Putin MDH bilan viza rejimi g‘oyasiga qarshi chiqdi

Image copyright Reuters
Image caption Putin muhojirlarga bo‘lgan zaruratni yoritdi, biroq ularga bo‘lgan abgor vaziyat haqida to‘xtalmadi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin MDH davlatlari bilan viza tizimini kiritishga qarshi gapirdi. Ayni damda, u Rossiyaga kelayotgan muhojirlar mezbon yurtning an‘analari va madaniyatini hurmat qilishlari kerakligini aytdi.

Janob Putin bu haqida Osiyo va Tinch ummoni Iqtisodiy Hamkorligi tashkilotining Indoneziyada bo‘lib o‘tgan sammiti yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumanida so‘zladi.

Uning aytishicha, MDH davlatlari bilan o‘zaro viza tizimini joriy qilish sobiq Sovet respublikalarini o‘zidan yiroqlashtirishni anglatadi.

"Ularni yiroqlashtirish emas, balki yaqinlantirish kerak. Lekin, bu jarayonni tartibliroq holda, mahalliy aholining jig‘iga tegmaydigan holda amalga oshirish kerak", - dedi u.

Mahalliy aholining ayniqsa Markaziy Osiyo va Rossiya Federatsiyasiga qaram Qofqoz respublikalaridan kelib ishlayotgan muhojirlarga qarshi hissiyotlari Rossiya matbuotida ko‘p yoritiladi. Aksil-muhojir hissiyotlar kelgindilarga qarshi hujumlarga asos bo‘lgan.

Putin bu millatchilik siyosati haqida biron narsa demadi. Aksincha, muhojirlar mahalliy madaniyatni hurmat qilishi kerakligini aytdi.

"Hamma muhojirlar, agar Rossiya Federatsiyasiga kelsalar, uning tarixi, hududning madaniyati, qayerga kelishayotganini anglab yetishlari kerak va bizning an‘analarimiz, qonunlarimiz va madaniyatimizni hurmat qilishlari kerak", - dedi u. Biroq, aynan qanday madaniyat va an‘analar hurmat qilishi kerakligini ochiqlamadi.

Putin janoblariga ko‘ra, Rossiya bozori mahalliy aholi hisobiga to‘ldirib bo‘lmaydigan ish o‘rinlarining muhojirlar bilan to‘ldirilishiga muhtoj. U mehnat bozorini tubdan o‘rganib chiqish va aynan qaysi ish o‘rinlariga muhojirlarni jalb qilishni aniqlashga undadi.

Uning aytishicha, bunda huquq-tartibot organlari va jamiyatning roli kattadir.

Muhojirlar masalasida jamiyatning roli oshib borayotgan turli hil ijtimoiy millatchi guruhlar tuzilib, muhojirlar istiqomat qiluvchi xonadonlarga hujum uyushtirilishida namoyon bo‘lmoqda.

Ko‘p hollarda bu kabi jinoyatlar jazosiz qolayotir. Janob Putin millatchi guruhlarning o‘zboshimchaligi haqida bu safar ham og‘iz ochmadi.

O‘tgan chiqishlarida janob Putin Rossiyaga ish izlab kelayotgan xorijliklarga nisbatan qonun-qoidalarda qattiqqo‘llikni oshirishga chaqirgandi.

U hukumatga muhojirlar egallagan qaysi ish o‘rinlarini mahalliy aholiga berish mumkinligini aniqlashni maslahat bergan.

Your contact details
Disclaimer