Professional boks: Ruslan Chagayev ikki kamar sohibiga aylandi

Image copyright AFP
Image caption Ruslan Chagayev ikki kamar sohibiga aylandi

Serbiyalik raqibi Yovo Pudarni mag‘lub etgan o‘zbekistonlik dongdor bokschi WBA Intercontinental va PABA kamarlarini qo‘lga kiritdi.

Ruslan endi WBA reytingida 1-o‘ringa ko‘tarilib, yaqin orada jahon chempionligi kamari uchun yana ringga tushishni rejalamoqda.

Moskvada bo‘lib o‘tgan jang to‘liq 12 raund davom etdi.

Ruslan butun jang davomida raqibini bir necha bor nokdaunga ham uchratishga muvaffaq bo‘ldi.

Ammo Yovo Pudar har gal o‘zini o‘nglab olishga muvaffaq bo‘ldi.

Jang yakunida hakamlar bir ovozdan Ruslan Chagayevni g‘olib deb e‘lon qilishdi.

Ruslan bo‘lajak janggi arafasida BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida ringga faqat g‘alaba uchun tushishini aytgandi.

Murabbiysi Artur Grigoryanga ko‘ra, bu jangdagi g‘alabasi Ruslan uchun jahon chempionligi sari qo‘yilgan katta qadam bo‘ladi.

Ruslan Chagayev 2007 yilning 14 aprel kuni rossiyalik bokschi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni bo‘lgan.

Shundan so‘ng o‘z kamarini bir necha bor muvaffaqiyatli himoya qilgan Ruslan Chagayev 2009 yilning iyun oyida WBO va IBF tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni, ukrainalik bokschi Vladimir Klichkoga yengilib, chempionlik unvonidan butkul mahrum bo‘lgandi.

Ikki raqib o‘rtasidagi jang Rossiya poytaxti Moskva shahridagi 14.000 kishilik "Olimpiyskiy" sport majmuasida bo‘lib o‘tdi.

5 oktyabr kungi boks kechasining asosiy janggi esa, ukrainalik dongdor bokschi Vladimir Klichko va rossiyalik raqibi Aleksandr Povetkinlar orasida bo‘ldi.

IBF, WBO, IBO, WBA tasniflarida eng og‘ir vazn toifasida jahon chempionligi kamari tikilgan jangda rossiyalik raqibi Aleksandr Povetkinni mag‘lub etgan ukrainalik dongdor bokschi Vladimir Klichko g‘olib chiqdi.

To‘rt kamar sohibligi tikilgan va to‘liq 12 raund davom etgan jang asosan Vladimir Klichkoning ustunligi ostida kechdi.

Vladimir raqibini butun jang davomida to‘rt bor nokdaun qilishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo har gal Povetkin oyoqqa qayta oldi.

Jang yakunida hakamlar bir ovozdan Vladimir Klichkoni g‘olib deb e‘lon qilishdi.

Bu - Vladimir Klichko professional ringda o‘tkazgan 64-jang bo‘ladi. Jahon chempionligi kamari uchun esa, 24-bor ringga chiqishi edi.

Ukrainalik dongdor bokschi Vladimir Klichko professional boksning IBF, WBO, IBO tasniflarida eng og‘ir vazn toifasida jahon chempioni, WBA tasnifida esa,

superchempiondir. Uning rossiyalik raqibi Aleksandr Povetkin esa, bugungi jangiga qadar WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida amaldagi jahon chempioni edi.