General Abdulrashid Do‘stum kimdan va nima uchun uzr so‘ramoqchi?

Afg‘onistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh o‘zbeklar zich yashovchi shimoliy mintaqasida eng qudratli siyosatchilardan biri bo‘lgan general "o‘tmishdagi siyosatlaridan jabr chekkan afg‘on xalqidan uzr so‘ragan birinchi inson bo‘lmoqchi".

Abdulrashid Do‘stum janoblari kuni-kecha ana shunday istakda ekanini oshkora bayon etib chiqdi.

O‘zbek generalining chiqishi prezidentlik saylovlarida taniqli pushtun siyosatchisi Ashraf G‘ani Ahmadzayning 1-muovini bo‘lib rasman ro‘yxatdan o‘tishi ortidan kuzatilmoqda.

Janob Do‘stum prezidentlikka da‘vogar barcha asosiy nomzodlar bilan yuzma-yuz uchrashib, Ashraf G‘ani Ahmadzay tanlovida to‘xtalgandi.

Bu uchrashuvlarning barchasi prezidentlikka da‘vogarlarning o‘z istaklari bilan amalga oshirilgandi.

Chunki Afg‘oniston prezidentligiga nomzod siyosatchilar hamisha shimoliy sakkiz viloyatda zich yashovchi ko‘p millionli O‘zbeklarning ovozini olishga urinib kelishgan.

Tahlilchilar general Do‘stumning dastagi nomzod siyosatchining saylovlarda g‘alaba qozonishi uchun yetarlicha ovoz yig‘ib berishi mumkinligini aytishadi.

Ammo O‘zbek generali va pushtun siyosatchisining kelishuvi janob Ahmadzay tarafdorlarining orasida qizg‘in bahsu munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Ulardan ko‘pchiligi generalni o‘tmishda katta sondagi insonlarning o‘limiga sababchi bo‘lganlikda ayblab, o‘z nomzodlarining qarori yanglish bo‘lganini iddao etishmoqda.

Urush va jinoyat

Birlashgan Millatlar Tashkiloti doxil qator nufuzli halqaro inson haqlarini saqlash tashkilotlari Afg‘onistonda o‘tgan o‘ttiz yildan buyon davom etayotgan zo‘ravonliklarning asosiy ishtirokchilari bo‘lgan ko‘plab insonlarni urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilishadi.

Ularning oralarida bugun Afg‘oniston parlamenti va hukumati tarkibida bo‘lgan qator qudratli siyosatchilaru sobiq mujohiddin qo‘mondonlarining ham borliklari aytiladi.

Ammo Afg‘onistonning bu yaqin o‘tmishida qo‘l urilgan urush yoki insoniyatga qarshi jinoyatlar to‘liq hujjatlashtirilmagan.

Javobgarlarning hanuz jazosiz qolishayotgani esa, tez-tez tanqid ostiga olinadi.

2001 yilda gumondorlarni javobgarlikka tortish mas‘uliyati yuklangan Afg‘oniston Mustaqil Saylov hay‘ati esa, orada kechgan vaqt davomida deyarli hech narsaga muvaffaq bo‘lmagan.

Bu masalada Afg‘onistonning Birlashgan Millatlar Xalqaro Urush jinoyatlari mahkamasiga a‘zo bo‘lib kirishi ham ish bermagan.

Xuddi shu manzarada general Abdulrashid Do‘stum afg‘on xalqiga o‘tmishdagi siyosatlari yetkazgan sitam uchun kechirim so‘rash istagini oshkora bayon qilgan ilk siyosatchi bo‘ladi.

Turkiyadan siyosiy tahlilchi Fazil Ahmad Burgutning aytishicha, O‘zbek generalining bu qabila uzrxohlik bilan chiqishi uning obro‘yini ko‘tarishga xizmat qiladi, xolos.

"Faqat o‘zbeklar orasida emas, Afg‘onistondagi tojik, pushtun, boshqa qavmlar orasida ham general Do‘stumning hurmati oshadi deb o‘ylayman", - deydi tahlilchi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Generalning uzrxohligi amalda nimani anglatishi, faqat quruq gapligicha qolib ketish-ketmasligi savoliga kelganda, tahlilchi o‘tgan o‘ttiz yillik nizolar davomida Afg‘onistonda urushga qo‘l urmagan inson deyarli yo‘qligidan kelib chiqib javob berishni ma‘qul ko‘rishini aytadi.

"Agar biz inson haqlarini oyoq-osti qilganlarni mahkamaga tortamiz desak, Afg‘oniston nufusini mahkamaga tortishimiz mumkin. Ya‘ni, bu - amaliy bir narsa emasdir. Fikr qilingki, xalqaro inson haqlarini himoya qilish tashkilotlari Afg‘onistondagi vaziyatni bilmay turib, o‘z tahlillari va hisobotlari bilan chiqishadi. Bu yerda faqat shuni aytish mumkinki, uzr tilab, bunday keyin bu xatolarni takrorlamaslika va‘da berishning o‘zi kifoya qiladi, deb o‘ylayman", - deydi tahlilchi.

Ammo xalqaro inson haqlarini saqlash tashkilotlarining faollari o‘tgan o‘ttiz yillik jinoyatlar yuzasidan adolat qaror topmas ekan, Afg‘onistonda qonuniy davlatchilik o‘rnatish imkonsiz bo‘lishini ta‘kidlashadi.

Qaltis vaziyat

O‘z o‘rnida, shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, bu galgi prezidentlik saylovlari xorijiy qo‘shinlar Afg‘onistondan chiqib ketayotgan bir yilda bo‘lib o‘tadi.

Ammo Amerika boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining ishg‘olidan 12 yil o‘tib ham, afg‘on mojarosi na-da harbiy va na-da siyosiy yechimini topgan emas.

Kuni-kecha Afg‘onistonning amaldagi prezidenti Homid Karzay Natoni mamlakatida hech narsani uddalay olmaganlikda ayblab chiqqandi.

Buyog‘i Rossiyayu Xitoydan tortib, O‘zbekiston doxil mintaqadagi qator qo‘shni davlatlar esa, xorijiy qo‘shinlarning safarbarligi ortidan Afg‘onistondagi vaziyatning jiddiy izdan chiqib ketishidan xavotirdalar.

Ularning da‘vo qilishlaricha, Afg‘oniston yana terrorchilar, ekstremistlar, bangivor moddalarning uyasiga aylanishi mumkin, fuqarolar urushi girdobiga botishi mumkin.

Barcha tahlilchilarning birdek e‘tirof etishlaricha, ko‘p narsa Afg‘onistondagi prezidentlik saylovlarining qanday o‘tishi va qudratga kimning kelishiga ham bog‘liq bo‘ladi.

Afg‘onistonning bu yaqin tarixidagi uchinchi prezidentlik saylovlari kelasi yil aprel oyiga rejalangan.

Unda ishtirok etish istagini bildirib, Afg‘onistondagi eng qudratli siyosatchi va sobiq mujohiddin qo‘mondonlari doxil o‘ttizga yaqin nomzod rasman ro‘yxatdan o‘tishgan.