politsiya va harbiy sohada ishlovchilarga ro‘mol o‘rash taqiqi kuchida qoldirildi.

Mamlakat aholisining 20 foizini tashkil qiluvchi va o‘z huquqlari uchun kurashib kelgan kurdlar uchun islohotlar ham uzoq kutilgan bo‘lgan.

Kurdiston ishchilar partiyasi" isyonchilar guruhi va Turkiya armiyasi o‘rtasida qariyb 30 yildan buyon davom etib kelgan qarama-qarshilikda 40 mingdan ortiq inson halok bo‘lgan.

Mamlakat parlamenti, maorif tizimi va diniy va milliy ozchiliklar huquqlarini himoya qilish tizimida sezilarli o‘zgarishlarga olib keladigan bu islohotlarni Turkiya hukumati, xususan janob Erdo‘g‘on tarixiy qadam deb atagan.

2014 yilda Turkiyada mahalliy va prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishi kerak. Kuzatuvchilar Erdo‘g‘on islohotlar boshlab, liberal so‘l va kurd saylovchilar dastagidan umid qilayotganini aytishadi.

Ayrim Kurd siyosatchilariga ko‘ra, Turkiya hukumati tomonidan Kurdlarga yon bosish hali yetarli emas.

Turkiya hukumati nima uchun ushbu islohotni amalga oshirishga qaror qildi?

BBC ushbu savol bilan Turkiyada istiqomat qiladigan O‘zbek siyosatchisi Namoz Normo‘minga murojaat qildi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi