AQSh kuchlari Afrikada islomiylarga qarshi amaliyot boshladi

Image copyright AP
Image caption Anas Libi Markaziy Xosuslik Xizmati ro‘yxatida 10 yil davomida eng qidiruvdagi shaxslardan bo‘lgan

Amerika hukumati Somali va Liviyada islomiy jangarilarning nufuzli rahbarlari yashiringan deb biladi.

Shu maqsadda Amerika harbiy-dengiz maxsus kuchlari Afrikada katta harbiy josuslik amallarini boshlaganini ma‘lum qilgan.

Amerika Davlat Kotibi Jon Kerrining aytishicha, AQSh maxsus qo‘shinlarining Liviya va Somaliga uyushtirgan reydlari Vashingtonning terrorizm uchun mas‘ullarni tutib jazolash qarorida qat‘iy ekanini namoyish etadi.

Bir kun oldin Amriko Harbiy dengiz maxsus kuchlari Somalidagi xonadonlardan biriga hujum qilgan. Bu uydan go‘yoki Keniyadagi savdo markaziga hujumni tashkil qilgan "Ash Shabab" rahbarlaridan biri foydalangan.

Amaliyotlar vaqtida, 1998 yil AQShning Keniya va Tanzaniyadagi elchiligiga hujumga aloqador "Al-Qoida" qo‘mondonlaridan biri qo‘lga olingani aytilmoqda.

O‘shanda 220 inson halok bo‘lgan hujumga Anas Libi nomi bilan taniqli Nazih Abdul-Hamid Rukay rahbarlik qilganiga ishoniladi. U Tripoli yaqinida ushlangan.

Anas Libi mashinasini uyi oldida to‘xtatgan payt Amerika xavsizlik kuchlari uni o‘rab olishgan, mashina oynasini sindirib, qurolsizlantirilganini Libining ukasi gapirib bergan Associated Pressga.

Nazih Abdul-Hamid Rukay haqidagi ma‘lumot uchun 5 million dollar mukofot va‘da qilingan, Nyu Yorkda unga sirtdan mahkama bo‘lib o‘tgan edi.

Uning qo‘lga olinishi Al-Qoida uchun jiddiy zarba hisoblanadi.

Somalidagi maxsus kuchlar tomonidan "Ash-Shabab"ning yetakchi a‘zolaridan birini ushlash harakati esa natijasiz tugagan.

"Ash-Shabab" rahbari Keniyada 67 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan oxirgi portlashlarga aloqador ko‘rilmoqda.

Bundan oldin "Ash-Shabab" guruhi "oq askarlar" ularning nazoratidagi Baravega hujum qilgani, lekin islomiylar hujumni qaytarishga muvaffaq bo‘lganlarini xabar bergandi.

Barave aholisi yarim tunda qattiq otishma va portlash ovozlariga guvoh bo‘lgan.

"Ash-Shabab"ning matbuot voizi Shayx Abduasis Abu Musabaga ko‘ra, hujumda Britaniya va Turkiya harbiylari yaralangan, bir kishi o‘ldirilgan.

Britaniya va Turkiya hukumatlari esa amaliyotda o‘z askarlari ishtirok etmaganini bildirdi.