Kreyg Myurrey: "Tazbekiston haqidagi serial men va O‘zbekiston haqida"

Image caption Kreyg Myurrey O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyatini tanqid qilgani uchun diplomatik faoliyatidan chetlatilganiga ishonadi

Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq mubohasali elchisi Kreyg Myurrey (Craig Murray) BBC 2 telekanali orqali namoyish etilishi rejalangan hajviy serial o‘zining "Samarqanddagi qotillik" ("Murder in Samarkand") nomli kitobidan ko‘chirilganini aytmoqda.

"Elchilar" deb nomlangan serialda voqealar to‘qib chiqarilgan Markaziy Osiyodagi "Tazbekiston" nomli mamlakatda yuz beradi. Unda mashhur britan hajvchilari Deyvid Mitchell Britaniya elchisi, Robert Veb esa uning muovini rolida paydo bo‘ladilar.

Tazbekistonni go‘yoki diktator hukmdor - Prezident Qayrat boshqaradi, uning qo‘li ostida o‘ta abgor inson huquqlari buzilishi hollari yuz beradi.

Ayni damda Tazbekistonda inson huquqlari vaziyatini tergov qilayotgan britan faoli soxta ayblovlar bilan hibsga olinadi. Britan hukumati nomidan Tazbek diktatori bilan 2 milliard funtga tikucharlar savdosi bo‘yicha kelishuvga erishishni rejalagan elchining qarshisida dilemma yuzaga keladi.

Elchi inson huquqlari omillarini qo‘llab-quvvatlasinmi yoki tikuchar savdosini amalga oshirib, Britan tashqi ishlar vazirligini mamnun qilsinmi?

"Sobiq sovet respublikasi bo‘lmish Tazbekiston - biroz o‘zbek, biroz qozoq, va biroz turkman", - deydi serial mualliflaridan biri Jeyms Vud. Biroq u serialdagi voqealar Kreyg Myurrey hayotidan ko‘chirilganini rad qiladi.

Image caption Nodira Myurrey Britaniyada teatr va filmlarda rollar ijro etib kelmoqda

O‘zbek hukumatining inson huquqlariga munosabati, xususan tutqunlarni "tiriklayin qaynatishi"ni qattiq tanqid qilgan janob Myurrey 2004 yilda seks evaziga viza sotish va ichkilikbozlikda ayblanib diplomatik faoliyatidan haydalgandi. U elchilik vazifasini o‘tayotgan davrida Toshkentdagi tungi klubda tanishgan raqqosa Nodira Aliyevaga uylangan va bir farzandli bo‘lgan.

Uning aytishicha, Britaniya tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston diktatori bilan jirkanch ittifoqini hajviyaga aylantirmoqchi bo‘layapti. Janob Myurrey yangi serialning o‘z "Samarqanddagi qotillik" kitobiga asoslanib yozilganiga dalil-isbot juda ko‘p ekaniga ishonadi.

Independent gazetasiga gapirgan janob Myurrey serialning prodyuserlari bo‘lmish Big Talk shirkati to‘rt yil avval unga bog‘lanib, "Samarqanddagi qotillik" kitobi asosida film olishga uringanlarini aytgan.

"Endi esa bu shirkatning "Elchilar" seriali men va mening kitobimga asoslanmaganiga men ishonmayman", - deydi u.

O‘z blogida janob Myurrey serial prodyuserlarini mahkamaga tortish unga o‘n minglab funtga tushishi mumkinligi va unda buncha pul yo‘qligini yozgan.

Your contact details
Disclaimer