Qarshida aholidan gaz haqini undirishning yangicha usuli topilgan

Image caption Gaz shashti hozir ilgarigidek emas, deydi qarshiliklar

Qarshiliklarning so‘zlariga ko‘ra, shahar gaz ta‘minoti boshqarmasi tomonidan aholining ishlatilgan gaz uchun to‘lov qog‘ozlariga katta miqdordagi summalarni yozish holatlari ko‘p uchramoqda.

Bunday holatlar ham ko‘p qavatli uy egalariga, ham hovlida yashovchi kishilarga nisbatan qo‘llanilmoqda.

Gaz to‘lovini to‘lash uchun borgan shaharliklarning aytishicha, o‘zlariga tegishli to‘lov ustiga to‘rt-besh baravar qo‘shib yozilgan.

Buning sababini so‘rashganda, Qarshi shahar gaz ta‘minotidagi o‘zini Shohista deb tanishtirgan qiz "Shuncha ishlatgansiz. Kompyuterga tushgan. Endi to‘lashga majbursiz", deb javob bergan.

"Ya‘ni 6 ming to‘lashim kerak bo‘lgan joyda 60 ming deb yozib qo‘yibdi nazoratchi, deb aytadi qarshilik fuqaro. "Bu qanaqa gap? Hech kim turmagan uyda faqat o‘zim ro‘yxatdan o‘tganman va 1 kishi uchun to‘lab boraman. Bu safar borsam 60 ming deb yozib qo‘yibdi. Gaz ta‘minotidagi xodimaga ko‘ra, shirkatdan besh kishi ro‘yxatda turadi, degan qog‘oz olgan emish. Men ham printsip qilib shirkatga bordim. Shirkatdagilar bunday qilmaganmiz, deydi. Hayronman, gaz ta‘minotidagilar bo‘lsa bo‘ynimga osongina katta qarz ilib qo‘ymoqchi".

Davlat idorasida ishlaydigan Sayyora opaga ko‘ra, uning hovlisida hisoblagich bo‘lishiga qaramay, katta summalarni yozib ketavergach, kompyuterga tushgan deb to‘latavergach, hisoblagichini ko‘chaga chiqarib o‘rnatibdi. "Lekin ahvol hamon o‘sha. Qarzimni to‘lagan joyda yana qarz qilib qo‘yapti. Yaqinda borsam 120 ming qarz yozgan. Hali qish mavsumi kelmagan, gazni buncha ishlatmasak, qayerdan keldi bu pul. Ustingizdan arz qilaman desam, qayerga borsangiz boravering, deb aytishdi. Nahotki gaz ta‘minotidagi qo‘shib yozishlarni hech kim nazoratga olmaydi", deb aytadi u.

Qarshilik Murodjonning tasdiqlashicha, ko‘p idoralar "gazdan qarzi yo‘q", degan qog‘ozni ko‘rib keyin oylik beryapti. "Bu ham to‘g‘ridir balki, odamlar gazga to‘lolmayapti yoki to‘lamagan. Lekin ularni yana qo‘shimcha qarz qilib yuborish hollari ko‘p uchrayapti".

Faollarning so‘zlariga qaraganda, odamlar oyma-oy to‘lab borsa, bunday qo‘shib yozishlarni amalga oshirolmaydi. Qarzi ko‘payib qolgan odamlarning summalari ustiga qo‘shib yozish osonroq va ulardan gaz ta‘minotidagilar yaxshi foydalanishmoqda.

Gaz to‘lovlari bo‘yicha fikrini bildirgan keksa yoshdagi qarshilik shunday deydi: "O‘zi hamma yoq qalloblik bo‘lib ketdi. Ba‘zi odamlar gazni xohlagancha ishlatib, uyda non pishirib sotadi yoki svarka qiladi. Ketgan pulini to‘lamasdan, nazoratchining cho‘ntagiga haqini solib qo‘yadi va yana xohlagancha ishlataveradi. Hisoblagichini qayta-qayta boshiga aylantiradi. Bunday kishilar mana yonimda ham bor. Shunaqalarning kasriga boshqa odamlar qolmoqda. Ba‘zilar bor gazga to‘lolmay qarz bo‘ladi. Ustiga ustak ularga yana qo‘shimcha qarz ham yozib qo‘yadi. O‘g‘limga shunday yozishgan ekan, borib janjal qilsa, siz buni to‘lang, keyin shu yozilgan raqamga kelguncha to‘lamaysiz, deganmish gorgazdagilar. Shundan bilaveringda ularning qanday ishlashini", - deydi qariya.

Gaz ta‘minoti bo‘limlaridan birida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan yigit shunday qo‘shib yozishga boshliqlarning o‘zi ko‘rsatma berishini, uni bajarmagan xodim oyliksiz qolishi bilan ogohlantirilishini aytib berdi.

Qarshi shahar gaz ta‘minotiga bog‘langanimizda, telefon go‘shagini ko‘targan xodima boshliqlar joyida yo‘qligi, qayta qo‘ng‘iroq qilishimizni aytdi. Undan gaz bilan bog‘liq muammolarni haqida so‘raganimizda , hech narsa bilmayman, deb javob berdi.

Havo salqinlagan keyingi kunlarda Qarshida gazning ham shashti pasaygan. Aholi qishning g‘amida pechka uchun ko‘mir sotib olayotgani, o‘tin ko‘p kerak bo‘lishi, bunga qo‘shimcha tarzda ishlatilmagan gaz uchun pul ham to‘lashiga to‘g‘ri kelishini aytadi.