Amnesty International: "Biryulevoda 1200 muhojirning ushlanishi noqonunuiy va kamsituvchi amal"

Image copyright Amnesty International

Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkiloti Amnesty International o‘z bayonotida Moskvaning Biryulevo mavzesidagi tartibsizliklardan so‘ng 14 oktyabr kuni 1200 nafar mehnat muhojirining ushlanishini "noqonunuiy va kamsituvchi amal" deya ta‘rifladi.

"Biryulevoda, aytilishicha, Ozarbayjonlik bo‘lgan shaxsning qotilikka qo‘l urushi oqibatida muhojirlarga qarshi namoyish va zo‘ravonliklar boshlanib ketgandi", deyiladi bayonotda.

"Rossiya politsiyasining bir qotilni izlash jarayonida yoppasiga mingdan ortiq muhojirni ushlashi o‘ta kamsituvchi va aniqki noqonunuiy amaldir. Shunisi ayonki bu amal asosli qonunuiy sabadan ko‘ra, boshqalarga "bir ko‘rsatib qo‘yish" uchun qilingan. Politsiyaning bu kabi amali jamiyatda mavjud irqchilik kayfiyatlarini urchitib, yanada qo‘zg‘atadi", dedi Amnesty International ning Rossiya bo‘yicha vakili Denis Krivosheyev.

Tashkilotga ko‘ra, hibsga olinganlarning ba‘zilari hozirda qo‘yib yuborilgan, lekin boshqalari hanuz hibs ostida va ba‘zilarini deportatsiya qilish xavfi bor.

"Rossiya rasmiylari muhojirlarga nisbatan nafratga asoslangan jinoyatlarga qarshi kurashib, mamlakatda o‘sib borayotgan irqchilik muammosini hal qilishlari lozim. Siyosiy maqsadlarda irqchi bayonotlardan foydalanish ham jamiyatga noto‘g‘ri tasavvur beradi", deydi Denis Krivosheyev.

Amnesty International ga ko‘ra, Moskvada o‘zgalarga nisbatan toqatsizlik shu darajadaki, o‘tgan oy shahar hokimi uchun saylovlar davrida hukumatparast nomzod Sergey Sobyaning va uning raqibi Aleksey Navalniy ikkisi ham o‘z targ‘ibotlarining asosiy nuqtasi sifatida muhojirlarga qarshi siyosatni tanlagandilar.