Lancet: Yosir Arofat poloniy moddasi bilan zaharlangan bo‘lishi mumkin

Jahondagi nufuzli tibbiy jurnallardan biri Lancet sobiq Falastin lideri Yosir Arofat Poloniy-210 radioaktiv moddasi bilan zaharlangani haqidagi da‘voni tasdiqlagan.

Lancet shveytsariyalik mutaxassislar tekshiruvining ilk natijasini e‘lon qilgan.

Tekshirish natijalariga ko‘ra, Yosir Arofatning qoni, siydigi va tupugida radioaktiv moddaning haddan ortiq darajasi aniqlangan.

Falastin muxtoriyatining asoschisi va birinchi rahbari Yosir Arofatning salomatligi 2004 yil oktyabrida yomonlashgan va u Ramallohdagi shifoxonaga yotqizilgan edi.

Ahvoli tobora yomonlashganidan keyin Frantsiyadagi shifoxonaga o‘tqazilgan.

Barcha davolashlarga qaramasdan, Yosir Arofat komaga tushgan va 2004 yilning 11 noyabrida 75 yoshida hayotdan ko‘z yumgan.

Yosir Arofatning zaharlab o‘ldirilgani haqidagi ko‘plab da‘volar ilgari surilgan.

Qatarda joylashgan "Al-Jazira" telekanali jurnalistik tadqiqot o‘tkazishga qaror qilgan.

Va Yosir Arofatning shaxsiy buyumlarini Shveytsariyaning Lozanna shahridagi mutaxassislardan tekshirib berishni so‘ragan.

O‘shanda tadqiqotchilar Arofat buyumlarida Poloniy-210 radioaktiv moddasi aniqlanganini ma‘lum qilganlar.

"Al-Jazira" ko‘rsatuvi Falastin rahbarlarini Yosir Arofatning qabrini ochib, tekshiruv boshlashlariga undagan.

2012 yilning noyabrida Yosir Arofatning qabri ochilib, eksgumatsiya qilingan edi.

Falastin ma‘muriyati talabi bilan Shveytsariya mutaxassislari o‘tkazgan tekshirishlarning to‘la natijasini yaqin kunlarda ommaga e‘lon etilishi xabar qilinmoqda.