Malayziya: "musulmon bo‘lmaganlar Olloh kalimasini qo‘llamasin"

Image copyright Reuters
Image caption Malayziya hukumatiga ko‘ra, nasroniylarning Olloh so‘zini qo‘llayotganlari musulmon insonni nasroniylikka o‘tkazishda foydalanishi mumkin

Malayziya mahkamasi musulmonlardan boshqalarning "Olloh" kalimasini ishlatishlarini taqiqlash haqida qaror chiqargan.

Bu bilan mahkama Malayziya hukumatining to‘rt yil oldingi taqiqini qo‘llab-quvvatlagan.

2009 yilda Malayziya hukumati bu mamlakatdagi Nasroniy, Buddoyi, Hindu va boshqa dinga e‘tiqod qilgan insonlar Xudoni tilga olayotganda Olloh so‘zini ishlatmasinlar degan qaror chiqargan.

Biroq mahkama hukumatning ushbu qarorini bekor qilgan edi.

Endigi appelyatsiya mahkamasi qaroriga ko‘ra, nomusulmonlarning Olloh kalimasini qo‘llashlari "jamoa orasida anglashilmovchilikni keltirib chiqaradi".

Olloh kalimasini musulmonlar va nomusulmonlar qo‘llashi atrofida kelib chiqqan bahslar Malayziyada 2009 yili dinlararo taranglikka yetaklagan, cherkov va masjidlarga qator hujumlar uyushtirilgan edi.

Bu gal esa Rim Katolik cherkovi nashri hisoblangan "Xerald" ro‘znomasi ustidan mahkamaga shikoyat qilindi.

Malay tilida nashr qilinadigan ro‘znoma Xudoni Olloh deb yozgan.

Mahkama qaroriga ko‘ra, nasroniy ro‘znomaning Olloh kalimasini qo‘llashi musulmonlarning nasroniy diniga o‘tib ketishiga sababchi bo‘lishi mumkin.

Uch hakamdan iborat hakamlar hay‘ati rahbari Muhammad Afandi Alining so‘zlariga ko‘ra, "Nasroniylik dini va ibodatida Olloh kalimasidan foydalanilmaydi, biroq ro‘znoma Olloh so‘zini ishlatib kelgan.

Rim Katolik cherkovi va ro‘znoma tahririyati musulmonlarni boshqa dinga o‘tkazishni maqsad qilmaganlarini aytganlar, mahkamaning so‘nggi qaroridan hafsalalari pir bo‘lganini ma‘lum qilganlar.

Ro‘znoma dastaklovchilarining aytishlaricha, Malayziya federal davlati tashkil topgan 1963 yildan buyon Malay tilida nashr qilingan Injil kitoblarida ham Olloh kalimasidan foydalanib kelingan.

"Olloh O‘rta Sharq va Indoneziyada ham, nasroniylar va musulmonlar tomonidan ham tilga olinadigan kalima. Siz to‘satdan bu so‘z dinning ichki muomalasida qo‘llanilmaydi, deb aytolmaysiz. Malay tili boshqa tillardan ko‘plab so‘zlarni o‘zlashtirgan til, Olloh ham Malay tiliga Arab tilidan kirib kelgan", deb aytgan Xerald ro‘znomasi tarafdori.

Biroq ayrim musulmonlarning aytishicha, nasroniylarning Olloh so‘zini qo‘llayotganlari musulmonni nasroniylikka o‘tkazishda foydalanishi mumkin.

"Olloh" Malay tilidagi so‘z emas. Agar ular(nomusulmonlar) Malay tilida Xudoni atamoqchi bo‘lsalar, Ollohning o‘rniga Tuxan so‘zini ishlatsinlar", deb aytgan mahkamada Malayziya hukumati manfaatlarini himoya qilgan yurist Zaynul Rijal Abu Bakr.