O‘zbek soliqchilari "Vimpelkom" faoliyati ustidan tekshiruv boshlaganlar

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasidagi manbalarga tayanib qator ommaviy axborot vositalarining xabar tarqatishicha, kutilmaganda O‘zbek soliqchilari "Bilayn" nomi bilan tanilgan shirkat ustidan tekshirish boshlagan.

O‘zbekistonda "Bilayn" brendi ostida "Unitel" va "Buzton" shirkatlari birlashgan.

O‘zbekistonning ushbu ikki sobiq mobil operatori ustidan nazoratni 2006 va 2008 yilda Rossiyaning "Vimpelkom" qo‘lga kiritgan.

Rossiyaning "Novosti" axborot agentligi xabar qilishicha, "tashqi manbalardan ma‘lumot olganidan keyin soliq xizmati qo‘shimcha tekshirish boshlagan, bu tekshirish oktyabr oyining oxirigacha davom etishi mumkin.

O‘zbek soliqchilari mobil aloqa shirkati haqida tashqi manbalaridan qanday ma‘lumot olgani tafsiloti oshkor etilmagan.

Jurnalistlar "Unitel" shirkatiga murojaat qilganida, shirkatdagilar rasmiy sharhdan bosh tortganlar.

O‘zbekistondagi hukumat doiralarida o‘z manbalariga ega Uzmetronom.com web-saytining xabar qilishicha, O‘zbekiston Oliq qo‘mitasidan oldin "Unitel" shirkatining faoliyatini O‘zbekiston Aloqa qo‘mitasi tekshirgan.

Uzmetronom.com yozishicha, O‘zbekistonda MTS shirkati faoliyati to‘xtatilganidan keyin MTSning raqiblaridan biri bo‘lgan "Unitel" aloqa signallarini uzatish uchun 460 ta yangi baza stantsiyasi tashkil qilgan.

Biroq O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasi yangi bazalarni ishga tushirishga ruxsat bermagan.

"Vimpelkom" Rossiyadagi yirik mobil aloqa shirkatlaridan biri hisoblanadi.

"Vimpelkom" ma‘lumotiga ko‘ra, jahonning 17 mamlakatida 753 million mijozga ega.

Shu yil sentyabridan shirkatning VIP deb nomlangan hissalari NASDAQ aktsiya bozoriga savdo chiqarilgan.