London ajoyibotlari: Hayvonot bog‘ida tug‘ilgan yo‘lbarscha cho‘kib ketdi

Image copyright PA
Image caption London hayvonot bog‘ida oxirgi 17 yil mobaynida birinchi bor yo‘lbarscha 22 sentyabr kuni tug‘ilgandi

London hayvonot bog‘i rahbariyatining tasdiqlashicha, ko‘p yillardan beri birinchi bor tutqinlikda olamga kelgan sumatra yo‘lbarschasi suvga cho‘kib, halok bo‘lgan.

Yo‘lbarscha shu yil 22 sentyabr kuni tug‘ilgandi. Bu London hayvonot bog‘ida oxirgi 17 yil mobaynida birinchi bor yo‘lbars modasining ko‘zi yorishi edi.

Lekin o‘tgan shanba kuni bog‘ xodimlari qafas ichida o‘rnatilgan kameralarda yo‘lbarschaning ko‘rinmay qolganligini bilib qolishdi.

Qafas tekshirilgan vaqtda yo‘lbarschaning jasadi u yerdagi hovuz bo‘yidan topildi.

Tibbiy ekspertiza natijasida uning suvga cho‘kib o‘lganligi aniqlandi.

Ishonlishicha yo‘lbarschani onasi uyadan olib chiqqan. Uning qanday qilib hovuz bo‘yiga borib qolgani noma‘lum, chunki u hudud kameralar nazaridan tashqarida.

Yo‘lbars qafasi va uning atrofidagi hudud yaqinda hayvonot bog‘i tomonidan ataylab yo‘lbarslarning ko‘payishiga imkon yaratish uchun qayta ishlab chiqilgandi.

Qafasdagi yo‘lbarsning homilador ekanligi uni ortiqcha bezovta qilmasliklari uchun uzoq vaqt sir saqlandi va yashirin kameralar orqali kuzatib turildi.

Cho‘kib ketgan yo‘lbarschaning jinsi hali aniqlanmagandi va ism ham qo‘yilmagandi.

Hayvonot bog‘i xodimlarining aytishlaricha, ular hodisadan chuqur iztirobdalar.

Ular yangi ona va uning yo‘lbarschasini bezovta qilmaslik uchun yon-atrofdagi hech nimani o‘zgartirmaslikka qaror qilishgandi.