Islom Karimovning "qarindoshi" hibsga olindi

BBCning manba‘lariga ko‘ra, Akbarali Abdullayev ko‘proq Gulnora Karimova bilan yaqin aloqada bo‘lgan Image copyright none
Image caption Ishonilishicha, Akbarali Abdullayev ko‘proq Gulnora Karimova bilan yaqin aloqada bo‘lgan

BBCning Farg‘onadagi manba‘siga ko‘ra oktyabr boshlarida xavfsizlik xodimlari yirik tadbirkor Akbar Abdullayevni qo‘lga olishgan.

Akbar Abdullayev Prezident Islom Karimovning rafiqasiga jiyan bo‘ladi.

Abdullayevning hibsga olinishi haqida birinchi bo‘lib UZNEWS.net xabar bergan edi.

Bu nashrning xabariga ko‘ra, Farg‘ona shahri prokuraturasi Akbar Abdullayevga 164 "Davlat mulkini talon-taroj qilish" hamda 184 "Soliqlardan bosh tortish" moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochgan. So‘ng bu ish O‘zbekiston Bosh Prokuraturasiga jo‘natilgach, u yerda yana 210 modda bo‘yicha poraxo‘rlik aybi ham qo‘shilgan.

Ishonilishicha, Akbar Abdullayev bir necha yillar davomida Farg‘ona viloyatida joylashgan yirik sanoat inshootlar ustidan nazoratni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lgan.

Ular orasida Farg‘ona neft ishlab chiqarish zavodi ham bo‘lgani aytilmoqda.

Farg‘onadagi ishonchli manba‘ga ko‘ra, bu zavodda 2012 yil yozida qonunga xilof ravishda sodir bo‘lgan amaliyotlarni tekshirish uchun jinoiy ish ochilgandi.

Ushbu tekshiruvlar natijasida zavod bilan bog‘liq bir necha mulozim hibsga olingan. O‘tgan yili Akbar Abdullayev ham qo‘lga olinib, keyinchalik qo‘yib yuborilgandi.

Abdullayevning faoliyati borasida ommaga ko‘p narsa oshkor bo‘lmasa-da, u Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimovaning singlisi Tamara Akbarovnaning o‘g‘li ekani hammaga ma‘lum edi.

So‘nggi yillarda uni Prezidentning merosxo‘ri bo‘lishi ehtimollari haqida ham taxminlar tarqalgandi.

Biroq, ishonilishicha, u ko‘proq Gulnora Karimova bilan yaqin aloqadagi shaxslar doirasida bo‘lgan.

Abdullayev Gulnoraning xayriya tadbirlarida ishtirok etib borgani aytiladi.

Akbar Abdullayevning qo‘lga olinishi Karimova xonimning ta‘siri kamayib borayotganidan dalolat berishi mumkin.

Bundan oldin Nirvana tarmog‘ida qattiq monopoliyani o‘rnatgan va Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan aka-uka Madumarovlarga ham qarshi reydlar o‘tkazilgandi.

Ular Gulnora Karimova va Toshkent elitasi orasida nufuzi baland deya ko‘rilgan.