AQSh: hukumat uchun byudjet yo‘q

Image copyright BBC World Service
Image caption AQShda ko‘plab davlat idoralari bo‘shab qolgan

AQSh Vakillar Palatasidagi Respublikachilar navbatdagi byudjet borasida kelisha olmaganlari sababli hukumat faoliyati qisman to‘xtatilmoqda.

Respublikachilarga ko‘ra, prezident Obamaning sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlari kechiktirilsagina byudjetga yo‘l ochadilar.

Byudjet atrofidagi tortishuvlar Vashingtonda deyarli yillik hodisaga aylagan, lekin mablag‘ yo‘qligi tufayli hukumat faoliyatining to‘xtatilishi oxirgi yillarda kuzatilmgandi.

Aslida AQSh Kongresi kelgusi yil byudjetini 30 sentyabrga qadar tasdiqlashi lozim edi.

Lekin bu gal Vakillar Palatasida aksariyatga ega Respublikachilar byudjetni tasdiqlash sharti etib prezident Obamaning sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarini ma‘qullamaslikni ilgari surdilar.

Vakillar Palatasi bu islohotlarga pul ajratishni istisno qiluvchi byujdetni ikki marotaba tasdiqladi, ammo Demokratlar aksariyatga ega bo‘lgan Senat uni rad etdi.

Shunday qilib 1 oktyabr qoq tunida AQShda oxirgi 17 yil mobaynida birinchi marotaba davlat mablag‘siz qoldi.

Davlat xizmatchilari maoshsiz qolishdi

Davlat byudjeti tasdiqlangunga qadar favqulloda xizmatlar xodimlaridan tashqari taxminan 800 ming xizmatchiga ishga chiqmasliklari aytilgan.

Parvozlarni nazorat qiluvchilar, Qurolli Kuchlar a‘zolari, chegara xizmati xodimlari va yana qator eng zarur soha ishchilari ishga chiqishda davom etadilar. Lekin pasportlar berish to‘xtatiladi.

Hatto Oq Uyning ba‘zi xodimlariga ham uyda qolish kerakligi aytilgan.

Oxirgi marotaba AQShda bu kabi holat prezident Bil Klinton davrida, 1995 yili 28 kun mobaynida kuzatilgandi.

Buyog‘i nima bo‘ladi?

Vakillar palatasi muammoni muhokama qilish uchun shoshilinch majlis chaqirgan.

AQSh hukumati qarzga olishi mumkin bo‘lgan mablag‘ miqdorini o‘tgan may oyida allaqachon oshirib yuborgan.

AQShda boshqa rivojlangan mamlakatlardan farqli o‘laroq qonun chiqaruvchi organ hukumat qancha qarz olishi mumkinligini belgilaydi.

O‘tmishda belgilangan qarz miqdori hech qanday muammolarsiz oshirilgan. Masalan, 1960 yildan beri bu holat 78 marotaba yuz bergan.

Lekin oxirgi 3 yil mobaynida Vakillar Platasidagi Respublikachilar prezident Obamani byudjet uchun yon bosishlarga borishga majburlash uchun bu nuqtadan foydalanib keldilar.

Qanday bo‘lmasin, ikkala partiya ham o‘tmishda byudjet hal qilinmagan holatning atigi bir necha oydan cho‘zilmasligiga erishib kelganlar.

Bu galgi byudjet atrofidagi mojaro 2010 yildan beri jadallashib ketgan prezident Obama va Kongressdagi Respublikachilar o‘rtasidagi tortishuvlarning navbatdagi bosqichidir.

Respublikachilar Kongressda qo‘llari baland kelganligini prezident Obamaning aksariyat uchun sog‘liqni saqlash xizmatini nazarda tutuvchi islohotlarga amerikaliklarning qarshiligi belgisi sifatida ko‘rdilar.

"Obamacare" deya laqab qo‘yilgan islohotlar AQShda tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan o‘zgartirishni nazarda tutadi va Respublikachilar qo‘llovisiz tasdiqdan o‘tkazilgan.

O‘tmishda byudjet atrofidagi tortishuvlar asosan davlat miqyosi va sarflayotgan pullari borasida bo‘lgan bo‘lsa, bu galgisidagi asosiy to‘g‘anoq aynan prezident Obamaning tibbiy xizmat islohotlaridir.

Respublikachilar qo‘llaridan kelgancha janob Obamani bu islohotlarning amalga oshirilishini ortga surishiga majburlashga harakat qilib kelmoqdalar.

AQSh hukumati qarzga olishi mumkin bo‘lgan miqdordan o‘tib ketib, hisoblarni to‘lay olmay qolsa nima bo‘ladi, degan savol ko‘plarni o‘ylantirmoqda.

Jahon iqtisodi endigina teta-poya qilib, o‘nglanayotgan vaqtda global bozorga ta‘siri xavotirlarni uyg‘otmoqda.

Hozircha esa mamlakatda istirohat bog‘lari, oromgohlar, muzeylar va ko‘plab davlat idorlari eshiklari bugun ertalabdan boshlab yopiq bo‘ladi.

Ishga chiqishi majburiy bo‘lgan xodimlar uchun esa byudjet tasdiqlanmagunga qadar haq to‘lanmaydi.

Yana bir e‘tiborga loyiq jihati, hayvonot bog‘laridagi jonzotlarga ovqat berish davom etishi kerak, deya alohida ta‘kidlab o‘tilgan.

Xorij fuqarolari uchun asosiy ta‘siri: viza arizalari ko‘rib chiqilmaydi.