Navalnyning qamoq jazosi bekor qilindi, aybi kuchda qoldi

Image copyright Reuters
Image caption Navalny siyosiy faoliyatini davom ettirishini aytdi

Rossiyada apellyatsion mahkama muxolifat rahbari Aleksey Navalnyni katta miqdorda pul o‘g‘irlashda aybdor deb topgan avvalgi mahkama qarorini kuchda qoldirgan, biroq uning qamoq jazosini shartli jazoga o‘zgartirgan.

Navalny mahkama zalidan ozod qilingan.

Biroq, uning aybdor deb topilishi kelgusi prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodligini qo‘yishiga to‘siq bo‘lishi mumkin.

Navalny iyulda besh yillik qamoq jazosiga hukm etilib, apellyatsiyasigacha ozodlikka chiqarilgandi.

U Kirov viloyati gubernatoriga maslahatchi bo‘lib ishlagan davrida pullarni o‘zlashtirganini rad etadi.

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, jinoiy aybdor deb topilgan fuqaro davlat idorasiga saylana olmaydi. Navalny bir necha bor 2018 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish niyati borligini bildirgan.

Navalny hukumatni uni siyosiy qarashlari uchun aybdor deb topganlikda aybladi, va siyosiy faoliyatini davom ettirishini aytdi. U, shuningdek, mahkama qarori ustidan shikoyat qilishini bildirdi.

Apellyatsiya mahkama ishigacha ozodlikda bo‘lgan Navalny Moskva hokimi saylovlarida o‘z nomzodligini ilgari surgan va 27 foiz ovoz yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan.

Moskvadagi BBC muhbiri Stiv Rozenbergga ko‘ra, hukumat qamoq jazosi Navalny siyosiy shahidga aylantiradi va tarafdorlari sonini oshiradi degan havotirda bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Moskva hokimligi saylovoldi kampaniyasida Aleksey Navalny oddiy aholining havotirlariga quloq sola oladigan, va ayniqsa mehnat muhojirlaridan Rossiyani tozalaydigan siyosatchi sifatida o‘zini namoyon qildi.

U o‘z chiqishlaridan birida aytishicha, tojik erkaklarining 40 foizi Moskvada, 50 foiz og‘ir jinoyatlarni muhojirlar sodir etayapti, rus ayollari esa uylaridan chiqishga qo‘rqadilar.

Your contact details
Disclaimer