Britaniya: O‘zbekistonda sheriklari bo‘lgan universitetlar tanqidga uchradi

Image caption Vestminster Universiteti O‘zbekistondagi eng nufuzli oliygohlardan biri hisoblanadi

Nufuzli Guardian ro‘znomasi qator Britaniya universitlarini O‘zbekistondagi oliy o‘quv dargohlari bilan aloqalar o‘rnatgani uchun tanqid qilgan.

Unga ko‘ra, inson huquqlari ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoning eng yomon davlatlaridan biri sifatida ko‘rilgan O‘zbekiston bilan robitalar Britaniya hukumatini dastagida yo‘lga qo‘yilgan.

Britaniya universitetlardan biri - Vestminster (University of Westminster) Toshkentda o‘z bo‘linmasiga bo‘lsa, yana kamida beshta oliygoh – Kembridj (University of Cambridge), Bas (University of Bath), Sharqiy Angliya Universiteti (University of East Anglia), London Moda Kolleji (London College of Fashion) va Metropoliten Universiteti (London Metropolitan University) O‘zbekistonda o‘z sheriklariga ega, deb yozadi Guardian ro‘znomasi chorshanba kuni nashr etgan maqolasida.

Ro‘znomaning ta‘kidlashicha, Britaniya Kengashi tomonidan dastaklanuvchi ushbu robitalar 9/11 hujumlaridan keyin O‘zbekiston bilan aloqalarini kuchaytirgan Britaniya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xush qarshi olingan.

Bu davr ichida, ro‘znomaning Amnesty International va Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotlariga iqtibosan ma‘lum qilishicha, O‘zbekistonning inson huquqlari ko‘rsatkichlari o‘ta abgorligicha qolgan va ba‘zi sohalarda yanada yomonlashgan.

Guardian 2005 yilda Andijonda bir necha yuz namoyishchining otib tashlangani, mustaqil musulmonlarning qiynoqlarga tutilayotgani va qamoq jazolariga hukm etilayotgani, huquqbon va jurnalistlar soxta ayblovlar bilan tez-tez qamoqqa olinishi va bir milliondan ortiq inson har yili majburiy mehnatga jalb etilishini urg‘ulagan.

Ro‘znoma shuningdek 2002 yilda O‘zbekistonda faoliyati ta‘qiqlangan ikki nafar diniy firqa a‘zosining tiriklayin qaynatilganini esga oladi.

"O‘zbekiston bilan aloqa o‘rnatgan Britaniyadagi ba‘zi universitetlar bu mamlakatning inson haqlari sohasidagi ko‘rsatkichlarini muhokama etishni istashmaydi", - deb yozadi Guardian.

Ro‘znomaning da‘vo qilishicha, sobiq Milliy Xavfsizlik Xizmati zobiti Vestminster Universitetining Toshkentdagi bo‘linmasiga to‘qqiz yil davomida rahbarlik qilgan.

Guardian ro‘znomasida yozilishicha, O‘zbekiston har yili paxta terimi payti bolalar mehnatidan foydalansa-da, London Moda Kolleji ham O‘zbekistondagi bir necha muassasa bilan aloqalar o‘rnatgan.

Unga ko‘ra, Britaniya Kengashi inson huquqlari abgor bo‘lgan O‘zbekistonda ta‘lim sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan faoliyatini himoya qilib chiqqan.

"Bizning ishonishimizcha, ayniqsa rahbarlarning yangi avlodi bilan ta‘lim va madaniyat sohalarida pozitiv aloqada bo‘lish, ularni yakkalab qo‘yishdan yaxshiroqdir" - deb aytgan Britaniya Kengashining so‘zchisi. - "Biz ba‘zi insonlarning ma‘lum rejimlar bilan aloqada bo‘lish istagida emasliklarini tushunamiz va ularning bu irodasini hurmat qilamiz; ammo biz boshqalarning aloqa o‘rnatish istagini ham hurmat qilamiz".

Ro‘znomaga ko‘ra, Britaniyaning Vestminster Universiteti O‘zbekiston bilan chuqur aloqalarni o‘rnatgan.

Ushbu universitetning Toshkentdagi bo‘linmasi 2002 yilda ochilgan.

Guardian ro‘znomasiga ko‘ra, Vestminster Universiteti O‘zbekistonning inson haqlariga oid ko‘rsatkichlari haqidagi savollarga javob berishni istamaydigan ko‘rinadi.

Ushbu universitetning da‘vo qilishicha, uning Toshkentdagi bo‘linmasi Karimov hukumatidan mustaqil ish yuritadi.

"Biroq aftidan Karimov boshqacharoq ko‘z qarashga ega: o‘tgan yili UzReport axborot agentligi shunday deb yozgandi: "Toshkentdagi Vestminster Xalqaro Universiteti kadrlarni tayyorlash milliy dasturining bir qismi o‘laroq O‘zbekiston prezidentining tashabbusi bilan barpo etilgan edi…", - deydi ro‘znoma.