O‘qituvchidan bugun maktabda ko‘proq foydami yoki paxta terimidami?

Image caption Islom Karimov tabrikda bugun maktab va kollejda dars berishning o‘rniga paxta dalasiga jalb qilingan o‘qituvchilar haqida hech narsa demagan

O‘zbekistonda o‘qituvchi va murabbiylarning kasb bayrami bilan Prezident Islom Karimov tabriklagan.

Prezident fidoiy o‘qituvchilarning mehnati uchun qancha tasannolar aytsa ham kamligini e‘tirof etgan. Islom Karimov tabrikda bugun maktab va kollejda dars berishning o‘rniga paxta dalasiga jalb qilingan o‘qituvchilarning davlat xirmoniga qo‘shayotgan hissasi haqida hech narsa demagan. Mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun davlat byudjetidan millionlab mablag‘ sarflangan o‘qituvchidan bugun maktabda ko‘proq foydami yoki paxta terimidan?

Namanganlik sobiq o‘qituvchi G‘ulomjon aka Xolmatovning oilasida o‘g‘li va kelini ham o‘qituvchilik qiladi. O‘qituvchilarning bugungi kasb bayramini uning farzandlari dalada davlatning paxta rejasiga o‘z hissasini qo‘shish orqali kutib olmoqda.

"O‘g‘lim o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi va ayni damda paxtada. Bu yil bir gap chiqdi, o‘quv yurtlari paxtaga olinmasmish, degan. Bolalar mehnati haqidagi masala bilan paxtaga bo‘lgan munosabat xalqaro savdoda cheklanganligidan xabarim bor. Shu narsani hisobga olib bu yil bu talablarga itoat qilisharkan-da, paxtaga chiqmas ekan, deb tursak o‘qituvchilar ham o‘quv yurtining ma‘lum qism talabalar ham paxtada", - deydi G‘ulomjon aka Xolmatov.

G‘ulomjon akaning o‘g‘li kollejda ishlaydi va har kuni paxtaga chiqib keladi. Kelini esa maktabda ishlaydi va paxtaga yotoqqa olib ketishgan.

Sobiq maorifchi G‘ulomjon aka Xolmatov o‘ituvchilarning vazifasidan boshqa ishlarga jalb qilinishi ta‘lim sifatiga keskin ta‘sir qilishini aytadi.

- Bilim berish uchun vaqt shu qadar zarur. O‘qituvchilar fandagi tugun masalalarni yechib berishi kerak. O‘qituvchi ishda bo‘lmaganidan keyin qayerdan qilsin, - deydi G‘ulomjon aka.

Jizzaxlik huquq himoyachisi va sobiq o‘qituvchi Ziyodilla Razzoqov bundan ikki yil oldin aynan paxtaga olib chiqish hollarini qayd qilib bong urgani uchun maktabdan haydalgan.

"2011 yili xalqaro tashkilotlarga O‘zbekistonda bolalar mehnatidan foydalanilmayapti, deyilayotgandi. O‘shanda o‘zim o‘qituvchi va sinf rahbari bo‘la turib o‘quvchilarning paxta dalasida ekanligi tasdig‘ini topganidan keyin ishdan chetlatishdi. Kaltak ham yedim va endi umuman ishga qaytib olishmayapti", - deydi Ziyodilla Razzoqov.

Image caption Matematika o‘qituvchisi paxtaga ketsa, fizika o‘qituvchisi matematikadan dars berishga majbur

Ziyodilla Razzoqov o‘zining sobiq maktabi va Jizzax viloyatidagi boshqa maktablarda ham o‘qituvchilar navbati bilan paxtaga olib chiqilayotganini va mutaxassislarning yetishmasligi maktabdagi o‘qituvchilarga qo‘shimcha yuk bo‘layotganini aytadi.

- Dars vaqtida kadrlarga nagruzka bo‘layapti. Masalan, men tushgacha dars berib tushdan keyin bo‘sh bo‘lishim kerak bo‘lsa, bitta menga ikkita o‘qituvchining ishinii yuklashayapti, narigi sherigimni paxtaga jalb qilishayapti. Ular 10 kun davomida tuman xalq ta‘limining nomidan yotib paxta terishadi. Har yakshanba kuni esa ommaviy hashar sifatida hammasi paxtaga chiqishadi, - deydi Razzoqov.

Sobiq o‘qituvchiga ko‘ra, maktabda fan bo‘yicha kadrlarning olib qolinishga e‘tibor berilmaydi. Matematika o‘qituvchisi paxtaga ketsa, fizika o‘qituvchisi matematikadan dars berishga majbur.

O‘qituvchilarni tayyorlashga davlat byudjetidan million-million mablag‘ sarflanadi. Ammo bugungi kunga kelib o‘qituvchilar paxta terish va prezidentning namunali uylarini qurish kabi vazifasiga kirmaydigan ishlarga ommaviy ravishda jalb qilinmoqda.

BBCning davlat byudjetiga yaxshigina pulga tushgan o‘qituvchilarning bugun dalada paxta terib yurishiga munosabat olish maqsadida Xalq ta‘limi vazirligi va O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bilan bog‘lanish harakatlari besamar ketdi.

"Albatta davlat ancha mashaqqat bilan va iqtisodiy mablag‘lardan voz kechib davlatimiz rivojiga hissasini qo‘shadi, ta‘lim jarayonini rivojlantiradi, deb kadrlarni tayyorlagan. Lekin bugungi kunda paxta siyosatiga kelib taqalganda, qilingan harajatlar, ta‘lim berilishi va olinishi shart bo‘lgan jarayonlarga ushbu vaqtinchalik mavsumda umuman e‘tiborni qaratmaydi", - deydi Ziyodilla Razzoqov.

Huquq himoyachisi paxta mavsumi yoki boshqa majburiy hasharlar davrida huquq tartibot organlariga huquqi buzilayotganini bildirib shikoyat qilish deyarli foydasizligini aytadi.