Misr AQShning harbiy yordamlarni to‘xtatish haqidagi qarorini qoraladi

Image copyright AFP
Image caption AQShning yordamni to‘xtatish qarori doimiy ekani xabar qilinmoqda

Qohira Qo‘shma Shtatlarning Misrga 1.3 milliard dollarga teng yordamni to‘xtatib turish haqidagi qarorini tanqid qilgan.

Misr Tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi Badr Abdellati mazkur qaror noto‘g‘ri ekani va Misr "Amerika bosimiga taslim bo‘lmasligini" aytgan.

AQSh chorshanba kuni Misr hukumatiga harbiy va naqd pul yordamlarini to‘xtatayotgani haqida aytgandi.

Vashington qarori Misrda bir necha oydan buyon davom etayotgan siyosiy bo‘hron tufayli olingan.

Misr armiyasi prezident Muhammad Mursiyni iyul oyida ag‘darganidan buyon hukumat Mursiy yetakchilik qilgan hizb - "Musulmon Birodarligi" faollari bilan bir necha bor to‘qnash keldi.

AQSh davlat departamenti avgust oyida Misr harbiylari namoyishlarni qonli yo‘llar bilan bostirishi ortidan Misrga beriluvchi yordamni qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi.

Chorshanba kuni AQSh davlat departamenti Misrga "Apachi" tikucharlari, tank ehtiyot qismlari va "Garpun" raketalarini yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ygani haqida e‘lon qildi.

Vashington rasmiylari shuningdek Misrga 260 million naqd pul yordami va 300 million qarz kafolatnomasini berishni to‘xtatganlar.

Vashingtondagi BBC muxbiri Kim Gattasning aytishicha, yordamni to‘xtatish qarori ramziy ahamiyatga ega xolos.

Qo‘shma Shtatlar Misr sog‘liqni saqlash va ta‘lim sohalariga yordamlarini davom ettiraveradi.