Prezident Obama Malala Yusufzay bilan uchrashdi

Image copyright Reuters
Image caption AQSh hukumati Malala Yusufzayning qiz bolalarning maktabda tahsil olish yo‘lidagi qat‘iyatini rag‘batlantirishga qaror qilgan

AQSh Prezidenti Barak Obama rafiqasi Mishel Obama hamda 15 yoshli qizi Maliya bilan birga Oq Uyda pokistonlik 16 yashar inson huquqlari faoli Malala Yusufzay bilan uchrashdi.

Prezident Obama yosh faolning qizlarning ta‘lim olishi yo‘lida "ruhlantiruvchi va ixlos bilan amalga oshirayotgan ishlari" uchun minnatdorlik bildirgan.

Oq Uy tarqatgan bayonotga ko‘ra, Amerika prezidenti tomonidan qabul qilish bilan AQSh hukumati Malala Yusufzayning qiz bolalarning maktabda tahsil olish yo‘lidagi qat‘iyatini rag‘batlantirishga qaror qilgan.

"Birinchi Ledi ta‘kidlaganidek, "Qizlarning ta‘limiga sarmoya yo‘naltirish" nafaqat o‘zimizning qizlarimiz va nabiralarimiz, balki barcha oilalar, ularning jamoatlari va mamlakatlari uchun biz qilishimiz mumkin bo‘lgan eng yaxshi narsadir", deyiladi Oq Uy bayonotida.

10 oktyabr kuni Ovro‘po parlamenti Malala Yusufzayni inson huquqlari himoyasi yo‘lidagi faoliyat uchun taqdirlanadigan Andrey Saxarov nomidagi mukofot bilan mukofotladi.

Malala Yusufzayning nomzodi 2013 yilgi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga ilgari surilgan, 11 oktyabr kuni mukofot qo‘mitasi Suriyadagi kimyoviy qurollarni yo‘q qilish bilan mashg‘ul Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotini bu mukofotga sazovor topdi.

Bir necha kun oldin esa Londonda Malalaning tarjimai holiga bag‘ishlangan kitob taqdimoti bo‘ldi.

Pokiston shimoli-g‘arbidagi Svat vodiysidan bo‘lgan qizaloq BBCning Urdu xizmatidagi blogi tufayli mashhur bo‘ldi.

2009 yilda Tolibon jangarilari Svat vodiysi ustidan nazoratni qo‘lga oldilar va qizlarning maktabga borishlarini taqiqladilar.

Malala BBCdagi anonim blogda qiz bolalarning ta‘lim olishlariga imkoniyat berilmayotgani, Tolibon nazorati ostidagi hayot haqida yoza boshladi.

Pokiston armiyasi vodiydan Tolibonni siqib chiqarganidan keyin Malala o‘zining haqiqiy ismi-sharifini oshkor etdi.

Svatda qizlar yana maktabga qatnay boshladilar.

2012 yil 9 oktyabr kuni darsdan uyga qaytayotgan paytlari Malala va boshqa sinfdoshlari o‘tirgan maktab avtobusini qurollilar to‘xtatishadi.

Jangarilardan biri Malala kim ekanini so‘raydi va unga qarata o‘q otadi.

O‘q Malalaning boshidan va bo‘ynidan o‘tib, yelkasidan chiqib ketadi.

Avtobusdagi yana ikki o‘quvchi qiz ham yaralangan.

Og‘ir ahvolda Malala Peshovar shahridagi shifoxonaga yetqaziladi.

Keyin uni Britaniyaga olib kelishdi va bu yerda jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Pokistondagi 50 nufuzli ulamo Malalani o‘ldirmoqchi bo‘lganlarni qoralab fatvo e‘lon qildilar.

Biroq Malalaning kitobi nashr qilingan kuni Pokiston Toliboni vakillaridan biri hali ham uni o‘ldirish niyatida ekanlarini mahalliy ro‘znomalardan biriga aytgan.

Hozirgi paytda Malala Britaniyaning Birmingem shahrida o‘qimoqda.