Saudiya Arabistoni: Islom dinini hajv qilganlar "davolanadi"

Image copyright AP

Ayon bo‘lishicha, vazirlikni bunga o‘quvchilar islomiy amallarning ustidan kulishgani va dinga zid tushuvchi mavzularni muhokama etishganiga oid xabarlar undagan.

Endi esa, vazirlikning buyrug‘iga binoan, maktab mudirlari ularning "xulq-atvorlarini to‘g‘rilash va yashash sirlarini o‘rgatishlari" shart bo‘ladi.

Ustiga ustak, "hajvchi" o‘quvchilarning tarbiyalarini yaxshilash uchun ular majburiy jamoat ishlariga ham jalb etilishadi.

Xabar tafsilotlariga ko‘ra, shunda ham "tanoblari tortilmasa", ular bir yilga tahsildan chetlatilishadi.

Faqat vazirlik vakillari "yaxshi bola" bo‘lishganini ko‘rib, ishonch hosil qilishgandan so‘nggina maktabga qaytishlari mumkin bo‘ladi.

Bu kabi jazo choralaridan ayrim o‘qituvchilarning boshlari ko‘kka ham yetibdi.

"Ayrim toliblar namoz paytida qiqir-qiqir kulishganini o‘zim necha bor ko‘rganman. Jiddiy jazoga tortilishlari tahdidi esa, ularga dinga nisbatan hurmatni paydo qiladi", deydi shunday muallimlardan biri Obid Mansur.

Uning hamkasbi Abdulla at-Turkiy esa, "o‘quvchilar aksariyatiga globalizatsiya jarayoni ta‘sir qilayotgani va ular ham G‘arbda ko‘rgan, eshitganlariga taqlid qilish ishtiyoqiga tushib qolishgani"ni ta‘kidlaydi.

Mazkur xabar esa, odamlar orasida qarama-qarshi munosabatlarga sabab bo‘lgan.

Ushbu xabar ostida qoldirilgan izohlarda kimdir jazo choralarini dastaklagan bo‘lsa, boshqasi tanqid ostiga olgan.

Jidda shahridan bir amerikalik musulmon o‘qituvchining shikoyat qilishicha, "o‘quvchilari soqolini mazax qilib, o‘zini "Bin Lodin", deb chaqirishgan.

O‘z izohi bilan o‘rtoqlashgan boshqa bir o‘quvchi esa, bu kabi jazo choralari ojizlik belgisi emasmikan, deya mulohaza yuritgan.

"Axir biz alal-oqibat toqatli va odamlar nima deyishidan qat‘inazar, o‘z e‘tiqodida sobit odamlarmiz-ku, axir".