Misrda norozilik namoyishlari yana qon to‘kilish bilan tugadi

Image copyright AP

Misr rasmiylariga ko‘ra, mamlakatning turli hududlarida qudratdan ag‘darilgan prezident Muhammad Mursiy tarafdorlarining tashkil qilgan norozilik namoyishlari xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketgan.

Oqibatda ellikdan ortiq inson halok bo‘lgan.

6 oktyabr yakshanba kuni Misr 1973 yilgi Isroil bilan urush sanasini nishonlagan.

Shu munosabat bilan muvaqqat hukumat rahbarlari ishtirokida tantanali marosimlar tashkil qilingan.

Muvaqqat hukumatning ko‘p ming sondagi dastaklovchilari poytaxt Qohiraning Tahrir maydonida to‘planganlar.

Biroq shu yil iyulida harbiylar hokimiyatdan chetlatgan prezident Muhammad Mursiy tarafdorlari norozilik yurishi uyushtirganlar.

Norozi namoyishchilar Tahrir maydoniga o‘tishga harakat qilganlar.

Xavfsizlik kuchlari ularni tarqatish uchun avval ko‘zdan yosh sizdiradigan gaz qo‘llaganlar.

So‘ng haqiqiy o‘qlar ishga solingan.

Guvohlarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning aksari ko‘kragi va boshidan otilgan.

To‘qnashuvlar Misrning boshqa shaharlarida ham ro‘y bergan.

Misr Sog‘likni saqlash vazirligi 7 oktyabr tongida halok bo‘lganlar soni 53 ga yetgani, 270 dan ortiq kishi jarohatlangani haqida xabar tarqatgan.

Rasmiylarga ko‘ra, dushanba kuni ko‘chalar tinchigan.

6 oktyabr kunidagi zo‘ravonliklar Misrda 14 avgustdan keyingi eng ko‘p qon to‘kilgan kun bo‘lgan.

"Musulmon birodarlar" tashkilotining prezident Mursiyning o‘z lavozimiga qayta tiklanishi talabi bilan tashkil qilingan norozilarning jamlog‘ini tarqatish paytida Misr armiyasi va politsiyasi yuzlab insonlarni o‘ldirgan.

Shundan keyin Misr rasmiylari "Musulmon birodarlar" tashkilotini noqonuniy deb e‘lon qildi.