Biryulevodagi qotillikda ozarbayjonlik shaxs ayblanmoqda

Qotillik sahnasi Image copyright RIA Novosti
Image caption Yegor Shcherbakovning o‘ldirilishi ommaviy tartibsizlikka yetaklagandi

Moskva politsiyasiga ko‘ra, Biryulevo tumanida 25 yoshli Yegor Shcherbakovning o‘ldirishga mas‘ul ko‘rilgan shaxs kimligini aniqlashga muvaffaq bo‘lingan.

"Bu 1982 yil tug‘ilgan ozarbayjonlik O‘rxan Zeynalov Zoxid o‘g‘li", - deya ma‘lum qilgan poytaxt militsiya xizmati matbuot xizmati.

Odamlarga u bilan yuzlashishda ehtiyot bo‘lish va u bilan muloqot qilmaslik maslahat berilgan.

Aytilishicha, asli Ozarbayjondan bo‘lgan ushbu shaxs Moskvada 10 yildan ortiqroq vaqtdan beri yashab kelgan.

Qotillik Biryulevo ko‘chalarida millatchilik ruhidagi ommaviy tartibsizliklarga yetaklagandi.

Norozilik chiqishi ishtirokchilari bu ishga mas‘ul qofqozlik mehnat muhojiri ekaniga ishonch bildirishgandi.

Yakshanba kuni g‘azabnok olamon savdo markazini ag‘dar-to‘ntar qilgan, sabzavotlar saqlanadigan omborxonaga bostirib kirib, mehnat muhojirlarini izlagan. Ular "Rossiya ruslar uchun" degan shiorlarni aytib qichqirishgan.

Ular nafaqat mehnat muhojirlari, mahalliy rasmiylarga ham g‘azab izhor qilishgan. Mulozimlar korruptsiyaga botganlik va noqonuniy muhojirlarning Moskvaga yurishlariga izn berganlikda ayblangan.

Image copyright Reuters
Image caption Sabzavot bozoriga reyd...

Tartibsizliklarni bostirish payti norozi odamlar politsiya bilan ham to‘qnashishgan.

Zo‘ravonliklarda 5 politsiya xodimi yaralangandi.

Bir kun o‘tib, Moskva politsiyasi Biryulevodagi sabzavot bozoriga reyd o‘tkazgan, 400ga yaqin odamni hibs qilgandi.

Reyd noqonuniy muhojirlikka qarshi sa‘y-harakatlar sifatida izohlangan. Politsiya sabzavot bozoridan yana 1200 nafar muhojirni ushlab ketgan.

"Masalaga jiddiy qaralayotganini ko‘rsatish uchun dushanba kuni Moskva politsiyasi 1600dan ortiq mehnat muhojirini hibs qildi. Rossiya televideniyesi qo‘lga olinganlarni qatorga tizib, qo‘llari orqaga qilingan holatda namoyish etdi", deya xabar qiladi BBC muxbiri.

Hozir Biryulevodagi bozor yopiq qolmoqda.