Braziliyada o‘qituvchilar namoyishi zo‘ravonlikka aylandi

Image copyright Reuters

Braziliyaning Rio de Janeyro va San Paolo shaharlarida yaxshiroq maoshni talab qilayotgan o‘qituvchilarga dastak bildirib chiqqan namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashganlar.

Rio markazi 10,000 tinch namoyishchilar bilan to‘lgan.

Lekin, qorong‘i tushishi bilan ba‘zi namoyishchilar davlat idoralari va politsiyaga qarata olovli shishalarni otishgan.

San Paolodagi o‘xshash namoyish ham boshi yopiq namoyishchilar ko‘plab banklar binolariga hujum qilishlari ortidan qonli zo‘ravonliklar bilan yakun topgan.

Braziliya 2014 yilda Jahon Kubogi va 2016 yilda Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilishi kutilar ekan, yirik shaharlardagi xavfsizlik vaziyatini nazorat qilish qiyin vazifa bo‘ladi.

Oxirgi namoyishlar bir necha soat davom etgan va avvaliga tinch o‘tgan.

Biroq, kech tushishi bilan kamida 20 nafar "Qora blok" anarxistlari shahar hokimiyati darvozasini buzganlar, boshqalar esa banklarga bostirib kirib, naqd pul uzatuvchi mashinalarni buzishga uringanlar. Ba‘zi banklarga o‘t qo‘yilgan.

Namoyishchilar, shuningdek, Rio Branko shoh ko‘chasida avtobusga o‘t qo‘yganlar, va banklardan mebellarni olib chiqib politsiya bilan to‘qnashuvlarda to‘siqlar yasaganlar.

Hukumat kuchlari tartibni qayta tiklash uchun ko‘zni yoshlantiruvchi gazni qo‘llagan.

"Politsiya bo‘lmasa, zo‘ravonlik ham bo‘lmaydi. Qachonki politsiya kelsa, zo‘ravonlik boshlanadi", - dedi bo‘ynidan gaz niqobi osilib turgan 23 yoshli anarxist Ugo Krios.

"Men har qanday sharoitga tayyorlanib keldim. Ularga ishonib bo‘lmaydi", - dedi u.

O‘qituvchilar ikki oydirki maoshlar oshirilishini talab qilishmoqda. Zo‘ravonlik kelib chiqishidan avval ularni qo‘llab-quvvatlab tahminan 50 ming odam namoyishlarga qatnashgani ishoniladi, biroq politsiya bu son 10 ming ekanini aytdi.

Your contact details
Disclaimer