Koinot go‘zali "Toj Mahalni oyoq-osti qildi"mi?

Image copyright Maya Vision

Hindiston politsiyasi amerikalik 21 yashar "Koinot go‘zali" Oliviya Kalponi xuddi shu narsada ayblamoqda.

Buyuk Boburiy hukmdorlaridan biri bo‘lgan Shoh Jahon sevimli rafiqasiga atab qurdirgan "Toj Mahal" jahon me‘morchiligining "durdonasi" sanaladi.

"Muhabbat obidasi", deb ham yuritiluvchi maqbara Birlashgan Millatlar UNESCO jamg‘armasining "Noyob me‘moriy obidalar" ro‘yxatiga kiritilgan.

Asrlarki o‘zining go‘zalligi va nafosati bilan insonlarning aqlini shoshirib kelayotgan "Toj Mahal" "dunyoning yetti mo‘‘jizasidan biri" sifatida ham e‘tirof etiladi.

Hindistondan olingan xabarlarga ko‘ra, "Koinot go‘zali" avvaldan ruxsat olmay turib, maqbara sathida xorijiy shirkatlardan birining poyafzalini reklama qilgan.

Hindistondagi ko‘zga ko‘ringan nashrlardan biri bo‘lgan "Hindustan Times"ning yozishicha, hodisa o‘tgan yakshanba kuni yuz bergan va mahalliy politsiyaning "go‘zal"ga qarshi ish ochishi bilan yakunlangan.

Kuni-kecha "Koinot go‘zali" tanlovi tashkilotchilari Hindistondan rasman "uzr" ham so‘rab chiqishgan.

"Go‘zal"ning o‘zi esa, allaqachon Hindistonni tark etgani aytilmoqda.

Oliviya Hindistonda nimalar qilib yurgandi?

Image copyright AP
Image caption Tashkilotchilarga ko‘ra, Oliviya xonim Hindistonga "Koinot go‘zali" sifatida safar qilayotgan bo‘lgan

Xabarlarga ko‘ra, Amerikaning Rod-Aylend orolilik Oliviya Kalpo "Koinot go‘zali" sifatidagi majburiyatlari doirasida 10 kunga Hindistonga safar qilayotgan bo‘lgan.

O‘tgan yakshanba kuni esa, go‘zalning "Toj Mahal" maqbarasiga qilgan safari foto-sessiyaga aylanib ketgan.

Xabarlarga ko‘ra, Oliviya xonim maqbaraning oq marmarli zinasiga o‘tirib, bir jufti oyog‘ida, ikkinchisi qo‘lida bo‘lgan alfozda oyoq kiyimlarini reklama qilgan.

"Toj Mahal" sathida biror bir narsani targ‘ib yoki tashviq qilish rasman taqiqlanadi.

Shu bois ham, maqbara nazoratchilari "Koinot go‘zali" va uning hamrohlari ustidan politsiyaga shikoyat qilishgan.

Oliviya Kalpo o‘tgan yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan tanlovda 88 raqibini ortda qoldirib, "Koinot Go‘zali" tojini qo‘lga kiritgandi.

Koinotning bu yilgi go‘zali esa, Rossiya poytaxti Moskvada aniqlanadi.

"Sidqidildan uzr so‘raymiz"

Image copyright ap
Image caption Aybdor, deb topilsa, "Koinot Go‘zali" jarimaga tortilishi mumkin

"Koinot Go‘zali" tashkilotchilari o‘z uzrxohliklari bitilgan bayonotlarini o‘tgan kun "Frans-Press" axborot agentligiga yo‘llashgan.

Agentlik o‘z xabarida, bayonotning "Biz "Koinot go‘zali" ishtirokida yuz bergan hodisa uchun hind xalqidan o‘tinib kechirim so‘raymiz", - degan satrlaridan iqtibos keltirgan.

Bayonot mazmunidan ayon bo‘lishicha, Oliviya Kalpo xonim muxlislari uchun video kundaliklar qilayotgan bo‘lgan.

"Biz shu rejamizning bir qismi o‘laroq foto-sessiyalarimizga homiylarimizni ham jalb qilamiz. Bu ishlarimiz tujjoriy maqsadlarni ko‘zga tutmaydi", - deyiladi ularning bayonotida.

"Biz ehtiyotsizligimiz sabab bilmasdan yetkazgan ozorimiz uchun chin dildan kechirim so‘raymiz".

Xabarlarga ko‘ra, "Koinot go‘zali" bilan birga "Toj Mahal"ga borgan hind dizaynerlaridan biriga ham ish ochilgan.

Agar, aybdor, deb topilishsa, ikkovlon jarimaga tortilishlari mumkinligi aytilmoqda.

Ayon bo‘lishicha, ular "Qadimiy obidalar va Arxeologik Sathlar to‘g‘risi"dagi qonunchilikka zid ish tutishgan.

"Toj Mahal"

Image copyright Aga Khan Trust for Culture
Image caption Boburiylar davrida yaratilgan va hozir ham o‘z go‘zalligiyu salobatini butun dunyoga ko‘z-ko‘z qilayotgan me‘moriy obidalar ozmuncha emas

Maqbarani tarixga Buyuk Mug‘o‘l imperatori sifatida ham kirgan Shoh Jahon o‘zining sevimli rafiqasi Mumtoz Mahal begim xotirasiga atab qurdirgan.

Shundoqqina Jamna daryosi bo‘yida joylashgan "Toj Mahal"ni yiliga dunyoning turli burchaklaridan kelgan millionlab odamlar ziyorat qilishadi.

Uni ba‘zan "yonoqdan oqayotgan ko‘z yoshi"ga ham qiyoslashadi.

Maqbaraga oyoq kiyimida kirish va yurish taqiqlangan.

Ammo Oliviya xonim foto-sessiyasini o‘tkazgan bog‘ida poyafzalda yurish mumkin.

Oq marmarga qimmatbaho toshlar o‘yib ishlangan "Toj Mahal" maqbarani qurish ishlari begimning o‘limidan yil o‘tib, 1632 yilda boshlanadi.

Tarixiy manbalarda "go‘zallik va zehnda tanho" bo‘lgani aytilgan malikaning 14-farzandini tug‘ish paytida dunyodan ko‘z yumgani aytiladi.

O‘zidan keyin ham dunyoning manaman, degan qanchadan-qancha me‘morlarini ilhomlantirib kelayotgan maqbara 22 yil deganda qurib bitkazilgan.

"Ustalarning qo‘lini kesib tashlagan"

Image caption O‘zbekistonning Andijonidan bo‘lgan va o‘z yurti qolib, Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solgan Zahiriddin Muhammad Boburning maqbarasi esa, Afg‘onistonning Kobul shahrida joylashgan

Ayrim manbalarda keltirilishicha, Shoh Jahon tasavvuridagi "suyuklisining jannatdagi uyi"ni yaratish uchun yigirma mingta usta kechayu kunduz ter to‘kib ishlashadi.

Xalq og‘zida yurgan rivoyatlarda esa, qaytib boshqa "Toj Mahal" qurmasliklari uchun shoh barcha ustalarning qo‘llarini kesib tashlagan ekan, deb mubolag‘a ham qilinadi.

O‘tgan yil Birlashgan Arab Amirligi Dubayda "Toj Mahal" maqbarasi nusxasini yaratish loyihasi bilan chiqqandi.

Ushbu loyihaning qiymati esa, 1 milliard AQSh dollariga baholangandi.

Boburiylarning Hind yarim orolidagi hukmdorligi uch asrdan ziyod davom etgan.

Ularning shohliklari davrida yaratilgan va hozir ham o‘z go‘zalligiyu salobatini butun dunyoga ko‘z-ko‘z qilayotgan me‘moriy obidalar birgina "Toj Mahal" bilan cheklanmaydi.

Poytaxt Dehlidagi Qizil Qal‘a va Jom‘e masjidi, Fotihpur Sekridagi Panch Mahal, Lohurdagi Jahongir maqbarasi va Shalimar bog‘i har kuni necha yuz ming sayyohlarni o‘ziga jalb etadi.