"Marhum Qaddofiyning qaynog‘asi Gaagada sudlanmaydi"

Bunday qarorga Xalqaro Jinoyat mahkamasi keldi.

Mahkama hukmiga muvofiq, polkovnikning sobiq Josuslik Xizmati rahbari Liviyaning o‘zida sud qilinadi.

Ammo xalqaro mahkama qarori marhum Qaddofiyning to‘ng‘ichi Sayf al-Islomni ko‘zda tutmaydi.

Xalqaro Jinoyat mahkamasiga ko‘ra, o‘zining asosiy nizomiga tayanib ish tutgan.

Ushbu hujjatga muvofiq, jinoiy ishini o‘z ona yurtida adolatli mahkama ko‘rib chiqishi mumkin bo‘lgan gumondorlar Xalqaro Jinoyat mahkamasiga tortilmaydi.

Abdulla Senussiy marhum Qaddofiyning eng taniqli davlat mulozimlaridan biri bo‘lgan.

Sobiq Josuslik Xizmatining rahbari polkovnikning qulatilishi bilan yakun topgan 2011 yilgi xalq isyoni chog‘ida sodir etilgan urush jinoyatlarida ayblanadi.

O‘tgan oy Mavritaniya o‘z ona Vatanidan qochib yurgan Abdulla Senussiyni Liviyaga topshirgandi.

Uning himoyachisi Ben Emmerson xalqaro mahkamaning qaroridan hayron qolganini aytmoqda.

"Liviya adliya tizimi butkul izdan chiqqan. Shu bois ham, mahkamalari sobiq Qaddofiy tuzumi amaldorlarining ishini ko‘rib chiqishga qodir emas", - deydi u.

Xalqaro Jinoyat Mahkamasi tarkibidagi maxsus palata esa umuman boshqacha fikrda.

Palataga ko‘ra, Liviya Senussiyning ishini o‘zi ko‘rib chiqmoqchi va ular bunga qodir.

Sayf al-Islomga nima bo‘ladi?

Image copyright Reuters

Xalqaro mahkamaning rasmiy bayonotida bildirilishicha, qarorlari marhum Qaddofiyning to‘ng‘ichi Sayf al-Islomning jinoiy ishini ko‘zda tutmaydi.

Sayf al-Islom ham urush jinoyatlarida ayblanadi va Abdulla Senussiyning ishiga aloqadorlikda mahkamaga tortilayotgan 36 sudlanuvchidan biri sanaladi.

Xalqaro Jinoyat Mahkamasiga ko‘ra, Liviya tomoni marhum diktatorning o‘g‘li borasida ishonchli dalillarni taqdim eta olmagan va uning huquqiy himoyasini ham kafolatlamagan.

24 oktyabr kuni Tripoli mahkamasi Sayf al-Islom, Abdulla Senussiy va yana sobiq tuzumning 20 nafar yuqori martabali mulozimiga qo‘yilajak ayblovlar masalasida bir to‘xtamga keladi.

Ularning barchasi 2011 yilgi aksilhukumat namoyishlari ishtirokchilarini o‘ldirishga aloqadorlikda ayblanishlari mumkin.

Jangchilar Sayf al-Islomni Liviyaning g‘arbiy Zintan shahrida hibsda ushlab turishibdi.

Shu yil sentyabr oyida ular marhum Qaddofiyning to‘ng‘ichini Tripolidagi mahkama jarayoniga yuborishdan ham bosh tortishgandi.

Marhum polkovnikning qaynog‘asi ham bo‘lgan Abdulla Senussiyga qarshi ilgari surilayotgan ayblovlar esa birtalay.

U 1996 yilda poytaxt Tripolidagi "Abu-Salim" qamoqxonasida saqlanayotgan siyosiy mahbuslarni ommaviy o‘ldirishga ham aloqadorlikda ko‘riladi.

1999 yilda Frantsiya mahkamasi Abdulla Senussiyni o‘z uchoqlari halokatida aybdor, deb topib, uni sirtdan bir umrlik qamoq jazosiga hukm etgandi.

Frantsuz uchog‘i 10 yil burun Nigeriyada urib tushirilgandi.

"Amnesty International" xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkiloti esa, har ikki bosh gumondorning ham zudlik bilan Gaagaga yuborilishiga chaqirmoqda.