Sankt-Peterburgda "qalbaki pul tayyorlagan" o‘zbekistonliklar ushlandi

Image caption O‘zbekistonliklar 5 ming rubllik soxta kupyuralarni terminal va bankomatlar orqali o‘tkazish bilan shug‘ullanganliklari aytiladi

Rossiya Ichki ishlar vazirligining xabar berishicha, politsiya va xavfsizlik xodimlari Sankt-Peterburgning "Pulkovo" aeroportida soxta pullarni o‘tkazishga uringan 7 nafar o‘zbekistonlikni qo‘lga olganlar.

Vazirlik web sahifasi orqali tarqatilgan xabarda aytilishicha, tutilgan shaxslar "besh minglik qalbaki pullarni bankomatlar va to‘lov terminallari orqali" o‘tkazganlikda gumon qilinmoqdalar.

"Shu tariqa jinoyatkorlar oxirgi ikki hafta ichida Moskvada 8,5 million qalbaki rublni o‘tkazganlar", - deyiladi xabarda.

Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, soxta pullar printerda chop etilgan va asl nusxalaridan keskin farq qiladi, biroq terminallarga o‘rnatilgan programmalar orqali soxta pullarni aniqlash imkonsiz bo‘lgan.

Soxta pullarni o‘tkazish bilan shug‘ullangan shaxslar Moskvadan Sankt-Peterburgga o‘tganlar va u yerda qisqa vaqt ichida 1,5 million soxta pullarni "pullash"ga muvaffaq bo‘lganlar.

O‘zbekistonliklarga nisbatan Rossiya jinoyat kodeksining "qalbaki pullar yoki qimmatbaho qog‘ozlarni tayyorlash, saqlash, tashish yoki o‘tkazish" bandi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Mahkama qo‘lga olinganlarning uch nafarini hibsda saqlash qarorini chiqargan.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi ayni ish bo‘yicha qidiruv ishlari hamon davom etayotganini ma‘lum qilgan.

Yetkazilgan zarar miqdori hozirga qadar oshkor etilmagan.

Soxta pul tayyorlash va uni muomalaga kiritish Rossiyada og‘ir jinoyatlar sirasiga kiritilgan.

Rossiya Jinoyat kodeksining 186 moddasiga muvofiq, ayni jinoyat turida aybdor deb topilgan shaxslar 15 yilga qadar ozodlikdan mahrum etilishlari mumkin.