Isroil bilan G‘azo o‘rtasida uzun yerosti yo‘li topilgan

Image copyright Reuters
Image caption Isroil rasmiylariga ko‘ra, yerosti yo‘li qurilishi deyarli tugay deb qolgan

Isroil harbiylari xabar qilishicha, G‘azo bo‘lgasi va Isroil orasida 1 kilometr 700 metrli yerosti yo‘lini topib, yo‘q qilganlar.

Xabar qilinishicha, yer sathidan 15-18 metr chuqurlikda qazilgan tunnel G‘azo bo‘lgasidagi Xon Yunus shahriga yaqin Absan qishlog‘idan Isroilning Eyn Xashlosha deb nomlanadigan kibuts yoki mavzesi tomonga yo‘nalgan.

Isroil rasmiylariga ko‘ra, bu yerosti yo‘lini qazishga kamida bir oy sarflangan.

G‘azo bo‘lgasidan boshlangan yerosti yo‘li Eyn Xashloshaga deyarli yetib qolgan bo‘lgan.

Isroilni G‘azodan ajratib turadigan chegara hududlari qattiq qo‘riqlanadi.

Shunga qaramasdan, Eyn Xashlosha yashovchilari o‘zlariga eshitilayotgan g‘alati ovozdan shikoyat qilganlar.

Shundan keyin tekshirish boshlanib tunnel topilgan.

Isroil rasmiylariga ko‘ra, bu yerosti yo‘lini qurishga 500 tonnacha tsement va boshqa mustahkam qiluvchi materiallar ishlatilgan.

Isroil rasmiylari aytishlaricha, bu tunneldan ko‘zlangan maqsad, Isroilning tinch fuqarolariga hujum bo‘lishi mumkin.

Tunnel ichida portlovchi moddalar ham topilgani xabar qilingan.

G‘azodan Isroil hududiga eltadigan yerosti yo‘llari ilgari ham topilgan.

2006 yil falastinlik isyonchilar Isroil askari Gilad Shalitni ana shunday yo‘ldan o‘tib o‘g‘irlaganlar.

Uni besh yil asirlikda saqlashgan, so‘ngra falastinlik mahbuslarga almashganlar.

2007 yilda G‘azo bo‘lgasida Hamas guruhi saylovlarda g‘alabaga erishganidan keyin Isroil va Misr rasmiylari bo‘lgani qamalga olganlar.

Isroil harbiy-dengiz floti dengiz tarafidan G‘azoga kemalarda o‘tishga ruxsat bermaydi, shuning uchun oziq-ovqat va boshqa kundalik hayotda zarur ko‘p tovarlar ko‘pincha Misrdan G‘azoga ana shunday noqonuniy yerosti yo‘llari orqali o‘tkaziladi.

Yaqinda Misr rasmiylari kontrabandachilarning yo‘lini to‘sish maqsadida tunnelar tarmog‘ini vayron etishga harakat qildi.

2010 yilgi urushdan keyin Isroil G‘azoni yanada qattiqroq qamalga olgan, bu qamalni bosqichma-bosqich yumshatishga harakat qilinayapti.

Isroil inson haqlari guruhiga ko‘ra, 13 oktyabr kuni G‘azoga mo‘ljallangan 70 ta yuk avtomobiliga ortilgan qurilish mollari va 60 mashina insonparvarlik yuklarini o‘tkazish rejalangan.

Misr va Isroil 2007 yil HAMAS hokimiyatga kelgach to‘siq qo‘yishgan edi.