Tojikiston: Saylov fasliga sayohatnoma

Xo‘jand Prezident Rahmon safari oldi Image copyright none
Image caption Xo‘jand Prezident Rahmon safari oldi

Dalada rizq terayotgan, mardikorlik qilayotgan, farzandini va yo juftini yillarcha kutayotgan, mashinasida kirakashlik bilan kun ko‘rayotgan va boring-ki oddiy tojikistonliklarning aksariyati (qariyb) bir oydan keyin bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovi bilan astoydil qiziqayotgani yo‘q.

O‘sha aksariyatning bunga nafaqat vaqti yo‘q, balki bugungi turmush tashvishlari va haqiqiy hayotning manzarasida saylov bir taksi haydovchisi aytmish "amerikacha" bo‘lmasligiga ishonchlari komil.

"Xo‘p, kimni saylaymiz? Kimni taniymiz? Bir ayol kishini aytishdi, umrimda eshitmaganman u haqda...Ochig‘i man ikki odamni taniyman, biri shu Imomali bo‘lsa, ikkinchisi Kabiriy, qolganlari haqida hech narsa bilmayman. Shuning uchun ham, Imomaliga ovoz berishimiz tayin. Shu tinchitdi yurtni. Qo‘rg‘ontepadan ko‘chib keldik. Millatchilik yomon bo‘lgandi. Mahalliychilik... Sal o‘nglanayapti, ammo baribir "san o‘zbek", "man tojik" deydiganlar bor, kattalar orasida ham bor!"

Muhammad aka 20 yildan beri taksi haydaydi. Sho‘rolar davrida avtobus haydagan. To‘rt o‘g‘li bor. Ular Rossiyada... Prezident Imomali Rahmonning mamlakat shimoliga safari kunlari edi suhbatlashganimizda, yo‘llar yopilgan, mashinalar biri-biriga bas qilib signal chalgan, so‘kingan kim, baqirgan kim...

"Yopadi-da yo‘lni, bir marta shu o‘zimizda buni (Prezidentni) portlatib yuborishiga bir bahya qoldi. Qo‘rqadi-da... Baribir ishonmaydi. Mana qancha portretlarini osib tashlashdi, "xush omaded" deb yozilmagan joy o‘zi ...haligi joy qoldi, xolos, lekin baribir ishonmaydi. Man ham ishonmagan bo‘lardim. Bilib bo‘ladimi hozirgi zamonda..."

"Mana shu aeraport eshigida Rossiyadan reys kutib yashayman. Mardikorlar keladi, yopishaman, ikki uchtasi olib rayonlarga chiqib ketaman. Yaxshi to‘lashadi. Puli bor-da bu bechoralarning...Ko‘rsangiz mehnat ezib tashlagan. Yangi yildan keyin sezon o‘ladi. Kamroq mardikor keladi. Ayrim reyslar to‘xtaydi. Qarang, manga o‘xshagan yuzdan ortiq taksichi, bojxonadagilar, melisalar va hatto yuk tashuvchilarning ham qozonidan go‘sht tortilib qoladi. Shular boqib turibdi bizni asosan..."

Mardikorning ushalmagan orzusi

Image copyright none
Image caption To‘y dasturxoniga esa, Tojikiston uchun "noyob" banandan tortib, boshqa noz-ne‘matlargacha qo‘yiladi...

Ahmadali 35 yoshda. O‘n yildan beri Moskvaga qatnaydi. Bir yilda bir marta keladi vataniga... Shu safar kelganida ukasini uyladi. "Har yil bir tadbir bor, aka, shunisiga ham shukr, mana bu yil ukamni uyladik. Yoshi 25da, u ham oldimda, Rossiyadamiz aka...Yaxshi to‘lashadi u yerda..."

To‘yxonaga belgilangan 150 nafar mehmondan sal ortiqroq odam keldi. Bolalar qiy - chuviga mahalliy hofizning "...o‘n besh kun bo‘ldi ko‘rmaganimga..." degan qo‘shig‘iga asosan qiz-juvonlar raqsga tushishdi. Erkaklar oz. Stol ustida esa hamma narsa muhayyo! Bananu ananaslarga qarab Tojikiston demaysiz.

"To‘rt yil avval uyga kelganimda, ikki yashar o‘g‘lim Imomali "amaki" deb chaqirsa bo‘ladimi? Tanimadi. Bo‘ldi, yetadi dedim va shu orada bir do‘konni sotib oladigan bo‘ldim. Avvaldan orzu qilardim, ro‘zg‘orim o‘tsa bas, shu vatanda ishlasam deb... Ishonsangiz, shu fikr kallamga kelgani uchun birovga pora bermadim,xolos. Do‘kon tiklanguncha, ichini to‘ldirganimgacha hali unisi keladi dog‘ tushgan galstugini osiltirib, hali bunisi... Jonga tegib ketdi. Foyda qayerda? Hammasi shularni boqishga ketdi. Qo‘l siltab yana ketdim. Ukamni ham olib ketdim o‘shanda, hozir yomon emas..."

Ahmadali Sentyabr oxirlariga yana jo‘nab ketdi. Jo‘nashidan avval saylov haqida so‘radim. "Qanaqa saylov aka? U yoqda saylov yo‘q... Bu yerda bo‘lganimda boshqa birovga ovoz berib ko‘rardim. Bilaman, baribir man ovoz beradigan odam yutmaydi, lekin atay shunday qilib ko‘rardim..."

"Svetchi"ni Rog‘un hissalari bilan haydagan o‘qituvchi hikoyasi

"Opamning ta‘ziyasi edi, uyda bir - ikki mulla chaqirib Qur‘on tilovat qilib o‘tirgandik. Topgan vaqtini qarang, har oy to‘layman shu elektrga, biror marta kechikkanim yo‘q. Shu kuni mavridi emas edi, axir! Kirib keldilar qorinlarini selkillatib, salom alik yo‘q, "svet puli, ichyotchik qani", deydi. Asta tushuntirdim, shu mullalar ketsin, ta‘ziyali joy, erta o‘zim o‘taman dedim... Nima emish, "aka, manga qarang, jizn hech kim pulini olib borib to‘lamaydi, ketlaringda ovora yuraman har safar, mullalarni ham uyida sveti bor, tushunadi deydi..." Aslida uyda maydalanmagan pul yo‘q edi. Buni ham aytdim. Kaltakesakka o‘xshab tanglayidan chirqillab ovoz chiqarib turdi. Unisini ham aytdim. Bo‘lmadi, oxiri onasini surishtirdim, asabim qaynadi, yomon xo‘rligim keldi, ikki oylikka Rog‘un degan qurilishiga hissa sotvolganman! Shartta olib chiqdim, otdim yuziga, surishtirmagan joyim qolmadi. Bechora nima qilarini bilmaydi", tushuntirsangiz, tushunamiz, mayli "ga o‘tib oldi. Surishtirvordim hammasini, kattalarini ham, undan kattalarini ham... Indamasang bular eshak qilib minadigan bo‘lgan, amalga o‘tirdimi, bas, ustingda... Mayli, mindingmi, endi yemishidan ham xabar olib tur!"

Saylov haqida so‘rayman. O‘qituvchi og‘ziga nos otadi. "Emomaliga ovoz beyaman, faqat saylov qog‘ozzi oyqasiga yozaman, Yassiyadan bollarni opkel, poyaxo‘ylarni yo‘q qil deb shayt qo‘yaman!"

Dehqonning rosti...

Image copyright none
Image caption Saylovlar bilan birovning ishi yo‘qdek...

Abdurashid dalada ishlaydi. Qirqni qoralab qolgan. Ikki gektarlik yerni ijaraga olgan. Dushanbeda agronomlikka o‘qib kelgan. Rostgo‘y bo‘lgani uchunmi va yo teparoqda qarindosh-urug‘lari yo‘qligidanmi, uyida mol boqadi, kasbi bo‘yicha ishlamadi... Shu yil shartnoma asosida o‘g‘li Dushanbedagi tibbiyot institutiga o‘zi kirdi. Hech kim bunga ishonmaydi. "Bir ma‘rakaga bordim, do‘ppimni yangisini unutibman... Ertasiga xotin gap topib keldi, go‘yo institutga bor budimni berib, hatto do‘ppimgacha sotibman. Hech kim bu o‘g‘ilchaning maktabda a‘lochi bo‘lganini, o‘zi repititor mepititor topib qatnab yurgani, yoz bo‘yi dalada men qatori kunduzi ishlab kechasi o‘qiganini gapirmaydi. Maylida... ammo hozir pul ko‘p ketib qolayotgani rost. Mana shu shartnoma puli, ijara, poytaxtdagi hayot arzon emas, oshna!"

Abdurashid saylovda ovoz beradi. Kimga va nimaga ovoz berishini yaxshi biladi.

"Ayni urush boshlashganda Dushanbeda edim. Qattiq qo‘rqqan kunlarim bo‘lgan... Sirtdan o‘qiydigan bo‘lib qaytgandim o‘shanda... Haq talashdi bular, keyin nima qildi bilasanmi, bittasi imorat qurdi, boshqasi yer oldi, mashina mindi, baqir-chaqiri bosilib qoldi... Haqi shu ekanmi? Shu haqi deb qancha odam o‘ldi, ketdi, qolgani xonumonidan ajradi. Hozir tinchlikni saqlab turishibdimi, ishlayversin, bir dumalab boyimaydi odam, davlat ham shu... Hamma pastu balandidan o‘tish kerak. Tinch bo‘lsak o‘tamiz, tinch bo‘lmasak... Xudo ko‘rsatmasin, yana birorta appazitsiyasi chiqib talashadigan bo‘lsa keyin nima qilamiz? Qo‘y, kel, mani shu o‘g‘lim do‘xtir bo‘p kelsin, qishloqdagi yaxshi do‘xtirlar hammasi Rossiyaga ketvorgan..."

Aqidasida sobit kommunist nolasi

Sobit amaki Sho‘rolar davrida "katta ish"da ishlagan. Shahar partiya qo‘mitasida... Bugun nafaqada. "Bolalarning barini o‘sha yillar o‘qitdim. To‘rt o‘g‘ildan bittasi sho‘xroq chiqdi. Qolganlari hammasi uyli, joyli, kallasi ham joyida, ikki nafari Dushanbeda ishlaydi. Biri institutda domla... Qizim ham o‘zimizda shahar obodonchilik boshqarmasida. Qanday qilib erishdim bunga, bilasizmi? O‘qidim. Sho‘ro davrida o‘qidim. Kommunist desa hozir ayrim joylarga borsangiz, hazar qilishadi...Achinibmi qaraydi, nafratlanibmi.. Iya, bu nima degan gap? Poyezdingni kim olib kelgandi? Nomingni kim qo‘yib bergandi? Sho‘ro davrida qanaqa tenglik bor edi, bilasizmi? Menga Qrimga putyovka ishchidan keyin tegar edi. Mashina oladigan bo‘lsam ham orqa oldimga qarardim. Hozir qanaqa? Surishtirib ko‘ringchi birortasidan Mersedes qayerdan keldi deb? Uch-to‘rt qavatli uylarni so‘rang, egasi kim ekan... Tunov kuni bir tadbirga bordim, mulla deganlari ham bilasizmi qanaqa duo qilayapti? Rayonni hokimidan tortib, qishloqning raisiga dovur, nima emish, shularning rizqini behisob qilib bergin, biz ham bahramand bo‘laylik... To‘g‘ri, kommunist bo‘lib hali kommunizm qurishga ulgurmagandik, bizdan ham o‘tgan joyi bor, ammo hozirgi ahvolni qarang, bunaqa emas edi u paytlar... Baribir tilim qichidi, so‘radim domullodan, bu dini Islomda xalq qolib, boyga qayish degan joyi yo‘q edi, duolarni ham boylar olib ketdi-ku dedim. Indamadi. Kommunist bilan aytishamanmi deb o‘yladimi o‘zicha, yoki inday olmadimi, bilmadim".

Sobit amaki saylovda "o‘zimizdan chiqsa ovoz beraman, bo‘lmasa yana Imomalini saylayveramiz", deydi. "...nimaga bilasizmi? Chunki partiya bor! Kommunist partiya bor va ishlayapti bizda! O‘zbekistonga o‘xshab o‘tmishiga o‘t qo‘yadigan bo‘lsa nima qilardik? Ammo, u yerda ham do‘stlar bor, qiyin bo‘lsa ham bordi keldini uzganimiz yo‘q. Bu kunlar ham o‘tib ketadi..."

Mulla tog‘aning nasihati...

"Bundan bir necha yil avval masjidda ma‘ruzani tugatishim bilan old qatorlarda o‘tirib olgan yosh yigitlarning biri savol berdi. "Afg‘oniston, Iroqda dindoshlarimizni o‘ldirishmoqda, bolalar, ayollar, keksalar nobud bo‘lmoqda, biz nima qilaylik?" deb so‘radi bir kallasi aynigani... Atay mana shunaqalarni fitna qo‘zg‘atish uchun savol so‘ratishadi o‘zi. Bilaman! Nima qilasan, dedim, duo qilasan haqqiga, insof tilaysan odamlarga dedim. "Munofiq bo‘lib qolmaymizmi?" dedi. Bularning og‘zidan ona suti ketgani yo‘q, gapirgan gapiga qarang. Astag‘furullo. Yomon jahlim chiqdi, axir o‘n ming atrofida odam qarab turibdi. "Bor", dedim, "borib urush, keyin o‘sha bosqinchilar buyoqqa ham kelsin, bizni ham o‘ldirsin, qani iroqlik bilan afg‘on kelib sanlarga yordam berarmikan", dedim! Keyinroq shulardan bir ikkitasi anavinaqa hukumatga qarshi guruhlarga qo‘shilgan ekan, olib borib qamashibdi. Meni ham chaqirib kallamni aynitishdi... Kimdir borib chaqibdi. Nima emish: "Ularga boringlar, Iroqqa, Afg‘onga borib urushinglar, keyin ular ham kelib bizga yordam beradi, Islom davlati qurvolamiz", debmishman. Bazo‘r tushuntirdim. Din ham ko‘z qorachig‘i. Uni ham asrab avaylash kerak. Buni yoshlar tushunmaydi. Emaklaganidan masjidga kelib namoz o‘qishni o‘rgandi bular, bu masjid o‘ttiz yil avval omborxona bo‘lganini, mani bobolarim har yonidan o‘tganida bir yig‘lab olganini biladimi bular? Shukr qilishmaydi!Qadriga yetishmaydi zamonning..."

Mulla tog‘a gaplarim omonat deganday atrofga qaraydi. Saylov haqida... "Shu kunga yetvolaylik, Xudo bir yo‘lga boshlar..." deydi.

Omadi chopgan sohibkor dakkisi

Image copyright none

"Manga qarang, ishlamagan Sovet davrida ham ishlamagan, ochidan o‘lmagan, ammo ishlamagan... Ishlamaydigan Amerikada ham ishlamaydi. Bahonasi tayyor bo‘ladi ularni. Ishlasang, lyubboy vaqt ishlaysan ham, shunga yarasha tishlaysan ham! Hamma narsaning yo‘li bor. Shu yo‘llarini qilib yashasang, uy ham qurasan, mashina ham olasan, ota-onangni olib Hajga ham borib kelasan, amallaysan... Man ham boshida uyga ikkita non qo‘ltiqlab kelardim nonvoyxonada ishlab... O‘rgandim ishni, Toshkentga amakimnikiga borib u yerda nonvoyxonada ishladim. Qaytdim, ana shu man o‘rgangan patirni bu yerda hech kim qilmas edi. Bugun borib falonchini noni bormi deb ko‘r bozorda tushdan keyin... Ertaga sahar keling, aka, soat 11 gacha tugaydi deydi. Oson bo‘lmadi boshida. Unisi keldi, bunisi keldi soliq deb, tozalik deb... Jiyanim ikkinchi kursda edi yuridicheskiyda... qarasam zo‘rg‘a o‘qiyapti, Rossiyaga ketamanga tushgan. O‘zim o‘qitaman dedim. Hamma hayron. O‘qitdim. Bitirganidan keyin mandan "haq" so‘raydiganlarning orasiga ishga joyladim. Olti yil bo‘ldi. Hozir mani "krisham" shu. To‘rtta do‘konim bor, ikkita tsex, bittasida non chiqaramiz, ikkinchisida shirinliklar. Gazetga ham yozib chiqishdi. Yaqinda shahardan o‘zimizning do‘kon ishga tushadi. Jiyanlarga, bolalarga shart qo‘ydim. "O‘qiyman", deganingni o‘qitaman dedim. Ikkitasiga kompyuter olib berganman. Man ichmasam, chekmasam, yomon yo‘lga yurmasam, nima qilaman boshqa? Hali bular ham bitirib olsin, Xudo hohlasa, Dushanbeda ham do‘konlar ochib qo‘yamiz".

Saylov haqida sohibkor hech ikkilanmay javob beradi. "Bizni prezident zo‘r, uni davrida odam bo‘ldim, ovozimizni ham shu kishi oladilar..."

Nurxon momoning aytganlari

"Katta o‘g‘lim armiyasiga ketganda ikki yil yig‘lagandim. Urush kino bo‘lsa televizoridan vahima bosardi, cholim so‘ksa ham yig‘layverardim. Bir yilda 15 kunga kelib ketgandi. Qayerga borsa ergashib yurdim, diydoriga to‘yib olay debmidim... Ikki yilda qaytdi. Qolganlari qizlar... Hozir katta nevaram 12 yildan beri Rossiyada, ikki uch yil deganda bir keladi, duo qilib o‘tiramiz. Kelinim ham sog‘inadi. O‘zini xotini ham... yo bilintirmaydi va yo iloji yo‘q, ishqilib shu boqib turibdi. Rossiya ham o‘yinchoq bo‘lib qoldi. Sakkizda o‘qiydigan o‘g‘li ham maktabni bitirsam Maskavga ketaman deydi. Shunisiga ham shukr. O‘g‘lim zavodda ishlab saxar kasalini orttirgan. Uyda o‘tiradi nevaralariga qarab... Kelinim kichkina bolalarni o‘qitadi, pensiyaga chiqay deb qoldi... unga ham qiyin. Ikki o‘g‘li Rassiyada... Bilintirmaydi, chidaydi, sog‘insa ham bilintirmaydi. Nevaralariga ovunsa kerak... Man ko‘rpa qavib turardim. Hozir ko‘z xiralashib qoldi. Shunga ham yaramay qoldim. Shunga ham shukr, duo qilib o‘tiribman..."

"Bolam saylovchilar keladi o‘zi, qog‘oz qalam ko‘tarib, o‘zlari ko‘rsatib imzolatib olishadi, shu poshshomiz turadi, hali baquvvat ko‘rinadi televizordan, mayli umri uzoq bo‘lsin..."