Boks: O‘zbekiston jahon chempionatida nechta medal olmoqchi?

Image caption Abbosbek Atoyev kabi bir necha karra jahon chempioni bo‘lgan o‘zbekistonlik bokschilar talaygina

O‘zbekiston boks ahli bugun Qozog‘istonga jo‘nab ketgan bokschilaridan umidlari katta ekanini aytmoqda.

Havaskor bokschilar o‘rtasidagi bu yilgi jahon chempionati kelasi dushanba kuni Olma ota shahrida start oladi va 28 oktyabrga qadar davom etadi.

Qo‘shni Qozog‘istondagi jahon birinchiligida O‘zbekistonni turli vazn toifalarida 10 nafar bokschisi namoyon etadi.

Ularning orasida so‘nggi London Yozgi Olimpiada O‘yinlari ishtirokchilari, qator mintaqaviy va xalqaro turnirlar sovrindorlari bo‘lgan Hasanboy Do‘stmatov, Jasurbek Latipov, Fazliddin G‘oipnazarov va Oybek Mamazulunov kabi nomdor bokschilar bor.

Ammo ro‘yxatda havaskor boksda ikki karra jahon chempioni, London Olimpiada O‘yinlari bronza medali sovrindori Abbosbek Atoyev yoki yana bir nomdor bokschisi Elshodbek Rasulovlar ko‘zga tashlanmaydi.

O‘zbekiston Professional Boks Federatsiyasi raisi muovini, o‘zi ham dongdor bokschi bo‘lgan Muhammadqodir Abdullayev BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida jamoa jahon birinchiligiga shay ekanini aytadi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image copyright ozbekistonovozi.uz
Image caption O‘zi ham dongdor bokschi bo‘lgan Muhammadqodir Abdullayev terma jamoaning hozirligidan ko‘nglim to‘qligini aytadi

"Besh-olti etapda sborlar o‘tkazildi. Tayyorgarliklar juda zo‘r darajada bo‘ldi. Bu o‘z mevasini beradi, degan umiddaman", - deydi u.

O‘zbekiston tarixida Yozgi Olimpiada O‘yinlarining yagona oltin medali sohibi bo‘lgan dongdor bokschining o‘zi bir necha vazn toifalarida qo‘lqopdoshlarining g‘alabasiga ko‘z tikayotganini aytadi.

"49 kg vazn toifasida Hasanboy Do‘stmatov bor. Keyin Oybek Mamazulunov yarim finalgacha chiqishi mumkin. 75 kiloda Azizbek Abdug‘afurov. U ham juda kuchli. Yana Jasurbek Latipov. U ham Olimpiadadagi xatolarini to‘g‘rilab, chiroyli boks tushsa kerak", - deydi Muhammadqodir Abdullayev.

Uning aytishicha, Qozog‘istondagi jahon chempionati O‘zbekiston terma jamoasi uchun 2016 yili Braziliyada bo‘lib o‘tajak Yozgi Olimpiada O‘yinlari uchun tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.

So‘nggi London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida O‘zbekiston katta sondagi bokschilari bilan ishtirok etgan davlatlardan biri bo‘lgandi.

O‘zbekistonni O‘yinlarda ja‘mi olti nafar bokschi namoyon etgan bo‘lsa, ulardan 5 nafari chorak finalgacha chiqishgandi.

Agar bu bokschilar chorak final janglarida g‘alaba qozonishsa, o‘zlariga O‘yinlarning bronza medalini kafolatlagan bo‘lishardi.

London Yozgi Olimpiada O‘yinlari boks bellashuvlarining yarim finalida faqat 75 kg vaznda Abbos Atoyev ringga tushgan va sovrinli uchinchi o‘rinni olgandi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, bu galgi jahon chempionatida dunyoning 116 davlatidan olti yuzga yaqin bokschining ishtirok etishi kutilmoqda.

Ularning 10 vazn toifasida g‘oliblik uchun kurash olib borishlari aytiladi.

Bungacha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida buncha ko‘p sondagi bokschi ishtirok etmagan.

Eng ko‘p bokschining Ovro‘po qit‘asidan kelishi kutilmoqda.

O‘zbekistonlik mas‘ullarga ko‘ra, Qozog‘istondagi jahon chempionatida boks bo‘yicha milliy terma jamoa bosh murabbiysi Mars Qo‘chqorov boshchiligi ostida to‘liq tarkibda ishtirok etadi.