Artur Grigoryan: "Ruslan jangga shay va Klichko g‘olib chiqadi"

Image caption "Ruslanning bo‘lajak jangga tayyorgarligi a‘lo darajada"

O‘zbekistonlik boks "qiroli" bo‘lgan murabbiysi Ruslan Chagayevning bugungi janggi oldidan tayyorgarligini ana shunday baholadi.

Ruslan va uning serbiyalik raqibi Yovo Pudar o‘rtasidagi jang g‘olibi WBA Intercontinental va PABA kamari sohibiga aylanadi.

Ruslan Chagayev professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempionidir.

Ammo u qator janglar o‘tkazib, WBA tasnifida o‘z reytingini yaxshilab, shu yil oxirlarida yana jahon chempionligi kamari uchun ringga tushmoqchi.

Uning bo‘lajak raqibi Yovo Pudar esa, PABA (Pan Asian Boxing Association) kamarining amaldagi sohibi sanaladi.

34 yoshli Ruslan Chagayev professional ringda 34 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa, shuning 31 tasida g‘olib chiqqan, ikkitasida mag‘lub bo‘lgan va yana bir jangida durang natija qayd etgan.

Uning 42 yoshli bo‘lajak raqibi Yovo Pudar professional ringda 30 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa, shuning uchtasida mag‘lubiyatga uchragan.

Ammo boks kechasining asosiy uchrashuvi Vladimir Klichko va Aleksandr Povetkinlar o‘rtasida bo‘ladi.

Vladimir Klichko - Aleksandr Povetkin o‘rtasidagi jangga esa, IBF, WBO, IBO, WBA tasniflarida eng og‘ir vazn toifasida jahon chempionligi kamari tikiladi.

Vladimir Klichko - Aleksandr Povetkin, tarixiy jang oldidan - fotoreportajimizda tomosha qiling.

Har ikki jang ham 5 oktyabr kuni Rossiya poytaxti Moskva shahridagi 14.000 kishilik "Olimpiyskiy" sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.

Ruslan 2007 yilning 14 aprel kuni rossiyalik bokschi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni bo‘lgan.

U o‘tgan va shu yil hisobidan o‘tkazgan har to‘rt reyting janggidan barchasida g‘alaba qozongan.

Ruslan o‘tgan yil avgust oyida Olmoniyaning o‘zi qariyb 10 yildan buyon shug‘ullanib kelgan Universum Box-Promotion klubi bilan shartnomasini buzgan va so‘nggi janglarini erkin agent maqomida o‘tkazgan.

Ruslan Chagayev bir necha oydan buyon yangi murabbiysi Shugar Hill qo‘l ostida Amerikaning Detroyt shahrida shug‘ullanib kelgan va yaqinda Olmoniyaga qaytgandi.

Artur Grigoryan BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida har ikki jangda ringga chiquvchi bokschilarning imkoniyatlarini mana bunday baholadi:

Image copyright AFP

Artur Grigoryan: Ha, agar o‘z kuzatuvlarimdan kelib chiqib aytsam, Ruslan jangga juda shay. Mashg‘ulotlarimiz jarayonida ko‘plab yangi usullarni ham sinab ko‘rdi va ularni uddaladi. Tasavvur qiling, deylik men bokschi Ruslan Chagayevman. Agar, meni bir aktyorga qiyos qilsak, ko‘pchilik mening rolimni va uni qanday o‘ynashimni biladi. Har qanday yangilik esa, raqibingiz uchun kutilmagan bo‘ladi. Biz hozir Ruslan bilan xuddi ana shuning ustida ishlayapmiz va bunga muvaffaq bo‘layapmiz. To‘g‘ri, men yengil vazn toifasida ringga tushganman. Ammo murabbiy sifatida og‘ir vazn toifasidagi bokschilar va ularning jang olib borish usullarini yaxshi bilaman. Men hozir Ruslanga yanada tezkorroq jang olib borish va oyog‘ini chaqqonroq ishlatish sirlarini o‘rgatayapman. Hayotda bo‘lmasa ham, ringda o‘zi uchun harakat qilishi shart ekanini uqtirayapman. Shularning barchasidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsa, Ruslanning bo‘lajak jangga tayyorgarligi a‘lo darajada.

BBC: Artur aka, Ruslanning bo‘lajak raqibi serbiyalik bokschi Yovo Pudar amaldagi PABA kamari sohibi ekani nazarda tutilsa, uning kuchi va qobiliyatini qanday baholaysiz?

Artur Grigoryan: Ha, u juda jiddiy va yaxshi bokschi. Amaldagi PABA kamari sohibi va jahon chempionligi uchun da‘vogar. Lekin, shuni bilingki, boksda kimdir lider bo‘ladi va kimdir undan ana shu maqomini olishi shart bo‘ladi. Chunki bu - boks. Men o‘zim ham bokschi bo‘lganman. Ustiga ustak Ruslan va raqibini yaxshi bilganim uchun shuni ayta olamanki, albatta, Yovo Pudarni hurmat qilamiz. Ringda munosib, to‘g‘ri va aniq jang olib boradi. Kuchli bokschi. Lekin biz ham anoyilardan emasmiz. Serbiyalik bokschining zaif nuqtasini topish va jangni o‘z foydamizga hal qilish uchun lozim bo‘lgan barcha imkoniyatlardan foydalanish ustida ish olib borayapmiz.

BBC: Endi, sizning nazaringizda, bu jang har ikki raqib uchun qay bir jihatdan muhim, ahamiyatli va unda Ruslanning g‘olib chiqish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

Artur Grigoryan: Har bir raqibni yengish mumkin. Faqat bunga ruhan tayyor bo‘lsang, bo‘ldi. Ha, hamma hayajonlanadi. O‘ylaydi. Xavotirga tushadi. Nima bo‘larkin, qanday bo‘larkin deydi. Ammo, nima bo‘lishidan qat‘inazar, hamma narsaga tayyor turish va raqibingga o‘z "men"ingni ko‘rsatishing shart. Shundagina o‘zing istagan natijani qo‘lga kiritasan. Raqibingni so‘nggi soniyagacha hurmat qilishing, mashg‘ulotlarda ko‘rsatgan mahoratingning yarmini ishga solishingning o‘zi bunga kifoya qiladi. Ruslan uchun bu jangning ahamiyati beqiyos. Bu jang Ruslan uchun yana jahon chempionligi sari qo‘yilgan katta qadam bo‘ladi. Agar g‘olib chiqsa, WBA tasnifida Intercontinental va PABA kamarlarini qo‘lga kiritadi. Va shundan keyin bitta yoki ikkita jang o‘tkazib, jahon chempionligi kamari uchun ringga chiqishi mumkin bo‘ladi. Butun O‘zbekiston xalqidan Ruslanga ishqibozlik qilishlarini so‘rab qolaman.

BBC: Artur aka, bugungi boks kechasining asosiy janggi professional boksda birvarakayiga to‘rt kamar sohibi ukrainalik boskchi Vladimir Klichko va WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida amaldagi jahon chempioni Aleksandr Povetkinlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Sizningcha,bu jangda kim g‘olib chiqarkin?

Artur Grigoryan: Mendan ham shu savolni so‘rashadi, "Nafaqat mutaxassis, balki bokschi sifatida ham, seningcha, kim g‘olib chiqadi, Klichko bo‘lsa kerag-a", - deb. Men buni faqat Vladimir Klichkoni yaxshi bilganim uchun aytmayapman. Lekin har ikki bokschiga chetdan qarasangiz, menimcha, Klichko baribir ustun. Chunki Vladimir hujumkor, keyin istalgan masofadan turib jang olib bora oladi. To‘g‘ri, Povetkin ham anoyi emas. Amaldagi jahon chempioni va o‘zining "men"i bo‘lgan bokschi. Lekin men baribir Klichko g‘olib chiqadi, degan fikrdaman. Chunki uning tajribasi katta. Jangda turli usullardan foydalanishda mohir. Shuning uchun ham u bekorga shuncha kamar sohibi emas.