Osiyo Kubogi 2015: O‘zbekiston 3-1 Vetnam

O‘zbekiston Sobiq Bosh murabbiysi Vadim Abramov Osiyo Kubogiga chiqishi uchun Vetnamni yengishi shart deb bilgan o‘yinda O‘zbekiston milliy terma jamoasi 3:1 hisobi bilan g‘alaba qozondi. O‘yin tugadi.

2015 yilgi Osiyo Kubogi guruh bosqich saralash bellashuvlarining Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan 3-tur uchrashuvining 1-bo‘limida hisob ochilmadi.

Mehmon vetnamliklar 70-daqiqagacha o‘yinda hisobni tutib turishga muvaffaq bo‘lishdi.

Faqat 70-daqiqaga kelibgina O‘zbekiston raqiblariga qarshiligini yengishga muvaffaq bo‘ldi. Sardor Rashidov ilk to‘p muallifiga aylandi.

Oradan bor-yo‘g‘i 4 daqiqa o‘tib, Aleksandr Geynrix jamoasini yanada oldinga olib chiqdi: 2-0.

Ammo 79-daqiqada mezbonlar o‘yinchisi Xoang o‘yinda hisobni bittaga qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi.

Hakam 2-bo‘limga uch daqiqa qo‘shib berdi. Qo‘shimcha vaqtning ilk daqiqasidayoq Igor Sergeyev hisobni 3:1 ga yetkazdi.

Agar, bugungi o‘yinda g‘alaba qozonmasa, O‘zbekistonning 2015 yilgi Osiyo Kubogiga chiqish-chiqmasligi guruhdagi qolgan raqiblariga bog‘liq bo‘lib qolardi.

Jamoa uchun muhim bo‘lgan uchrashuv Toshkentning markaziy "Paxtakor" stadionida bo‘lib o‘tdi va mahalliy vaqt bilan kechki soat 18:00 da boshlandi.

O‘zbekiston 3 o‘yindan 4 ochko to‘plagan holda kiritilgan to‘plar hisobidagi farq bilan "E" guruhida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.

"E" guruhining seshanba kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi uchrashuvida guruh peshqadami Birlashgan Arab Amirliklari Gongkongni yirik: 0:4 hisobida mag‘lub etdi.

Guruhda Birlashgan Arab Amirliklaridan keyin ikkinchi o‘rinni egallab turgan Gongkong o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchradi va uchinchi o‘ringa tushib qoldi.

O‘zbekiston guruh bosqich saralash bellashuvlarining dastlabki ikki uchrashuvida Birlashgan Arab Amirliklaridan yengilgan va Gongkong bilan durang o‘ynagandi.

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, milliy terma jamoa 2011 yil Qatarda bo‘lib o‘tgan so‘nggi Osiyo Kubogi o‘yinlarining yarim finaligacha ko‘tarilib, tarixiy natija qayd etgan va qit‘aning eng kuchli to‘rtta jamoasidan biriga aylangandi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining amaldagi Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov bugun maydonga faqat g‘alaba uchun tushishlarini aytgandi.

Uning Qozog‘iston orqali Toshkentga kelib, yo‘lda biroz qiynalganliklarini aytgan vetnamlik hamkasbi ham, o‘z yurtlariga "yaxshi natija bilan qaytishni maqsad qilganliklari"ni bayon qilgandi.

O‘zbekiston 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini butkul boy berganidan ikki oycha o‘tib, Osiyo Kubogi guruh bosqich saralash uchrashuvlarining navbatdagisini o‘tkazdi.

Guruh bosqich saralash bellashuvlarining dastlabki ikki uchrashuvini birdek yutqazgan Vetnam Toshkentdagi o‘yini oldidan o‘tkazgan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida Qatarni yengishga muvaffaq bo‘lgandi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa, biror bir xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvisiz maydonga tushgandi.

Biz 2011 yilda Qatarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan tarixiy yutuqqa erishgan sobiq Bosh murabbiysi Vadim Abramovdan eng Vetnamga qarshi o‘yinning ahamiyati haqida so‘radik:

Vadim Abramov: Vetnamga qarshi uchrashuvning ahamiyati shundaki, agar biz g‘olib chiqmasak, 2015 yilgi Osiyo Kubogiga chiqishimiz qiyin bo‘ladi. Agar, jahon chempionatiga ham chiqa olmaganimiz nazarda tutilsa, keyingi rasmiy o‘yinlarimiz faqat ikki yildan keyingina bo‘lishi mumkin. Chunki O‘zbekiston milliy terma jamoasi Vetnamni yenga olmasa, Osiyo Kubogiga chiqish-chiqmasligi guruhdagi qolgan raqiblariga bog‘liq bo‘lib qoladi. Bunday bo‘lmasligi uchun esa, jamoa nafaqat bugun Vetnamni mag‘lub etishi, balki qolgan javob uchrashuvlarida ham g‘alaba qozonishi lozim bo‘ladi. Chunki hozir hisobimizda bor-yo‘g‘i bitta ochko bor, xolos.

BBC: Sizning nazaringizda nima uchun bunday bo‘ldi? Nega O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruh bosqich saralash bellashuvlarining dastlabki ikki uchrashuvidan bor-yo‘g‘i 1 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi?

Vadim Abramov: Buni sharhlash men uchun qiyin. Bu savolni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyidan so‘rash kerak. Chunki chetdan turib, buning sababini aytish menga mushkul. Agar, har ikki o‘yinda ham g‘alaba qozonishsa, albatta, hisoblaridagi ochko ham oltita bo‘lgan bo‘lardi.

BBC: Sizga milliy terma jamoa ham, Bosh murabbiy ham yaxshi ma‘lum. Agar, rostini aytadigan bo‘lsak, o‘zbekistonlik futbolchilarning Vetnamga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

Vadim Abramov: Raqibni hurmat qilgan holda shuni aytishim kerakki, Vetnamdek raqibni O‘zbekiston milliy terma jamoasi yengishi shart. Chunki Vetnamda hech qanday shans yo‘q, nazarimda. Agar shunda ham ularni mag‘lub eta olmasak, u holda, bilmadim.

BBC: Lekin, Vadim aka, Vetnam yaqinda o‘tkazgan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida Qatarni yengishga muvaffaq bo‘ldi. Bu sizni qo‘rqitmayaptimi?

Vadim Abramov: Yo‘q. Gap shundaki, avval ham sizga aytganimdek, Qatar milliy terma jamoasi hozir ko‘plab muammolarga to‘qnash kelib turibdi. Bosh murabbiysining tayini yo‘q. Qisqa vaqtning ichida besh bor Bosh murabbiysi almashdi. Bu - yaxshilikka olib kelmaydi. Hozirgi jamoa, deylik, avvalgisidan farq qiladi. Futbolchilari o‘sha-o‘sha bo‘lishi mumkin. Ammo jamoaviy o‘yinini yo‘qotgan. Milliy terma jamoaning ham, futbolchilarning ham o‘yinga munosabatlari butkul boshqacha. Bu shundoq ko‘rinib turadi. Baribir, hammasi Bosh murabbiyga bog‘liq. Bosh murabbiysi yaxshi bo‘lsa, Qatar ham shunga yarasha natija ko‘rsatgan bo‘lardi. Demoqchimanki, Vetnamning Qatarni yengani hali hech narsani anglatmaydi. Chunki bu - o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lgan. Raqibni hurmat qilgan holda, shuni aytishim kerakki, Vetnam, baribir, Vetnam.

BBC: Toshkentdagi uchrashuv oldidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov yosh futbolchilarni ham sinab ko‘rish rejasida ekanini aytdi. Sizningcha, Vetnamga qarshi uchrashuvning qanchalik muhimligi nazarda tutilsa, bu kabi yondashuv o‘zini qanchalik oqlashi mumkin?

Vadim Abramov: Balkim, Bosh murabbiy yosh futbolchilarning imkoniyatlarini yaxshiroq bilar. Balki bekorga aytmayotgandir. Chunki o‘sha yosh o‘yinchilarni kattaroqlaridan kuchli, deb hisoblar. Lekin, yosh futbolchilarni hurmat qilgan holda shuni aytishim ham kerakki, milliy terma jamoa tajriba qilib ko‘riladigan jamoa emas. Men har doim aytganman: Tajribalarni o‘rtoqlik uchrashuvlarida qilib ko‘rish kerak. Chunki o‘rtoqlik uchrashuvlari shu maqsadda o‘tkaziladi. Rasmiy o‘yinlarda eng avvalo natija muhim hisoblanadi. Buning uchun esa, ana shu natijani qayd eta oladigan futbolchilar lozim bo‘ladi. Agar, Bosh murabbiy yosh o‘yinchilarni bunga qodir deb o‘ylasa, yaxshi. Chunki, hech qachon futbolchilarning pasportlariga qaramaslik kerak. Milliy terma jamoada hozirgi kunda kuchli bo‘lgan futbolchilar to‘p surishlari lozim. Yoshidan qat‘inazar, yaxshi formada bo‘lsa, bo‘ldi.

BBC: Vadim aka, hozir o‘z guruhida ikkita o‘yindan 1 ochko to‘plab, uchinchi o‘rinni egallab turgani nazarda tutilsa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi keyingi bosqichga chiqa olarmikan?

Vadim Abramov: Gapning rostini aytsam, keyingi bosqichga chiqa olmasligimizni tasavvur ham qila olmayman. Chunki, guruhdagi barcha raqiblarimizni bemalol yenga olish mumkin va mag‘lub etishimiz ham shart. Gongkong, Vetnam....Guruhdan bor-yo‘g‘i ikkita milliy terma jamoa chiqadi. Bilmadim, agar, shu kabi guruhdan chiqa olmasak, yana nima haqida gapirish mumkin?...

BBC: Vadim aka, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2011 yilgi Osiyo Kubogining yarim finaliga chiqib, tarixiy natija qayd etgandi. Jamoaning bugungi imkoniyatlaridan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bu galgisida nimaga qodir bo‘lishi mumkin?

Vadim Abramov: Qatarda biz o‘z oldimizga yuksakroq natija qo‘ygan, Osiyo Kubogining kamida chorak finaliga chiqishni maqsad qilgan edik. Va bunga muvaffaq bo‘lgandik. Bunaqasi bir marta bo‘ladi. Babiribir, bilasizmi, chetdan qaraganda jamoaning nimaga qodir-qodir emasligi ko‘rinib turadi. Istagan hamma narsangizga erishishingiz ham mumkin bo‘ladi. Futbolchilarning maydonda qanday o‘yin ko‘rsatayotganlaridan buni bilsa biladi. Yaxshi o‘yin ko‘rsatsangiz, odamlar ham tomosha qilgani borishadi. Tomoshabinlarning soniga qarab, milliy terma jamoaning o‘yiniga baho bersa bo‘ladi. Jamoa yaxshi o‘ynasa, stadion ham odamlarga to‘lib-toshadi. Aks holda, yo‘q. Futbol - tomoshabinlar uchun. Futbol - odamlar kelib, mazza qilib tomosha qilishni istovchi bir spektakl.

Osiyo Kubogi

2015 yilgi Osiyo Kubogi o‘yinlari O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun oltinchisi bo‘ladi.

Jamoa o‘z tarixida turnirning ikki bor chorak va bir marotaba yarim final bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi o‘yinlarida qayd etgan eng yuksak natija esa, 2011 yilga to‘g‘ri keladi.

Qatarda bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda O‘zbekiston chorak finalda Iordaniyani mag‘lub etib, finalga chiqish uchun Avstraliyaga qarshi to‘p surgan, biroq ashaddiy raqiblaridan 0:6 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi.

Bu - ham O‘zbekiston va ham Avstraliya milliy terma jamoasining o‘z tarixlarida ilk bor Osiyo Kubogining yarim finaliga chiqishlari edi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘shanda o‘z guruhida ikkinchi o‘rinni olib, 2011 yilgi Osiyo Kubogining yakuniy bosqich bellashuvlarida to‘p surish huquqini qo‘lga kiritgandi.

Ular o‘yinlarning ochilish uchrashuvida mezbon Qatarni, keyin boyvachcha Quvaytni yengib, Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lgan Xitoy bilan durang hisobiga erishishga muvaffaq bo‘lishgandi.

O‘zbekistonlik futbolchilar o‘zlarining hujumkor o‘yinlari bilan Qatarda nafaqat finalda to‘p surish, balki Osiyo Kubogini qo‘lga kiritishga ham haqli ravishda da‘vogarlik qilishgandi.

Ammo final uchrashuvida avstraliyalik raqiblarini 0:1 hisobida mag‘lub etgan Yaponiya o‘z tarixida to‘rtinchi bor Osiyo Kubogini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgandi.

O‘zbekistonlik futbolchilarning guruh bosqich saralash bellashuvlari 6 fevraldan 2014 yilning 5 martiga qadar davom etadi.

2015 yilgi Osiyo Kubogi bahslariga Avstraliya mezbonlik qiladi.