Klichko: "Revansh o‘yin lozimligini Povetkinning o‘zidan so‘rash kerak"

Ukrainalik taniqli bokschi Vladimir Klichko "Olimpiysk" sport saroyida rossiyalik Aleksandr Povetkin ustidan g‘alaba qozongandan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida "revansh o‘yin bo‘ladimi?" - degan savolga o‘zi ham kulib "Siz shunday o‘yin kerakligiga aniq ishonasizmi?" - deb so‘ragan. Shuningdek, revansh tashkil qilish uchun, avvalo Povetkinning fikrini bilish kerakligini aytgan.

"Buni Povetkindan so‘rash kerak. Qachon turli titullarga ega bo‘lganingda, sen ularni majburiy da‘vogarlar bilan jangda himoya qilishing kerak. Aleksandr shular qatorida edi. Men uchrashishim kerak bo‘lganlar esa navbatda qatorlashib turibdi. Mening bilishimcha, keyingi raqibim WBO reytingida birinchi raqamli bokschi bilan ringga tushishim lozim bo‘ladi", deb aytgan jahon chempioni.

"Men hakamlarning bir ovozdan qarori bilan g‘alaba qildim. Va hech kimda jangda kim g‘alaba qozongani haqida albatta savol tug‘ilmadi, deb o‘ylayman. Men tanqidlarga o‘rganganman, lekin o‘z yo‘limni davom ettirish niyatidaman. Men jangning qanchalik qiziq bo‘lgani haqida bir narsa deyolmayman. Faqat aytishim mumkinki, ringda ikki professional, olimpiada chempionlari uchrashdi. Boshqasiga muxlislar baho berishadi", - deydi Vladimir Klichko.

Aleksandr Povetkin matbuot anjumanida ishtirok etmagan.

Ukrainalik bokschi rossiyalik hamkasbini kutilganidan ancha oson yenga olganiga guvoh bo‘lishgan tomoshabinlar. Jang Vladimir Klichkoning to‘liq ustunligida o‘tgan.

Povetkin barcha raundni o‘ynagan bo‘lsa ham, lekin juda ko‘p zarbalarni o‘tkazdi, uch marta nokdaun holati qayd etildi.

WBA yo‘nalishida navbatdagi chempion bo‘lgan Povetkin o‘z karerasida birinchi bor mag‘lubiyatga uchradi.

Vladimir Klichko esa 61-g‘alabasini nishonladi va WBA, WBO, IBF hamda IBO bo‘yicha jahon chempionligini saqlab qoldi.

Vladimirning akasi Vitaliy Klichko WBC tasnifida jahon chempioni hisoblanadi.

"Aleksandr Povetkin bugun g‘alabaga bo‘lgan katta irodasini namoyish qildi, - deb aytgan Vitaliy Klichko ham. - Men uning Vladimir zarbalariga bardosh berib, 12 raund turib berishini kutmagandim. Aleksandr bu jihatdan hurmatga loyiq va o‘ylaymanki, u yanada kuchliroq bo‘lib, kelgusida o‘z maqsadiga erishishi mumkin".

Uzoq kutilgan jang

Image copyright Reuters
Image caption Jang Vladimir Klichkoning to‘liq ustunligida o‘tgan

Keyingi besh yil ichida Vladimir Klichko va Aleksandr Povetkin o‘rtasida uchrashuvni tashkillashtirishga ko‘p bor urinilgan bo‘lsa ham, moliyaviy va boshqa sabablarga ko‘ra amalga oshmay kelayotgandi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, kechagi jangdan Vladimir Klichko 17 million, Aleksandr Povetkin esa olti million dollarga yaqin pul oladi.

Professional boksning og‘ir vaznida oxirgi yillar aka-uka Klichkolarning chempionlikni qo‘ldan bermay kelayotgani, Vitaliy va Vladimirni yengib, ular egallagan cho‘qqiga chiqishga hali biror bokschining kuchi yetmayotgani haqida bahslar davom etadi.

Ayniqsa, kechagi jangdan so‘ng bu borada ijtimoiy tarmoqlarda Klichko muxlislari bilan boksni "qiziqarli va shiddatli" bo‘lishini xohlaydigan boshqa ishqibozlar orasida bahs qizigan.

Klichkolarning ashaddiy muxlislariga ko‘ra, aka-uka nafaqat boshqalarga o‘xshamagan kuchli bokschi, balki yuqori madaniyati va aqliy salohiyati bilan ham chempionlikka eng loyiq insonlardir.

Shiddatli boks tarafdorlari esa o‘zaro tortishuvlarda ringni haqiqiy jang maydoniga aylanishini orzu qilishmoqda.