Italiya hukumati ishonchsizlik votumiga yuz tutmoqda

Image copyright AP
Image caption Enriko Letta koalitsion hukumati Berluskoni partiyasisiz barbod bo‘lishi mumkin

Italiya Bosh vaziri Enriko Letta boshchiligidagi koalitsiyaga nisbatan ishonchsizlik votumi amalga oshirilishi arafasida janob Letta parlament qarshisida chiqish qilgan.

Janob Letta Senatga o‘z hukumatining barbod bo‘lishi Italiya uchun halokatli bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Votum chaqirilishiga Silvio Berluskoni o‘zining markaz-o‘ng qanot PDL, ya‘ni Ozodlik xalqi partiyasidagi vazirlarni hukumatni tark etishilariga chaqirishi sabab bo‘lgan.

Biroq PDLdagi ba‘zi nufuzli siyosatchilar uning chaqirig‘iga ko‘nmaganlar va janob Lettaga dastak izhor qilishlarini aytganlar.

Janob Letta avvalroq besh nafar PDL vazirining iste‘fo arizasini qabul qilmadi.

Berluskoni o‘tgan avgust oyida soliqdan bo‘yin tovlashda aybdor deb topilishida Bosh vazir Lettani aybdor deb biladi.

"Qanday xavfli qadamni bosayotganimni bilsam-da, men Letta hukumatiga nuqta qo‘yishga qaror qildim", - dedi Berluskoni janoblari Tempi jurnalida chop qilingan maktubida.

Biroq, chorshanba kuni Senatga kelar ekan, u biroz hovuridan tushgan ko‘rindi. "Ko‘ramiz nima bo‘lishini. Lettaning nutqini eshitgandan keyin qaror qilamiz", - dedi u.

Senatga yuzlangan janob Letta o‘z hukumati tarqatilsa, Italiya "xavfga, halokatli xavfga" yuz tutishini aytdi.

Berluskonining muovini va partiyasi kotibi Anjelino Alfano o‘z rahbariga qarshi chiqqan tarzda PDL partiyasidagi deputatlar ishonchsizlik votumida janob Lettani qo‘llab-quvvatlashlari kerakligini aytgan.

Parlament tashqarisidan xabar uzatayotgan BBC muxbiri Alan Jonstonning xabar qilishicha, bosh vazir Letta janob Berluskonining partiyasigi dissidentlar hisobiga omon qolishga umid qilayapti.

Bosh vazir Letta Berluskonini o‘z shaxsiy xavotirlari tufayli mamlakat hukumatini xavf ostiga qo‘yishda ayblagan.

Tahlilchilarga ko‘ra, mazkur inqiroz Italiyaning iqtisodiy muammolari, xususan yirik qarz, retsessiya va yoshlar orasidagi yuqori darajali ishsizlik kabi muammolarni yechish harakatlariga jiddiy to‘siq qo‘yadi.